Bohodir eshov
Rim yuristlarining: huquqshunoslik fanlarining rivojiga qo’shgan hissalari haqida. Gay, Papinian, Pavel, Ulpian, Modestinlarning siyosiy-huquqiy qarashlari
Download 0.73 Mb.
|
Jahon -siyosiy mafkuraviy ta’limotlar tarixi
3.Rim yuristlarining: huquqshunoslik fanlarining rivojiga qo’shgan hissalari haqida. Gay, Papinian, Pavel, Ulpian, Modestinlarning siyosiy-huquqiy qarashlari.
Qadimgi Rimda huquq bilan shug’ullanish dastlab kohinlarning bir turi bo’lgan pontifiklarning ishi bo’lgan. Dunyoviy huquqshunoslik Gneya Flaviya nomi bilan bog’liq. Flaviya taniqli davlat arbobi Appiya Klavdiya Tsekaning mirzosi bo’lgan hamda u o’z xo’jasi tuzgan huquqiy jarayonlarda ishlatiladigan huquqiy qoidalar to’plamini o’g’irlab olib, e’lon qilgan. Bu to’plam keyinchalik Flaviyaning fuqarolik huquqi deya nom olgan. Eramizdan avvalgi 253 yilda plebeylardan chiqqan birinchi oliy pontifik Tiberiy Korunkiy shogirdlari oldida huquqiy masalalarni oshkora muhokama qila boshlagan va bu bilan u huquqshunoslikni ommaviy o’rganishga asos solgan. Eramizdan avvalgi II asr boshlarida Sekst Eliy Pet Flaviya to’plamini yangi qoidalar, ya’ni da’vo qoidalari bilan to’ldirdi. U XII jadval Qonunlarini ham huquqshunoslar sharhi va da’vo qoidalari bilan to’ldirgan holda nashr etdi. Eramizgacha II asr boshlarida huquqshunoslik, xususan fuqarolik huquqi borasida M. Maniliy, P. Mutsiy Stsevola va M. Yuniy Brut samarali faoliyat ko’rsatdilar. Huquqiy masalalar quyidagi soxalarni qamrab olardi: 1.Odamlarning yuridik savollariga javoblar; 2.Bitimlar tuzishda tavsiya qilish va yordam berish; 3.Sudda ishlarni hal qilish uchun formulalar ishlab chiqish; Rim huquqshunosligi respublikaning oxirgi damlarida, xususan, imperiyaning dastlabki ikki yarim asrida o’zining eng yuqori rivojlanish darajasiga etdi. III asrning ikkinchi yarmidan boshlab, imperatorning qonuniy hokimiyatga ega bo’lishidan so’ng rim huquqshunosligining rivojlanishi pasaya boshladi. To’g’ri, klassik davrda yuristlarning ahvoli hurmat e’tibori yangi davrda ham saqlanib turdi. Xuddi mana shu klassik davrda yashagan mashhur huquqshunoslardan Gay, Panminak, Pavel, Ulpian, Modestinlarni ko’rsatib o’tish mumkin.Huquqiy masalalarni hal qilishda huquqshunoslarning vazifasi xususiy shaxslarning huquqiy savollariga javob berish, oldi-sotdi kelishuvlarida kerakli qoidalarni oshkor qilish va ko’maklashish, sud ishlarida kerakli qoidalarni ma’lum qilishdan iborat bo’lgan. Mavjud huquqiy manbalarga suyangan huquqshunoslar ishlarni hal qilishda mavjud qonunlarni adolatga muvofiq kelish-kelmasligini talqin qilishgan, bu borada noaniqliklarga duch kelinganda esa eski me’yorlarni adolatli huquq haqidagi yangi tasavvurlar asosida yangilab borishgan. Rim huquqshunosligi respublikaning so’nggi davrida, ayniqsa imperiyaning dastlabki ikki yarim asri davomida gullab-yashnagan. Dastlabki imperatorlar ta’siri benihoya ulkan bo’lgan huquqshunoslikning qo’llab-quvvatlanishiga erishishga harakat qilishgan, imkoni bo’lsa, uni o’z manfaatlariga bo’ysindirishga intilishgan. Shu niyatda imperator Avgust taniqli huquqshunoslarga imperator nomidan maxsus javob yozish huquqini bergan. Bunday javoblar katta nufuzga ega hisoblangan, vaqt o’tishi bilan ular sudlar uchun majburiy kuchga ega bo’lib borgan. O’sha davrdagi ko’plab mashhur huquqshunoslar orasida Gay (II asr) va II—III asrlarda yashagan Papinian, Pavel, Ulpian, Modestinlar ayniqsa shuhrat qozonishgandi. 426 yilda Valentin III maxsus qonun bilan shu besh huquqshunosning qoidalari qonuniy kuchga egaligini belgilab qo’yadi. Rim huquqshunoslari faoliyati asosan huquqiy tajriba va amaldagi me’yorlarning o’zgarib borayotgan ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan edi. Shu bilan birga ular o’zlarining alohida ishlar yuzasidan sharh va javoblarida, shuningdek, ilmiy asarlarida bir qator umumnazariy qoidalarni ishlab chiqishga muvaffaq bo’lishdi. Umumhuquqiy tamoyil va ta’riflarni ifodalashga Rim huquqshunoslari juda ehtiyotkorlik bilan yondashishgan. I—II asrlarda yashagan huquqshunos Yavolenning: “Fuqarolik huquqida har qanday ta’rif xavflidir, chunki u (ta’rif) inkor qilinmaydigan hollar juda kam”, degan mulohazalari asosida “har qanday ta’rif xavflidir” degan mashhur ibora kelib chiqqan. Umumiy qoidalarni ifodalashdagi bunday ehtiyotkorlikning sababi shunda ediki, huquqshunoslarning bu xil ifodalari umumiy huquqiy qoidalar (huquqiy me’yor, qoida va tamoyil) mavqeiga ega bo’lardi. Bu borada Pavel shunday deydi: “Qoida – mavjud narsaning qisqacha ifodasi; huquq qoidadan emas, balki qoida mavjud huquqdan kelib chiqadi”. Rim huquqshunoslari talqinida tabiiy huquq ular tan oluvchi barcha huquq turlari kabi amaldagi huquqga tegishli va uning o’ziga xos tarkibiy qismidir. Bu hol Rim huquqshunoslarining huquq haqidagi turli xil ta’riflari va turlarga bo’lishida yaqqol namoyon bo’ladi. Masalan, Ulpian huquqlarni ommaviy (“Rim davlati holatiga tegishli huquq”) huquq va xususiy huquq (“alohida kishilar manfaatlariga tegishli huquq”) turlariga ajratar ekan, o’z o’rnida xususiy huquq uch qismga bo’linishini quyidagicha ko’rsatib o’tgan: “Chunki u tabiiy huquqdan, xalqlar tomonidan yaratilgan huquqdan yoki fuqarolar huquqidan tuzilgan”. Huquqning turli qismlari bir-biriga aloqodorligi, ularni tom ma’noda ajratib bo’lmasligi haqida Ulpian shunday deydi: “Fuqarolik huquqini tabiiy huquqdan yoki xalqlar huquqidan ajratib bo’lmaydi. Agar biz umumiy huquqqa nimadir qo’shsak yoki olsak, biz o’z huquqimizni, ya’ni fuqaro huquqini yaratgan bo’lamiz”. Xalqlar huquqi, Ulpian nuqtai nazariga ko’ra, tabiiy huquqning bir qismi sifatida namoyon bo’ladi: “Xalqlar huquqi – barcha insoniyat foydalanuvchi huquqdir; uni tabiiy huquqdan oson farqlash mumkin, tabiiy huquq barcha jonzotlar uchun umumiy, ikkinchisi esa faqat odamlarning o’zaro munosabatlarigagina xosdir”. Bu o’rinda ular o’rtasidagi farq mohiyatiga yoki xususiyatlariga ko’ra emas, balki ular ta’sir qiluvchi sub’ektlarga ko’ra farqlanadi. Rim huquqshunoslarining tabiiy huquqni umumiy huquq doirasiga kiritganlari ularning, huquq, eng avvalo, adolatli ko’rinishdir, degan tasavvurlariga aynan muvofiq kelardi. “Huquqni o’rganuvchi,- deydi Ulpian, avvalo, huquq so’zi qaerdan kelib chiqqanligini bilishi kerak; u adolat, haqiqat degan so’zdan paydo bo’lgan, Tsels qoyil maqom qilib ta’riflaganidek, huquq bilim va qobiliyatni amalga oshirish san’atidir, ezgulik va tenglikdir”. Ulpianning g’oyasiga ko’ra, huquq va adolat har kimga o’z huquqini berish yo’lidagi muttasil iroda (harakat) dir. Bu tarzdagi umumiy qarashdan Ulpian quyidagi batafsil “huquq farmoyishlari”ni keltirib chiqaradi: “halol yashash, boshqalaraga zarar etkazmaslik, har kimga o’z haqqini berish”. Papinian qonunga quyidagicha ta’rif beradi: “Qonun — farmoyish, donishmandlar qarori, bilib-bilmay qilingan jinoyatlarga barham berish, davlatning umumiy ahdidir”. Ushbu ta’rifda qonunning kelajakda muomalaga kiradigan umumiy imperativligi, ijtimoiyligi, davlat ahamiyatiga molikligi singari xususiyatlari ta’kidlanadi. Qonunning shunga o’xshash tavsifi Martsianda ham uchraydi. U Yunonistonlik notiq Demosfenning quyidagi ta’rifiga qo’shiladi: “Qonun turli sabablarga ko’ra, eng muhimi, barcha qonunlar tafakkur mahsuli va xudoning in’omi, donishmandlar qarori va jinoyatlarga barham beruvchi, jamiyatning umumiy kelishuvi bo’lgani uchun ham barcha bo’ysunadigan asosdir”. Huquqshunos Modestin: “huquqning faoliyati amr etish, ta’qiqlash, jazolash”, deb ko’rsatadi. Tsitseron ruhsat etish va ta’qiqlash haqida fikr bildirsa, Kvintilin taqdirlash, cheklash, jazolash, ta’qiqlash xususida mulohaza yuritgan. Bunda huquqiy imperativlikning bu xil turlarga ajratish adolatli huquq haqida gap borgandagina mazmunga ega bo’lishi nazarda tutilgan. Masalan, Pavelning fikricha: “huquqning asl ibtidosiga zid qabul qilingan narsa (qonun) oqibatni keltirib chiqarmaydi”. Ya’ni nimaki huquqiy tamoyillarga zid ekan, demak, u yuridik kuchga ega bo’lmaydi. Yulian ham shunday fikrni rivojlantirgan. Huquqni ommaviy va xususiy huquq turlariga bo’lish Rim huquqiy ta’limotining muhim yutug’i hisoblanadi. Ommaviy huquq sohasida Rim huquqshunoslari avliyolar va kohinlarning huquqiy ahvoli, davlat idoralari va mansabdor shaxslar vakolatlari, hokimiyat, fuqarolik, davlat va ma’muriy huquqning bir qator institutlari tushunchalarini ishlab chiqishgan. Fuqarolik huquqi sohasida Rim huquqshunoslari mulk, oila, vaselik, shartnoma, shaxs maqomi singari muammolarni keng tahlil qilishgan. Ularning mulkchilik munosabatlarini ishlab chiqishlari xususiy mulk egalari manfaatlarini himoya qilish yo’lidagi o’ta sinchkov sa’y-harakat sifatida bilan ajralib turadi. Rim huquqiga ko’ra, hayvonlar va boshqa moddiy buyumlar qatorida qullar ham mulk obe’ktlari qatoriga kiritilgan. Rim huquqshunoslarining ijodlari keyingi huquqiy ta’limotlar rivojiga katta ta’sir ko’rsatgan. Bunga sabab Rim yurisprudentsiyasining huquqiy madaniyati yuqori, tahlillari ishonarli, talqinlari aniq, ishlangan umumnazariy, tarmoq muammolari doirasi juda keng edi. Huquqshunoslikning qator fundamental qoidalarini mustaqil fan darajasida ishlagan Rim olimlarining erishgan natijalari hozirgi kunga qadar zamonaviy tadqiqotchilarning diqqat-markazida turibdi. Bu tushunarli va tabiiy hol bo’lib, juda ko’plab zamonaviy tushunchalar, atamalar va huquqiy qurilmalarning yaratilishi tarixi Rim huquqi va Rim huquqshunoslari faoliyatiga borib taqaladi. Rim huquqshunoslarining faoliyati asosan huquq amaliyotida mavjud bo’lgan ehtiyojlarni qondirish, mavjud huquqiy normalarni o’zgarib turuvchi vaziyatga moslashtirib borishga qaratilgan edi. Ular shu bilan birga berilgan savollarga qaytarilgan javoblarda, konkret ishlar muhokamasida bir qator nazariy masalalarni ham ishlab chiqdilar. Rim huquqshunoslari anchagina tushunchalarga aniqlik kiritdilar. O’sha vaqtning tili bilan aytganda amaliy huquq normalari, oddiy huquq, qonun, magistrantlar, imperator konstitutsiyasi va boshqa sohalar shakllandi. Tabiiy huquq amaliy huquq uchun asos bo’lib qolaverdi. Ulpianning xalqlar huquqlariga tabiiy huquqlarning bir qismi sifatida olib qaraladi. Ularning odamlarga ta’siri o’rtasida farqlar bo’lgan. Ana shulardan qilingan xulosalarga ko’ra jamiyatda nikoh, bolalar tarbiyasi ham tabiiy huquq ta’siri ostida shakllanib boradi. Huquqshunos Gayning qarashlari ham shunga hamohang. Umuman huquq borasidagi turli holatlar, xususiyatlar o’rtasidagi o’zaro aloqadorlikning mohiyatini Pavel izchilroq ifodalab berdi. U huquqning turli qismlari haqida emas, balki yagona bir butun bo’lgan huquqning o’zaro bog’langan ko’rinishlari haqida fikr yuritish kerak deb hisoblaydi. Umuman rim yuristlarining aksariyati huquqning bir butunligini tan olib, uning turli tushunchalarini konkret izohlab berganlar. Jumladan zaruriyat adolatli huquqning muxim tomoni, huquqning barcha ko’rinishlari va yo’nalishlariga xos bosh xususiyatdir. Zaruriyat adolatga asoslanadi, undan kelib chiqadi. Qadimgi rim huquqshunoslarining yuqoridagi talablari huquqning barcha sohalariga tegishli bo’lishi bilan birga konkret qonunlarga ham tegishlidir. qonunlar huquq normalarining izchil, qat’iy ishlangan shakli sifatida qaraladi. Rim huquqshunoslari faoliyatiga stoiklarning ta’siri yaqqol sezilib turadi. Ular mana shu ta’sir ostida ko’plab huquqiy masalalarni, xususan burch masalasini har tomonlama tasvirlab berdilar. Tabiiy huquq, qonunlarning g’oyaviy asoslarini tashkil qilishi haqidagi fikr ham diqqatga sazovor. Huquqshunos Modestinning ko’rsatishicha, huquqning vazifasi ruxsat etish, man etish, jazolashdan iborat. Albatta bu talablar har qaerda har xil bo’lib, asosan imperativ huquq normalarini aks ettiradi. Yulian ham xuddi shu fikrni ifodalaydi. Rim huquqshunoslari huquqning umumnazariy mohiyatini chuqur tadqiq etish bilan barcha amaliy hayotdagi huquqiy normallarning ta’siri, ularga qay tarzda asoslanish zarurligi va boshqa xususiy masasalalarni anmq konkret misollar asosida harakterlab berdilar. Ijtimoiy huquq normalari ham har tomonlama ishlab chiqildi. Davlat organlarining vakolatlari, mansabdor shaxslar, hokimiyat, fuqarolik tushunchalari va davlat hamda ma’muriy Huquqning ko’plab masasalalari yoritib berildi. Download 0.73 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling