MAQSAD RAVISHI Ish-harakatning qanday maqsad bilan bajarilishini bildiruvchi ravish: ataylab, qasddan kabi: Qoratoy bilan O‘roz yigitni avaylab koʻtarib, ushlanib qolmaslik uchun joʻrttaga xalq ichiga shoʻngʻidi. (Oybek)
MASHINA TARJIMASI Matn (tekst)ni berilgan dastur asosida elektron mashinalar yordamida bir tildan ikkinchi tilga avtomatik tarjima qilish.
MATAL Hayotiy voqelikni ixcham shaklda emotsional-ekspressiv baho bilan tasvirlovchi ifodalar. Matallar nutqda hukmning qismi vazifasida boʻlishi, hamma vaqt koʻchma ma’no anglatishi kabi xususiyatlari bilan maqollardan farqlanadi: Tuyaning dumi yerga tekkanda.
MATN Yozuv orqali aks ettirilgan o‘zaro mazmunan bog‘langan ikki yoki undan ortiq gap.
MATNIY SINONIMLAR Nutqiy matn asosida belgilanadigan sinonimlar. Masalan, shirin so‘zi shirin uyqu birikmasida yoqimli so‘ziga matniy sinonim. Biroq paradigmatik darajada bu so‘zlar sinonim emas.
MATNIY MA’NO Soʻzning nutqiy matnga bogʻliq holda hosil boʻladigan (yuzaga chiqadigan) ma’nosi. Masalan, jarohat, quturmoq soʻzlarining quyidagi nutq parchalaridagi ma’nosi matniy ma’no hisoblanadi: Shoh qilib qo‘ygan ishidan pushaymonlgini so‘zlab, bu jarohat o‘lgunicha ko‘ksidan ketmasligini aytdi. (“Lochinning o‘limi” ertagidan) Quturgan dushman askarlarining suroni quloqlarni qomatga keltiradi. (M. Osim)
Do'stlaringiz bilan baham: |