Botqoqbop g'altaklar o'tzorlarni va quritilgan botqoqlarni bosish uchun qo'llaniladi.
Dalabop g'altaklar tuproqni zichlash va tekislash, kesaklarni maydalash, tuproq va muz qatlamlarini parchalash, mayda urug'larni ko'mish, ko'k o'g'itlarni ko'mishdan oldin ezish va tuproq eroziyasiga qarshi kurash maqsadida yuzaga mos profil berish uchun qo'llaniladi.
Dalabop tekis tsilindrik g'altaklar (71a-rasm) tuproqning yuza qatlamini zichlash va tekislash, sovuq ta'sirida yumshagan tuproqlarda kuzgi ekinlarni hamda yashil o'g'itlarni bahorda bostirish (molalash) uchun qo'llaniladi.
Tekis g'altaklar kesaklarni maydalaydi, biroq, ularni tuproqqa bosadi. Umumiy ishlarga mo'ljallangan tekis tsilindrik g'altak ichi kovak baraban bo'lib, uning ichki bo'shlig'i tuproqqa bosimni ko'paytirish uchun suv bilan to'ldirilishi mumkin. Barabanning diametri, odatda 700 mm, uzunligi 1400 mm, sig'imi 500 dm3, quyilgan suvning miqdoriga qarab solishtirma bosim g'altakning 1 sm uzunligiga (qamrash kengligiga) 23 dan 60 N gacha o'zgaradi. Bunday g'altaklar bir nechta seksiyalardan iborat bo'lishi mumkin.
Tekis-qirrali g'altak (71b-rasm) burchakli temirdan hosil qilingan qirrali yuzali qovurg'ali g'ilof kiydirilgan tsilindrik g'altakdir. Bu g'altak kesaklarni tuproqqa bosib kirgizish hamda maydalash qobiliyatiga ega.
Halqali g'altaklar (71v-rasm) tuproqning pastki qatlamlarini zichlash uchun mo'ljallangan bo'lib u ponasimon ishchi yuzali halqalardan iborat. Bu g'altakning o'tkir ingichka ponalari tuproqqa chuqur kirib uning pastki, ya'ni yuza ostki qatlamini zichlaydi.
G'altak o'tgandan keyin hosil bo'lgan o'rkachlar bo'sh mustahkam bo'lmaganligi uchun ariqchalarga tezda nurab tushadi va yumshoq yuza qatlam hosil qiladi. Halqalarning ariqchalarini tiqilib qolgan kesaklardan tozalash uchun halqali g'altaklarning seksiyalari ikki qatorli qilinadi, ya'ni biri ikkinchisidan keyin joylashgan ikkita batareyadan iborat. Bunda bir qatorning qirralari (ponalari) ikkinchi qatorning ariqchalari o'rtasiga joylashadi.
Ularning biri ikkinchisiga qarama-qarshi aylanib, tiqilib qolgan kesaklarni ezadi va yopishib qolgan tuproqdan tozalaydi. Batareyalar bir qator joylashganda tozalagichlar qo'llaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |