Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
210 tashqariga chiqqan edilar. Shunda xonning qo‘shini jo‘rttaga tumtaraqay bo‘lib qochgan, isyonchilar esa ularni «Yengdik» deb ketlaridan quvgan edi. Biroq qal’adan besh-olti chaqirim uzoqlashganlaridan keyin pistirmadagi xon askarlari yopirilib chiqqan va isyonchilarni qirib tashlagan edi. Keyin Shayboniyxon qal’a ichida qolganlarni ham qatliom qilib, Qorako‘lning otbozorida odam kallasidan ulkan minora yasatgan edi. Hozir o‘z kuchiga ortiq darajada ishonadigan Shayboniyxon bu hiylani boshqa lashkarboshilar unga nisbatan ham ishlatishlari mumkinligini xayoliga keltirmas edi. Shoh Ismoilning Marvga ko‘rinish bergan o‘n ming chog‘lik qo‘shini Mahmudi degan joyda Murg‘ob daryosi ustiga qurilgan ko‘prikdan shosha-pisha o‘tib ketdi. Shoh Ismoil go‘yo bu ko‘prikni himoya qilib turish uchun uch yuztacha askar qoldirgan edi. Shayboniyxon ko‘prikka yaqinlashgach, bu uch yuz qizilbosh xo‘jako‘rsinga tiraqaylab qochdi. Daryodan faqat shu ko‘prik orqali o‘tish mumkin edi — har ikki qirg‘oq ham baland jar, kechuv yo‘q, buning ustiga, qishki daryoning suvi juda sovuq, to‘ng‘ib qolish hech gap emas edi. Shayboniyxonning butun qo‘shini ko‘prikdan o‘tib bo‘lguncha Shoh Ismoilning pistirmada yotgan kuchlari o‘zini sezdirmadi. Shayboniyxon uzoqda «qochib ketayotgan» Shoh Ismoil qo‘shinining izidan tushib, ko‘prikdan ancha uzoqlashgandan keyin pistirmada yotgan kuchlar birdan maydonga chiqdi. O‘qlab qo‘yilgan zambaraklar xon ustiga to‘satdan o‘q yog‘dirdi. To‘rt tarafni qizilboshlar tutib ketdi. Shayboniyxon o‘zining Qorako‘lda ishlatgan harbiy hiylasini endi esladi-yu, orqada qolgan ko‘prikka qarab chekindi. Ammo yog‘och ko‘prik allaqachon buzib tashlangan edi. Chekinib borgan qo‘shinning bir qismi jardan daryoga qulab tushdi. Daryoning o‘zanini otlar va odamlarning o‘ligi tutib ketdi. Xonning o‘zi saralangan xos navkarlari bilan mollar qishlaydigan atrofi yopiq bir qo‘raga kirdi. Qo‘rani qizilboshlarning olov halqasi o‘rab oldi. Xonning xosnavkarlari qizilboshlar qurshovida o‘lgan-qolganlariga qaramay jang qildilar. Qo‘ra darvozasining oldilari, paxsa devorlarning taglari har ikki tomondan qirilganlarning jasadiga to‘lib ketdi. Xon himoyada qattiq turganini ko‘rgan Shoh Ismoil zambaraklarni qo‘raning atrofiga o‘rnattirib, devor osha o‘q ottira boshladi. Zambarak gumburlashidan hurkkan, yarador bo‘lib quturgan otlar bir-birlarini urib, yiqitib o‘zlarini u yoqdan-bu yoqqa tashlay boshladilar. Qo‘ra ichida dahshatli tiqilinch, ur-sur boshlandi. Shayboniyxon qo‘lida qilichi bilan odamlariga hayqirib, to‘polonni bosmoqchi bo‘layotganda to‘pning tosh o‘qlaridan biri xon mingan otning boshiga kelib tegdi. Ot gandiraklab bir yoniga yiqildi-yu, egasini ham yerga otib urdi. Shayboniyxon oyog‘ini uzangidan chiqarishga ulgurmadi— bir oyog‘i otining tagida qoldi. Shu zahoti yana bir ot surinib yiqildi-da o‘mrovi bilan xonning ko‘kragidan bosib tushdi. Shayboniyxon qovurg‘alari sinib, vujudi ezilib, nafas ololmay qoldi-yu, hushidan ketdi. Jang tugagandan keyin xonni taniydigan qizilbosh beklardan biri uning jasadini qalashib yotgan ot va odam o‘liklari orasidan arang qidirib topdi. Abdurahim Turkistoniy, Mansur baxshi ko‘taruvchi va boshqa juda ko‘p mulozimlar, navkarlar ham xonning nari-berisida o‘lib yotar edilar. G‘oliblar Shayboniyxonning boshini kesib, nayzaga sanchdilaru Shoh Ismoil minib turgan otning oyog‘i tagiga eltib tashladilar. Keyin qizilboshlar Shayboniyxon qirgan shialar qasdiga uning kesik boshidan terisini shilib olib ichiga somon tiqdilar. G‘arbda shialarni quvg‘in qilayotgan va Shoh Ismoilga alam o‘tkazgan sunniyparastlardan yana biri — turk sultoni Boyazid II edi. Shoh Ismoil Shayboniyxonning somon tiqilgan boshini turk sultoniga: «Men bilan qasdlashgan sunniylar qay ahvolga tushishini ko‘rib qo‘y!» degan ma’noda «sovg‘a» qilib yubortirdi. Sunniy — shia dushmanligi shu darajaga yetgan ediki, qizilboshlar bunga ham qanoat qilmay, Shayboniyxonning bosh suyagiga oltin qoplatib, undan may ichadigan kosa yasaydilar*. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling