MELODIK URGʻU – ayn. Musiqiy urgʻu.
MA’NO KENGAYISHI Tarixiy taraqqiyot jarayonida ma’no hajmining kengayishi, leksik ma’noning avvalgisiga nisbatan kengroq voqelikni bildirishi. Masalan, oʻq so‘zi eng avval kamonning oʻqini bildirgan, hozirda esa har qanday quroldan otiladigan oʻqni bildiradi.
MA’NO NOZIKLIGI Soʻzning leksik ma’nosidagi umumiy qismdan tashqari, har biriga xos boʻlgan farqli belgi-xususiyatlar. Masalan, vazifa, burch soʻzlari bir xil ma’noga (zimmadagi ish-majburiyat ma’nosiga) ega boʻlgani holda, burch soʻzida «muhim», «mas’uliyatli» (vazifa) ifodasi bor. Kasal, betob soʻzlaridan kasal leksemasi inson va boshqa jonli narsalarga nisbatan qoʻllagani holda (kasal odam, kasal quyon), betob leksemaning faqat insonga nisbatan qoʻllanishi.
MA’NO TORAYISHI Tarixiy taraqqiyot jarayonida leksema ma’nosi hajmi (koʻlami)ning torayishi; leksik ma’noning avvalgiga nisbatan torroq voqelikni bildirishi. Masalan, umuman hayvon ma’nosidagi yilqi soʻzining hozirda faqat otni bildirishi.
MA’NO URGUSI – q. Mantiqiy urgʻu.
MA’NOSIZLANISH Soʻzning oʻz lugʻaviy ma’nosini yo‘qotishi. Masalan, bugun majlis bo‘ladi gapi bilan xom meva taxir boʻladi gapidagi boʻl fe’lini qiyoslang: birinchi gapda mustaqil fe’l, ikkinchi gapda esa lugʻaviy ma’nosini yoʻqotib, yordamchiga aylangan (ma’nosizlanishga uchragan) fe’l qatnashgan.
MAHALLIY DIALEKT Ishlatilishi ma’lum hudud bilan chegaralangan dialekt: Xorazm dialekti. Toshkent dialekti. Mahalliy dialektlar sheva va lahja holatida boʻladi.
MAHSULDOR QO‘SHIMCHALAR – ayn. Mahsulli qo‘shimchalar.
MAJHUL FE’L – q. Majhul nisbat.
MAJHUL NISBAT Asosiy e’tiborni harakatni bajaruvchiga emas, balki obyekt bilan harakatning oʻziga qaratuvchi nisbat. Bu nisbat shakli -(i)l, -(i)n qo‘shimchalari yordamida yasaladi: keltirildi, tozalandi kabi. Bu shakl obyektsiz (oʻtimsiz) fe’llardan yasalganda, shaxssizlik ma’nosi ifodalanadi: borildi, oʻtildi, qochildi kabi.
MAJHUL TUZILMA – q. Nofaol tuzilma.
MAJOZ Mavhum tushuncha yoki gʻoyalarni aniq obraz orqali ifodalash. Masalan, boʻri soʻzining yomoklik (yovuzlik), ochkoʻzlik ifodasi uchun, tulki soʻzining ayyorlik ifodasi uchun qoʻllanishi.
Do'stlaringiz bilan baham: |