Bohodir eshov


Tsitseronning davlat, qonunlar va siyosat to’g’risidagi g’oyalari


Download 0.73 Mb.
bet15/74
Sana25.02.2023
Hajmi0.73 Mb.
#1227949
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   74
Bog'liq
Jahon -siyosiy mafkuraviy ta’limotlar tarixi

2.Tsitseronning davlat, qonunlar va siyosat to’g’risidagi g’oyalari.
Qadimgi Rim siyosiy va huquqiy ta’limotlar tarixida Mark Tulliy Tsitseron (eramizdan avvalgi 106-43 yillar) – mashhur rimlik notiq, huquqshunos, davlat arbobi va mutafakkir bo’lgan. Uning ijodida davlat va huquq muammolariga keng o’rin berilgan. Bu masalalar uning “Davlat to’g’risida” va “Qonunlar to’g’risida” asarlarida yoritilgan. Bir qator siyosiy-huquqiy masalalar Tsitseronning boshqa asarlarida ham (masalan, “Majburiyatlar haqida” asarida) siyosatga va sudga oid nutqlarida ko’rib chiqilgan.
Tsitseronning davlatchilik va huquq borasidagi nazariy qarashlari Qadimgi Rim tafakkurining, eng avvalo, Aflotun, Arastu, Polibiy va stoiklarning sezilarli ta’siri ostida bo’lgan. Shu bilan birga Tsitseron chin vatanparvar va amaliyotchi siyosatchi sifatida bu “chet” ta’sirni Rim davlatchiligi va huquqiy amaliyoti an’analari, bu erdagi siyosiy-huquqiy ta’limotlarining o’ziga xos tarixi bilan uyg’un holda bo’lishiga katta e’tibor bergan. O’zidan oldin o’tgan mutafakkirlarning siyosiy-huquqiy g’oyalari Tsitseron ta’limotida davlat va huquq sohasidagi yangi, original qarashlar bilan boyigan.
Tsitseron davlatni xalqning umumiy ishi sifatida baholaydi. U: “xalq odamlarning shunchaki yig’indisi emas, balki manfaatlar umumiyligi va huquq masalasida o’zaro kelishuvga erishgan ko’pchilikning yig’indisidir”, deya tariflaydi. Shu tarzda davlat, Qadimgi Yunonistonda shakllangan nazariyalarida ko’zda tutilganidek, faqat o’zining ozod a’zolarining umumiy manfaatlari ifodasigina bo’lib qolmay, ayni chog’da bu a’zolarning kelishilgan huquqiy munosabatlari, ma’lum bir huquqiy tuzilma, umumiy huquq-tartibot sifatida namoyon bo’ladi. Tsitseron davlat haqidagi bunday tasavvurlari bilan keyinchalik maydonga kelgan ko’plab, nazariyalarning hatto “huquqiy davlat” g’oyasigacha bo’lgan nazariyalarning ibtidosida turadi. Tsitseron faqat odamlarning ojizligi va qo’rquvini (Polibiy g’oyasi) emas, balki ularning tug’ilgandan birga yashashga bo’lgan ehtiyojlarini davlat kelib chiqishining asosiy sababi sifatida ko’rsatib bergan.
Tsitseronning oilani jamiyatning dastlabki bo’g’ini sifatida talqin qilishi Arastuning ta’sirida ro’y bergan. Tsitseron talqiniga ko’ra, oiladan keyinchalik tabiiy yo’l bilan davlat paydo bo’ladi. Tsitseron davlat va mulkning aloqadorligini ta’kidlaydi va stoik Panatiyaning, davlat paydo bo’lishining sababi mulkni himoya qilishdir, degan fikrlariga qo’shiladi.
Qadimgi Yunoniston mutafakkirlari an’analariga amal qilgan Tsitseron davlat tuzumining turli shakllarini tahlil qilishga katta e’tibor qaratadi. U boshqaruvchilar miqdoriga ko’ra boshqaruvning uchta oddiy shaklini ajratib ko’rsatadi, bular: podshohlik hokimiyati, optimatlar (aristokratlar) hokimiyati, xalq hokimiyati (demokratiya).
Bu shakllarning har biri o’z yutuq va kamchiliklariga ega. Podshohlik hokimiyatida odamlar qonun va qarorlar qabul qilishdan uzoqlashtirilgan, optimatlar boshqaruvida ham xalq o’z erkidan mahrum qilingan. Demokratiyada esa barcha teng, aholining ijtimoiy holatida tabaqalanish yo’qligi sababli u adolatsizdir, deb tushuntiradi Tsitseron.
Tsitseron: “O’z marhamati bilan podshohlik, — donishmandligi bilan optimatlar, erkinligi bilan xalq bizni o’ziga tortadi”,-deb yozadi. Tsitseronning fikricha, sanab o’tilgan boshqaruv shakllarining ijobiy jihatlari davlat boshqaruvining aralash (va shu sababli ham eng yaxshi bo’lgan) shaklida jamlanmog’i darkor. “Davlatda,-deya ta’kidlaydi Tsitseron,- shohona ilg’orlik bo’lishi kerak, bir qism hokimiyat boshchilik qiluvchi ilg’or kishilarga, bir qismi xalq hukmiga topshirilmog’i lozim”. U yoki bu tomonga og’ishlar ro’y bermasligi uchun “magsitratlarda hokimiyat, boshchilik qiluvchilarda ta’sir, xalqda erk etarli bo’lishi uchun majburiyatlar va vakolatlarni teng taqsimlash” zarurligini uqtiradi Tsitseron.
U bunday davlat tuzumining eng muhim tomoni davlatning mustahkamligida va fuqarolarning huquqiy tengligida deb biladi.
Tsitseron o’z ijodida va amaliy siyosiy faoliyatida (kvestor, senator, konsul sifatida) izchil ravishda senatorlik respublikasini yoqlab chiqdi hamda alohida shaxslar va harbiy diktatura rejimiga qarshi kurashdi. U respublika an’analarini himoya qilarkan, Rim fuqarolari barcha tabaqalarining “umumiy tartib” doirasida “umumxalq kelishuvi” shiorini ko’tarib chiqdi.
Tsezarning shaxsiy yakkahokimligining o’rnatilishini u, “respublika tuni”, “davlatda erkinlikning barham topishi” va tiraniya, deb baholadi. Tsitseron hayotining so’nggi yillari harbiy diktatura va yangi triumvirlarning (Antoniy, Oktavian, Lepidlarning) paydo bo’lgan xavfiga qarshi kurash bilan o’tdi. Triumvirlar g’alabasidan so’ng, ya’ni eramizdan avvalgi 43 yil 7 dekabrda Tsitseron triumvirlar tarafdorlari tomonidan qatl qilindi.
Tabiatga, uning qonunlariga murojaat qilish Tsitseronning huquqiy nazariyasiga xosdir. Tabiiy huquq borasidagi qarashlarida u Aflotun, Arastu va stoiklarning ta’sirida bo’ladi. Tabiiy huquqning asosiy tamoyili bo’lgan adolatning asl mohiyatini u “har kimga o’z ajrini berish va ular orasida tenglikni saqlash”da ko’radi. Tsitseronning fikricha, tabiiy huquq boshqa har qanday qonunlar yaratilishidan, davlatlar paydo bo’lishidan oldin vujudga kelgan. Insonlar yaratgan qonunlarning tabiat qonunlariga mos kelishi yoki mos kelmasligi ularning adolatli yoki adolatsizligi mezonidir.
Tsitseron tabiiy huquqni insoniy qonundan farqlash bilan birga, insoniy qonunlarning o’zini xususiy va ommaviy huquqga ajratadi. U xalqaro huquqning xalqaro shartnomalardan kelib chiquvchi majburiyatlarini bajarish zarurligi haqidagi tamoyilni shakllantirishga ham muvaffaq bo’ladi.
Tsitseron urushning tinch muzokaralar natija bermagandagina yo’l qo’yish mumkin bo’lgan majburiy chora ekanligini maxsus ta’riflaydi. Shuning uchun ham u adolatli urushning sababi davlatni himoya qilish zaruriyati bo’lsa, uning maqsadi — tinchlik o’rnatish deb hisoblaydi.
Umuman olganda, Tsitseronning merosi, uning davlat va huquq haqidagi ta’limoti insoniyatning keyingi madaniyatiga, siyosiy va huquqiy ta’limotlari rivojiga ulkan hissa qo’shdi.

Download 0.73 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   74




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling