Bo‘lgan tekislik Ob floristik rayonida 1150 tur yuqori o‘simliklar aniqlangan bo‘lsa, maydoni 29,2 ming km


Download 176.4 Kb.
bet5/8
Sana12.10.2023
Hajmi176.4 Kb.
#1699696
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
9

Botqoqlik o‘simliklari. Bu tipdagi o‘simliklar tundra, o‘rmon tundra va o‘rmon zonalarida keng tarqalgan. Botqoqliklar o‘ziga xos tabiiy geografik komplekslar bo‘lib, ular odatda o‘rmon landshaftlarining ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi. Botqoqlik o‘simliklari hamma regionda deyarli bir xil bo‘ladi. Ular o‘simlik turlariga qarab pastqam, oraliq va baland botqoqliklarga bo‘linadi. Pastqam (evtorf) botqoqliklar gipn-o‘t botqoqliklari bo‘lib, ularda yashil moxlar, qiyoqlar, qamishlar, ro‘vaklar, luqgullilar va qirq bo‘g‘inlilar o‘sadi. Daraxtlardan qayinlar va qora olxalar uchraydi. Oraliq (mezotrof) botqoqliklar o‘rmon botqoqliklar tipini hosil qilib, ularda daraxt-buta o‘simliklari, yirik o‘tlar, gipn va sfagn yo‘sinlari o‘sadi. Daraxtlardan qarag‘ay, yel, ko‘l rang va qora olxa, qayin va tog‘teraklar uchraydi. Baland (oligotrof) botqoqliklarda o‘simliklar bir xil bo‘lib, ular asosan sfagn yo‘sinlaridan tarqib topgan. Ba’zan u yer bu yerda pakana qayinlar uchrab turadi. Sfagn botqoqliklari do‘ppaygan yuza hosil qilib tarqalgan. Bu tipdagi botqoqliklarda sfagn yo‘sinlaridan tashqari bagulnik, klyukva, andromeda, momiqbosh, rosyanka, moroshka kabi o‘simliklar ham o‘sadi.
O‘rmon-dasht. O‘rmon-dasht o‘simlik tipi materikning kontinental iqlimli ichkari rayonlari uchun xarakterli bo‘lib, g‘arbda Karpat tog‘laridan sharqda Oltoygacha uzluksiz davom etadi. Oltoy tog‘laridan sharqda o‘rmon-dasht o‘simliklari orolchalar hosil qilib Lena-Vilyuy pasttekisligigacha kirib boradi. O‘rmon-dasht o‘simlik tipini o‘rmonlar yoki dashtlar o‘simlik tiplari qatoriga kiritib bo‘lmaydi. Bu yerda o‘rmonlar turli xil dasht o‘simliklari bilan almashinib, tabiiy-tarixiy jihatdan mutlaqo mustaqil zonal o‘simlik tipini hosil qiladi. O‘rmon-dasht zonasining o‘rmon o‘simliklari eman, jo‘qa, qayrag‘och, tog‘terak, qayin, shumtollardan iborat. Qarpatoldi rayonlarida buk va grab ko‘p uchraydi. Uraloldi va Ko‘lundi o‘rmon-dashtlarida igna bargli daraxtlardan qarag‘ay va yellar o‘sadi. Oltoydan sharqda esa tilog‘ochlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Turli xil o‘tli dashtlar o‘rmon-dasht o‘simlik tipining ikkinchi komponenti hisoblanadi. Dasht joylarda o‘tlar qalin o‘sadi, ular turlarga juda boy. Masalan V.V.Alyoxin Strelesk dashtida 1 m2 maydonchada o‘simliklarning 77 turi borligini aniqlagan. Boshqa o‘simlik tiplariga nisbatan o‘rmon-dasht o‘simliklari inson xo‘jalik faoliyati ta’sirida kuchli o‘zgargan va ularning o‘rnini madaniy o‘simliklar egallagan. Tipik va ishqori yuvilgan qora tuproklardagi turli xil o‘tli dashtlar butunlay haydalib, ularning o‘rnida poyonsiz agrolandshaftlar barpo etilgan.
Dasht. O‘rmon-dashtlar janubga tomon dasht o‘simlik tipi bilan almashinadi. Dashtlarda iqlimning quruqligi, yog‘in miqdorining mumkin bo‘lgan bug‘lanish miqdoriga nisbatan kamligi kserofit o‘simliklarning o‘sishiga sabab bo‘lgan. Bu yerda o‘rmon-dasht uchun xarakterli bo‘lgan turli xil o‘t o‘simliklar o‘rnida boshoqli o‘simliklar keng tarqalgan. Dashtlar uchun xos bo‘lgan boshoqli o‘simliklar tukli chalov, Ukraina chalovi, betaga, keleriya, cho‘l arpasi, erkak o‘t kabilardan tarkib topgan. Sharqqa borgan sari boshoqli o‘simliklarni mahalliy turlari tarqala boshlaydi. Dashtlarning shimoliy qora tuproqli qismida turli o‘tlar aralash holda o‘sadigan chalov assotsiatsiyalari keng tarqalgan. Bahorda qizil va sariq lolagul, dasht valerianasi, astragal, ayiq tovon, gulsapsarlar barq urib gullaydi. Dashtlarda ham o‘rmon-dashtlardagi kabi tabiiy o‘simliklar antropogen omillar ta’sirida juda o‘zgarib ketgan. Materikning Yevropa qismida dashtlar ayrim joylardagina saqlanib qolgan va ularni muhofaza qilish maqsadida qo‘riqxonalar tashkil etilgan. Osiyo qismidagi dashtlar kam o‘zlashtirilganligi sababli qo‘riq dasht o‘simliklari yaxshi saqlanib qolgan. Dashtlarning tabiiy sharoiti don va texnika ekinlari yetishtirish uchun juda qulay. Bu yerda kuzgi bug‘doy, grechixa, kungaboqar, makkajo‘xori, tariq qand lavlagi, tamaki, kanop, kunjut, poliz ekinlari va boshqalar yetishtiriladi. Dasht zonasida muntazam ravishda yuqori hosil olish uchun bir qator meliorativ tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etadi. Bular tuproq namini saqlab qolish, janubiy rayonlarda sug‘orishni keng joriy qilish, eroziyaga va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish tadbirlaridir.

Download 176.4 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling