Boqiy darbadar
Download 211.72 Kb. Pdf ko'rish
|
Boqiy darbadar (roman)
www.ziyouz.com kutubxonasi
9 – Bir yerda muqim hayot kechirish bilan tinimsiz darbadarlik o‘rtasida qanchalar farq bor? – dedi mehmon. – Buni menga Hazrat aytgan edi. «Sen-ku avomning ko‘zida zohiran bir duo tufayli shunday qismatga mahkum etilasan. Ammo umring mobaynida o‘z hayoti davomida ilohiy mujdani rad etib, darbadarlikni bo‘yinlariga olgan sanoqsiz kishilar olomonini ko‘rasan. Ularning hayoti senikidan zarracha ham o‘zga bo‘lmaydi, biroq sendan farq qilib, og‘ir va azobli o‘lim topishadi. Lekin tarixda sening noming qoladi, boshqalar esa aynan shu qismat bilan yashashsa-da, yer yuzidan benomu nishon supurilib ketishadi», – degan edi.
– Ha, eshitganman, – dedi chol, tin olib. – Darvish bu gapida aynan bizni nazarda tutmaganmikan deb qo‘rqaman goho... Aslida ko‘pgina hikmatlar majozga o‘ralgan bo‘ladi. Sening badaviylarga aytganing gaplarda ham men bir hikmat ko‘raman. Kim bilsin, balki kun kelib sening isming ham muqaddaslashar? Hayotida qutlug‘u muqaddas hech narsasi qolmagan odamlarning yoxud bizga o‘xshagan qavmlarning misoli bo‘lib qolarsan? Bizga esa, Tangri taolo shuncha yillik daydishlardan so‘ng, nihoyat, bir marhamat ko‘rsatar, o‘zining mulkidan eng ko‘rimsiz, eng qaqragan bir burchakni vatan qilib berar?
– Odam bolasi borki, barhayotlikni orzu qiladi, – dedi mehmon. – Men esa abadiyat bilan jazolandim. Men uchun na vatan, na millat, na elat, na til qoldi. Dunyoni kezarkan, butun boshli millatlarning yo‘q bo‘lib ketganini, o‘rniga boshqalarining kelganini ko‘rdim... Aslida, siz mendan ko‘ra xushbaxtroqsiz. Chunki, qismatingizga darbadarlik bitilgan bo‘lsa ham, bir necha yildan keyin Uning rahmati tomonga ravona bo‘la olasiz. Menga esa u yo‘llar berkilgan, qopqalar yopilgan, tavbamdan va pushaymonimdan naf yo‘q.
– Lekin o‘zing qachonlardir, bir munajjim mening dardimni eng hikmatli yo‘sinda ifodaladi, endi odamlar qismatimdagi hikmatni shoyad anglab yetsalar, degan eding-ku?
– Uning ismi Gvido Bonatti, – dedi mehmon. – Bonatti follar va tushlarning muallaq ekanini anglab yetgan ilk kishi edi. Umrining oxirida tafakkur o‘rniga mayxo‘rlikka va folbinlikka berilgani uchun, cherkovning buyrug‘iga ko‘ra tiriklay yoqib yuborildi. Afsuski, u haqiqatning yuza qatlamini ko‘ra oldi, xolos. Fikr qilganida balki yana ko‘p narsalarni fahmlagan bo‘lardi...
– ... Sen bilan bir necha marta uchrashdik, ammo nima uchun bundan endi gap ochyapsan? – deb so‘radi chol, uzoq sukutdan so‘ng. U mehmonning maqsadini payqagandek edi.
– Men Tiyonshon etagidagi yana bir odam bilan vidolashmoq istayman, – dedi mehmon. – Kim bilsin... qayta ko‘rishish balki nasib qilar, balki nasib qilmas...
Download 211.72 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling