R
RADIF (ar. otning orqasiga ergashib, mingashib keluvchi, izma-iz boruvchi) Mumtoz lirikadagi she’r unsurlaridan biri, she’r davomida barcha bayt (yoki misra)-lar oxirida qofiyadan so‘ng aynan takrorlanib keluvchi so‘z, so‘z birikmasi. Masalan, Boburning
Kim ko‘rubtur, ey ko‘ngul, ahli jahondin yaxshilig‘,
Kimki ondin yaxshi yo‘q, ko‘z tutma ondin yaxshilig‘
matla’sida “jahondin”, “ondin” juftligi qofiyani hosil qilsa, ulardan keyin takrorlanib kelayotgan “yaxshilig‘” so‘zi radif bo‘lib, u g‘azaldagi keyingi barcha baytlarning ikkinchi misrasida “jahondin-ondin” juftligi bilan qofiyadosh so‘zlardan keyin takrorlanadi.
RAMZ (ar. imo, ishora, imlash) Simvol; ko‘chim turlaridan biri, faqat shartli ravishda va shu matn doirsida ko‘chma ma’no kasb etuvchi so‘z yoki so‘z birikmasi; obrazlilik turi. Ramz mohiyatan allegoriyaga yaqin, undan farqi shuki ramz kon–tekst doirasida ham o‘z ma’nosida, ham ko‘chma ma’noda qo‘llanadi. Ramzning tabiatini Rauf Parfi she’ridan olingan quyidagi parcha misolida ko‘rish mumkin:
Yana keldim mahzun go‘shaga,
Bunda bir nay yotibdi sinib.
Qo‘y, sig‘inma o‘shanga,
Qo‘y, sig‘inma unga sevgilim…
parchadagi “singan nay” ramzdir. Mazkur ramzni o‘z ma’nosida ham (ya’ni garchi notabiiy ko‘rinsa-da, o‘sha go‘shada singan nay yotibdi, ma’nosida), lirik qahramonning yo‘qotilgan hislari, armonga aylangan orzulari ma’nosida ham tushunish mumkin. Keyingi holda “singan nay”ni ramz sifatida qabul qilgan bo‘lamiz.
Yoki, A.Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidan olingan quyidagi :
Ko‘rdilar o‘zni qayonkim tushti ko‘z,
Olloh-olloh ne ajoyibdur bu so‘z.
Kim qilur Simurg‘ o‘ttiz qush havas,
O‘zlarin ko‘rdilar ul si murg‘u bas.
Misralarida Simurg‘- Haqqa yetish, hamda shu asardagi Hudhud-shayx, murshid, qushlar-muridlar, kishilar ma’nosida ramz bo‘lib kelgan.
REALISTIK Realizm tamoyillariga asoslangan, realizmga xos. Realistik asar. Hayotni realistik aks ettirmoq.
Do'stlaringiz bilan baham: |