Boqiy darbadar
Download 211.72 Kb. Pdf ko'rish
|
Boqiy darbadar (roman)
www.ziyouz.com kutubxonasi
20
OSIYO. G‘-22 «RAPTOR» HARBIY UCHOQLARI
Ayni shu mahalda Gobi uzra zanji dahoningu anjuman ahlining yetti uxlab tushiga kirmagan voqealar sodir bo‘lmoqdaydi. Yig‘in boshlanishidan bir soat avval, Gobiga tutash mamlakatlardan biridagi muvaqqat harbiy bazadan «Vahshiy» deb nom olgan beshinchi avlod G‘-22 Raptor rusumli jangovar uchoqlar havoga ko‘tarildi. Hozir ular sahroni aniq kataklarga bo‘lgan holda, turli-tuman kuzatish qurilmalari orqali har bir qadamni juda sinchkovlik bilan kuzatib-o‘rganib bormoqda edilar.
Ko‘rinishi bahaybat vahshiy qushga o‘xshagani uchun ham ularga shunday nom berilgan edi, kichkina qanotlarning ost qismidagi sakkizta jangovar raketa xuddi ulkan qushning changaliga o‘xshab osilib turar, burun qismidagi kompyuterli mo‘ljal tizimining qurollari bahaybat tumshuqni eslatardi.
«Vahshiy»ning o‘z-o‘zidan nishonga oluvchi o‘ta sinchkov qurilmalari sahrodagi har bir jonzotning harakatini inson nigohidan yuzlarcha bora sezgirlik bilan qayd etar, kompyuterdagi nishon bilan taqqoslar va nishon tegrasidagi qizil halqa ko‘k rangga almashar, ya’ni qayd etilgan narsa xotiradagi qiyofaga mos emasligi bildirilar, uchoqlarning har biri bir vaqtning o‘zida kamida beshta nishonni mana shunday «ushlab» tura olish qobiliyatiga ega edi.
Ayni vaqtda qandaydir yo‘llar bilan voqeadan xabar topgan boshqa o‘lkalarning harbiy mashinalari ham Gobi hududiga kirib kelmoqda edilar. Ular orasida «Qora akula» deb nom olgan, qanotlarida ikkita «havo-havo» va oltita «havo-er» tipidagi raketalar osig‘liq mashhur «Mig» ham, «Kfir» ham, «Tornado» va «Miraj» ham bor edi.
Qizig‘i shundaki, jangovar mashinalarning birontasida tanuv ishoratlari ko‘rinmas, fazo aloqasi orqali faqatgina o‘z rahbariyati bilan aloqa qilar, boshqa har qanday chaqiruvlarga javob berishlari taqiqlangan edi.
Bu uchar o‘lim mashinalarining mukammal qurilmalari havo hududida bir-birlarini allaqachon ko‘rganlariga qaramay, go‘yo bexabarday uchib bormoqda edilar.
Ularning har biriga sahrodagi noma’lum kishini topish, iloji bo‘lsa tutib keltirish, iloji bo‘lmagan taqdirda esa barcha qurollardan foydalangan holda tamomila yo‘q qilishga buyruq berilgan, noma’lum kishining davlat xavfsizligiga tahdid qilayotgani, juda xavfli ekani aytilgan edi, shuningdek, uning boshqa mamlakatlarning harbiy kuchlari qo‘liga o‘tib ketishining oldini olish, mabodo shunday bo‘lgani taqdirda, noma’lum kishini qo‘lga kiritgan begona harbiy uchoqni ham tamomila yo‘q qilish vazifasi yuklatilgan edi.
Gobi bo‘ylab shu mahal o‘ttizdan ortiq harbiy havo kemasi turli kengliklarda, bir-biridan turlicha uzoqlikda va turlicha balandlikda uchib bormoqda, maxfiy aloqa kanallari orqali turli tillarda nur tezligida ma’lumot almashilmoqda edi.
«Vahshiy» sahro hududiga kirib borgach, markaz bilan bog‘landi: – Pharaoh, i am Mahes. («Fir’avn», men – «Maxes».) – Mahes, i am Pharaoh. Report me about the situation! («Maxes», men – «Fir’avn». Vaziyatni ma’lum qiling) |
ma'muriyatiga murojaat qiling