Boqiy darbadar
Download 211.72 Kb. Pdf ko'rish
|
Boqiy darbadar (roman)
www.ziyouz.com kutubxonasi
24
To esimni tanib, qutlug‘ narsalarning nima ekaniga aqlim yetguniga qadar men uchun imonning, vijdonning, insofu adolatning, kuchu qudratning timsoli hamda qo‘rg‘oni bo‘ldingiz. Har so‘zingizni, irodangizni va hukmingizni mutlaq adolat deb bildim.
Esimni tanigach esa, zotingiz haqida Alloh Taoloning buyrug‘idan xabar topdim. Bolaligimdan beri eshitadiganim «otangga tik boqma, so‘ziga so‘z qaytarma, qarshisida qo‘lingni qovushtirib, boshingni eg», degan oddiy haqiqatlarning mohiyatini shundagina tushunib yetdim. Qo‘limdan kelganicha xorlik qanotini past tutdim, aytilganlarning barini ado etishga urindim. ...Naylayinki, sizga bir bechora o‘g‘il bo‘lsam, Tangrimning bir bechora quliman. Bahorda tevarak jo‘shib, gulu gulzorlar barq urib, o‘t-o‘lan jonlanganida... bir hukmi ilohiy ila tuproq qa’ridagi ma’danlar birdaniga harakatga kelsayu birlashib o‘t-o‘lanlaru daraxtlar ildizidan yuqoriga ko‘tarilsa, turli-tuman birikmalar hosil qilib, qon tomirlariga monand tomirlarida oqsa, to‘planib suvu sharbat bo‘lsa, hammasining tagzaminidagi qudratni sezib-ilg‘ab tursam... osmondagi sokin-og‘ir bulutlar birdaniga tuzilishlarini o‘zgartirsalar... turli shamollar ularni turli tomonlarga olib sursalar... ummonlarni samolarda kezdirib qo‘ygan bu qudratni ko‘rganimda har safar vahimaga tushaman.
Kengligiga aql bovar qilmas ulkan kurrai zaminni muallaq suzdirib qo‘ysayu qaynoq suvlarda, daraxt tanasining g‘ovaklarida va hatto toshlarning ichida ham o‘zining qudratiga dalolat bo‘lsin va inson bolasi ko‘rsin uchun jonzotlarni yaratgan bo‘lsa, tevarakdagi hamma narsa bir irodadan jamlanganiga dalolat qilsa va faqat O‘zininggina bir ekanini namoyon qilib, eng kichik zarrani ham bo‘laklarga bo‘lib tashlagan bo‘lsa... aqlim bu haybat va qudrat qarshisida qo‘rquvdan zir-zir titrasa... yeru ko‘klarni bir qilib o‘rab, suvlardan quruqliklarni chiqargan, suvlardayu quruqliklarda sanog‘ini yolg‘iz o‘zigina biladigan tur va sondagi millionlab maxluqlarni millionlab ko‘rinishda yaratib qo‘ygan va bularning barini odam bolasiga vatan kilib bergan bo‘lsa... shularni anglasamu o‘zimning haqirligimdan xabardor bo‘lsam... qanday qo‘rqmasdan tura olay?
Shu holimcha, barcha a’zolarimni menga bildirmay tarbiyat qilib kamolga yetkazsa, vujudimga bir xastalik ilashsa, o‘zim sezmaganim holda vujudimga joylangan himoyachilarim u balolardan asrasa, boz ustiga, ular tufayli men chekkan aziyat va sabr uchun mukofotu ajr bersa, osmonlaru yerdan rizqimni komil qilib yuborgani holda.... yana bir narsaga shukrlar qilamanki, menday ojiz bir bandasini Yer yuzining istalgan joyida va yer yuzi bino bo‘lganidan to qiyomatga qadar istagan vaqtida dunyoga keltira olardiyu ammo, avvalambor, vahshiy qabilalar orasida emas, dinsizu insofsizlar orasida emas, mo‘minlar mamlakati bo‘lmish shu yurtda, shu tuproqlarda binoga kelishimni ixtiyor qildi, abadiy muzliklar yoki sahroyu cho‘llarni emas, jannatmonand mana shu yurtni Vatan qilib berib, shu yurtda dunyoga kelishimni istadiki, bu ham hikmatsiz emasligiga ishonchim komil.
Hikmatlarining yana biri shundaki, Parvardigori Olam ba’zi insonlarini boshqalarga mukofot qilib yaratgan. Ba’zilarning dunyoga kelishlari, hayotlari boshqalar uchun o‘nlab-yuzlab xayrlar keltiradi. Sizday kishini menga ota qilib tanlagani ham Tangrimning menga bir mukofoti, marhamatidir. Butun olamga dong‘i ketgan, insoniyat tarixining zulmatlarida nur taratib turgan ulug‘ mutafakkirlar hayotga kelib yashab o‘tgan tuproqda olam yuzini ko‘rishimni iroda etganida yana bir hikmat, yana bir ramz ko‘raman.
Ne mukofotki, haqirligimga qaramay, meni O‘zi sevgan, amallaridan O‘zi rozi bo‘ladigan xalq orasida bunyod etdi. Balki men Unga shu tilda maqbul so‘z ayta olishim uchun mana shu millatdan qilib, shu tuproqda yaratgandir?
|
ma'muriyatiga murojaat qiling