Bilim sohasi: 300000- ijtimoiy fanlar, jurnalistika va axborot Ta’lim sohasi


Platonda falsafa muammolari matematik modellar yordamida hal qilishga harakat qilingan bo‘lsa, Aristotel ob’ektlarni bilishda biologik metodlardan foydalandi


Download 1.38 Mb.
bet13/143
Sana14.12.2022
Hajmi1.38 Mb.
#1002704
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   143
Bog'liq
1 CHI KURS UCHUN PSIX TARIX G YUNUSOVA MAJMUASI 2022

Platonda falsafa muammolari matematik modellar yordamida hal qilishga harakat qilingan bo‘lsa, Aristotel ob’ektlarni bilishda biologik metodlardan foydalandi. Antik materializmning cho‘qqisi Demokrit ta’limoti edi. Aristotel o‘z ta’limotida jonni talqin qilishda Demokrit ta’limotida ko‘zga tashlangan barcha cheklanishlarni bartaraf qila oldi. Lekin Aristotel ilmiy qarashlarining shakllanishida Platon g‘oyalarining ahamiyatini aslo kamsitib bo‘lmaydi. Aristotel o‘zidan oldingi falsafiy-psixologik g‘oyalarni mantiqiy sintez qilibgina qolmay, ekologik, embriologik, qiyosiy-anatomik, zoologik faktlar asosida qurilgan o‘z ta’limotida yangi faktlarni tabiatshunoslik materiallari asosida ishlab chiqdi. Ma’lumki, Aristotel buyuk jahongir Aleksandr Makedonskiyning murabbiysi sifatida odam, hayvonot dunyosining turli-tuman boyliklari va ularning tabiiy sharoitlari bilan mutanosibligini bevosita kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu tarzda to‘plangan boy tabiiy-ilmiy material Aristotelga psixika tabiatini tushunish, izohlashda organizmga biologik, nasliy va ekologik yondashishni ishlab chiqish imkoniyatini berdi.
Aristotelning Jon haqidagi ta’limoti Platon dualizmidan farq qiladi. O‘z ilmiy tadqiqotlari natijasida u shunday xulosaga keladiki, jon barcha tirik jonzotning asosi sifatida yashashga qodir vujudning o‘z-o‘zini namoyon qilish shaklidir. Jonni yashash qobiliyatiga ega bo‘lgan tabiiy vujudning o‘ziga xos shakli, mohiyati deb tan olmoq lozim. "Jon vujuddan alohida mavjud bo‘la olmaydi, jon vujud emas, deb tasavvur qiladiganlar to‘g‘ri o‘ylaydilar.” Nihoyat, Aristotelning qat’iy fikri shu bo‘ldiki, "Jonni vujuddan ajratib bo‘lmaydi".
Aristotel jon bilan bog‘liq barcha muammolarni organizmning muhit bilan umumiy biologik aloqalari vositasida hal qilishga harakat qildi. Masalan, u ovqatlanish, modda almashish jarayonini tahlil qilib, tirik mavjudotlar modda almashinuv jarayoni noorganik mavjudotlarga nisbatan boshqacharoq kechadi, tirik organizm tashqi moddani qabul qilib uni "o‘ziga xos chegara va qonun" lar asosida taqsimlaydi, deb yozadi. Tirik organizmga xos bo‘lgan ana shunday o‘ziga xos taqsimlash aslida jonning o‘zidir. Aristotel bo‘yicha jon maqsadga muvofiq ishlovchi organik tizimdir. "Agar ko‘z tirik mavjudot bo‘lsa - ko‘rish uning jonidir.”
Aristotel o‘zining "Jon haqida", "Hayvonlar turlari haqida", "Xotira haqida", "Tush ko‘rish haqida" kabi traktat va kichik psixologik qissalarida ob’ektiv va genetik metod asosida shakllangan psixologik tushunchalar tizimini bayon qiladi.
Aristotel hayot faoliyatining barcha murakkab ko‘rinishlarini, kuzatish va empirik analiz qilish mumkin bo‘lgan elementar tuzilmalarni uzoq davom etgan, ko‘p bosqichli taraqqiyot mahsuli sifatida o‘rgandi.
Barcha aytilgan fikrlardan Aristotel ta’limoti oldingi grek falsafiy-psixologik fikri mutafakkirlari qarashlaridan keskin farq qiladi, degan xulosa kelib chiqmaydi. Platon, Geraklit, Sokrat, Demokrit falsafiy-psixologik ta’limotlaridagi ko‘pgina g‘oyalar Aristotel ta’limotida o‘z aksini topdi. Aristotelning buyuk xizmatlaridan biri jonli mavjudot psixik hayotini bevosita tabiat jarayonlari bilan bog‘lash (biopsixologiya) bo‘lsa, yana biri bevosita shu fikrdan kelib chiqib birinchi marta vujud va jon birligi tamoyilini tasdiqlash bo‘ldi. Aristotelning bu fikrlari keyinchalik uning izdoshlari, peripatetiklar va ellinlar davrining ikkita yirik falsafiy maktabi - stoiklar va epikureychilar mushohada jarayoniga turtki berdi.
Ma’lumki, Aristotel biopsixologiyasida Geraklitning zaruriyat, Demokritning sababiylik va Anaksagorning tartiblilik g‘oyalari birlashadi.
Lekin, Aristoteldan keyin falsafiy-psixologik bilimlar taraqqiyotidagi jon haqidagi qarashlarda regressiya yuz berdi. Stoiklar zaruriyat tamoyiliga qaytishib olamni ratsional jon boshqaradigan ulkan organizm sifatida o‘rgana boshlashdi. Bu ratsional jonning sinonimlari "Pnevma" va "Logos" deb ataldi. Ratsional jon yoki pnevma yoki logos, ulkan organizm, koinotga mutanosiblik va qaytarib bo‘lmas aqlli yo‘l ko‘rsatadi. Epikureychilar o‘zlarining g‘oyaviy yo‘nalishlari sifatida Demokrit ta’limotini tan olishgan bo‘lishsa ham, Demokritdan farq qilib atomlar belgilangan harakat doirasidan og‘ishlari mumkin, degan g‘oyani ilgari surishdi. Masalaning bu taxlitda qo‘yilishi antologik taqdirning oldindan belgilab qo‘yilmasligini anglatsa ham, tartiblilik, tashkiliylik nuqtai nazaridan, ya’ni tirik jon materiyasining uning taraqqiyot darajasiga bog‘liqligi masalasida biopsixologiyadan chekinishga va keyinchalik bu muammolarni umuman kun tartibidan olinishiga olib keldi.
Aristotelning shogirdlari (jon - entelexiya) tushunchasi bilan bog‘liq muammolarni hal qila olmadilar, oqibatda ular jonli organizm strukturaviy tartiblilikning tamoyilidir, degan tushunchalardan umuman voz kechishdi va jon moddaning bir ko‘rinishidir degan Aristotelgacha bo‘lgan tushunchaga qaytishdi. Peripatetiklar Aristotelga zid ravishda jonning boshqa moddalardan farq qiluvchi o‘z moddiy tuzilishiga ega ekanligi, vujud ichi bo‘shlig‘ida harakat qila olishi mumkinligini tan olishdi. Bu kuch, omil, ifoda, ya’ni jon moddiy, o‘z mohiyati jihatidan moddaga va tabiat harakatiga yaqin narsa sifatida tasavvur qilindi. Xodisalarning bu birlashtiruvchi omili jon - Strabonda pnevma, Kritolay va Diodorda beshinchi substantsiya-kvintessentsiya - efir deb nomlandi.
Demokritning izdoshi Epikur jonning tarkibi to‘rtta elementdan tashkil topadi va har bir element o‘z vazifasiga ega degan g‘oyani rivojlantirdi. M: 1.olov - issiqlik asosi, 2.bug‘lanish (pnevma) harakat, 3.shamol - sovutuvchi va to‘rtinchi nomsiz element. Epikurning shogirdi Lukretsiy bu elementni anima (dusha) - jondan farqli ravishda animus (dux) - ruh deb atadi. Shu bilan fanda yangi tushuncha ruh paydo bo‘ldi. Organizmning tirikligi va psixikasi degan tushunchalar ajratildi, ya’ni jon - tiriklik, ruh - psixika. Lekin har ikkalasi ham moddiy asosga ega, har ikkalasi ham moddiy zarralar harakatidan iborat.
Ruh haqidagi hozirgi zamon tushunchalarining paydo bo‘lishi uchun bir necha asrlar davomida qattiq aqliy izlanish talab qilindi. Shuni e’tiborga olish lozimki, antik davr jon haqidagi tushunchasi ikkita asosiy o‘ziga xos xususiyatga ega edi. Birinchidan, jon modda (beshinchi substantsiya, pnevma, atom) bilan identifikatsiya qilingani, tenglashtirilgani bo‘lsa, ikkinchi o‘ziga xos xususiyat ongli va ongsiz soha, jon haqida u paytda hech qanday tasavvur yo‘q edi. Falsafa tarixchisi Fuller qadimgi grek tilida "shaxs", "o‘z-o‘zini anglash" "ego" kabi shaxsning noyobligi, ichki tajribasini anglatuvchi terminlarning ekvivalenti yo‘qligiga e’tiborni jalb qiladi. Shuning uchun jon atamasidan foydalanilganda uning qadimgi mazmuni hozirgi tasavvurlar bilan bir xil emasligini hech qachon unutmaslik kerak. Yana shuni ham eslatib qo‘yishimiz kerakki, biz ham shu paytgacha ushbu qo‘llanmamizda jon atamasini qo‘lladik. Lotinchadagi anima (dusha) - jon va animus (dux)-ruh atamalaridagi farqlar nuqtai-nazaridan bu to‘g‘ri, albatta. Lekin rus tilida ham va shu davrgacha boshqa tillardan o‘zbek tiliga ko‘chirilgan ilmiy adabiyotlarda ham hech qachon jon va ruh tushunchalari o‘rtasiga qat’iy chegara qo‘yilmagan. Psixologiya atamasining o‘zi ham psyuxe – jon, ruh, logos - fan ko‘rinishida tarjima qilingan. Bizningcha, har holda hozir jon bilan ruh tushunchalari o‘rtasida qat’iy bir chegara qo‘yish payti kelganga o‘xshaydi. Chunki qadimgi falsafiy psixologik tasavvurlardagi anima - dusha tushunchasi ko‘proq o‘zbek tilida ko‘p uchraydigan jon-qon tushunchasiga mos keladiganga o‘xshaydi. Jon-organizmning tiriklik vositasi, uning hayotiy jarayonlarini belgilash omili bo‘lsa kerak. Animus (dux) - ruh esa tirik organizmning psixik hayotini, ong va ongsizlik sohalarini, uning o‘ziga xosligini belgilasa ajab emas. Agar jon organizmning tiriklik, mavjudlik, modda almashinish, tabiat jarayonlari bilan munosabatga kirishish omili bo‘lsa unda qadimgi falsafiy - psixologik ta’limotlardagi inson joni, o‘simlik joni, hayvonlar joni, minerallar joni degan tushunchalarning hech qanday mavhumlik joyi qolmaydi. Animus (dux) - ruh esa o‘zining ong, ongsizlikka bo‘linishi, o‘z-o‘zini anglashi, aql kabi xususiyatlari bilan faqat insongagina taalluqli bo‘lishi mumkin.
Psixikani o‘rganish jarayonidagi yangi qadam psixik faoliyat tushunchasi tarkibida ong tushunchasining paydo bo‘lishi bo‘ldi.
Galen stoiklar an’anasi bo‘yicha, psixik pnevma va rivojlanuvchi pnevma atamalarini qo‘llaydi. Galen psixik pnevmaning ichida periferik va markaziy pnevmani ajratadi. Sezgi organiga bo‘lgan tashqi ta’sir organdagi psixik pnevma holatini o‘zgartiradi, lekin bu taassurot tug‘dirish uchun etarli emas, buning uchun periferik pnevma markaziy pnevma bilan bog‘lanishi kerak. Faqat shundagina u yoki bu organdagi o‘zgarish pnevmaning yana bir ko‘rinishi hisoblangan ruh tomonidan aniqlanadi. Galen g‘oyalar tizimidagi ana shu aniqlanish hozirgi zamon ong haqidagi tasavvurlariga yaqin keladi.
Xulosa tariqasida aytishimiz mumkinki, qadimgi mutafakkirlar ruhni butun koinot bilan bir butunlikda tasavvur qilganlar. Ruh-olov, havo, son, harakatlanuvchi omil, tashkil qilish tamoyili, pnevma, kvintessentsiya. Har qanday holatda ham ruh deganda faqat hayot uchun emas, butun borliq uchun eng muhim bo‘lgan narsa tushunilgan. Hozirgi zamon tili bilan aytganda psixologiya ontologik planda fizikaning bir qismi bo‘lgan. Hozirda biz psixika, aql, ong deb aytayotgan tushunchalarning mazmunini aslida insonning koinot bilan buzilmas aloqalari tamoyili aniqlab beradi.

Download 1.38 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   143




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling