Bozor iqtisodiyoti bo‘lg‘usi iqtisodchilardan iqtisodiy voqeliklarni, iqtisodiy
Download 6.4 Mb. Pdf ko'rish
|
ЖУРАЕВ дарслик-2018 (2)
2. Davlatning milliy iqtisodiyotdagi vazifalari. Davlat iqtisodiy munosabatlar ishtirokchisi hisoblanadi va ayni vaqtda bozor tizimi faoliyat qilishiga ta‘sir ko‘rsatadi. Bozor iqtisodiyotida bu davlatning iqtisodiy vazifalarida ifodalanadi. Bular quyidagilar: bozor iqtisodiyoti me‘yorida faoliyat qilish uchun huquqiy asosni vujudga keltirish va takomillashtirish; raqobatni himoya qilish; daromad va boylikni oqilona qayta taqsimlash; resurslarni qayta taqsimlash; iqtisodiyotni barqarorlashtirish, ya‘ni inflyatsiya va bandlik darajasi ustidan nazorat qilish hamda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish; tashqi samarani tartibga solish. Bozor iqtisodiyoti uchun zaruriy, huquqiy asosni quyidagi tadbirlar taqozo qiladi: xususiy korxonalarga qonuniy mavqeini berish; xususiy mulkchilik xuquqini aniqlash va shartnomalarga amal qilishini kafolatlash; korxonalar, resurslarni yetkazib beruvchilar va iste‘molchilar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonuniy bitimlarni ishlab chiqish va shu kabilar. O‘zbekiston Respublikasining korxonalar, tadbirkorlik va aktsionerlik jamiyatlar to‘g‘risidagi qonunlari hamda ularga kiritilgan qo‘shimcha va tuzatishlar, mulkni davlat tasarru- fidan chiqarish va xususiylashtirish bo‘yicha tadbirlari bozor iqtisodiyoti uchun zaruriy, huquqiy asosni ta‘minlashga qaratilgan. Davlat tomonidan ijtimoiy muhitni ta‘minlash o‘z ichiga ichki tartibni saqlash, mahsulot sifati va og‘irligini o‘lchashga andozalar belgilash, tovarlar va xizmatlar ayriboshlashini engillashtirish uchun milliy pul tizimini muomalaga kiritish kabilarni oladi. 421 Bozor munosabatlari rivojlangan sharoitda monopoliyalar ustidan ikki usul- da nazorat o‘rnatiladi. Birinchi usulda, texnologiya va iqtisodiy sharoitlar ―raqobatli bozor‖ mavjud bo‘lish imkoniyatini yo‘qqa chiqaradigan tabiiy monopoliyalar deb nomlanadigan tarmoqlarda davlat narxlarini tartibga soladi va ko‘rsatiladigan xizmatlarga andozalarni o‘rnatadi. Transport, aloqa, elektr quvvati ishlab chiqarish va boshqa ijtimoiy foydalanishdagi korxonalar ma‘lum darajada shunday tartibga solinadi. Ikkinchi usulda, samarali ishlab chiqarish juda ko‘pchilik bozorlarda raqobat rivojining juda yuqori darajasida ta‘minlanishi sababli davlat raqobatini quchaytirish va himoya qilish maqsadida monopoliyalarga qarshi qonunlar qabul qiladi. Bozor tizimi pul daromadlarini va milliy mahsulotni jamiyat a‘zolari o‘rtasida taqsimlashda birmuncha tengsizliklarni keltirib chiqaradi. Shu sababli davlat o‘z zimmasiga daromadlar tengsizligini kamaytirish vazifasini oladi. Bu vazifa bir qator tadbir va dasturlarda o‘z ifodasini topadi. Birinchidan, transfert to‘lovlari orqali muhtojlarni, nogironlarni va birovning qaramog‘ida bo‘lganlarni nafaqalar hamda ishsizlarni ishsizlik nafaqalari bilan ta‘minlaydi. Ijtimoiy ta‘minot dasturlari orqali pensionerlar va qariyalarga moliyaviy yordam ko‘rsatiladi. Ikkinchidan, davlat bozorini tartibga solish yo‘li bilan, ya‘ni talab va taklif ta‘sirida o‘rnatiladigan narxlarni o‘zgartirish yo‘li bilan ham daromadlarning taqsimlanishiga ta‘sir ko‘rsatadi. Davlat jamiyat a‘zolari o‘rtasida daromadlarni qayta taqsimlashda soliq tizimidan keng foydalanadi. Bozor mexanizmining resurslarni qayta taqsimlashdagi layoqatsizligi ikki holatda ko‘rinadi, ya‘ni raqobatli bozor tizimi: 1) ma‘lum tovarlar va xizmatlarning kam miqdorini ishlab chiqaradi; 2) ishlab chiqarishi o‘zini oqlagan ayrim tovarlar va xizmatlarga resurslarning har qanday turini ajratish holatida bo‘lmaydi. Resurslarning qayta taqsimlanishi tovarlarni ishlab chiqarish yoki iste‘mol qilish bilan bog‘liq foyda yoki zarar, uchinchi tomonga, ya‘ni bevosita xaridor yoki sotuvchi hisoblanmaganlar tomonga ―joyini o‘zgartirsa‖ vujudga keladi. Bu qo‘shimcha samara deb ataladi, chunki u bozor qatnashchisi hisoblanmaganlar 422 xissasiga to‘g‘ri keluvchi foyda yoki zararni ifodalaydi. Bunga atrof-muhitning ifloslanishini misol qilib keltirish mumkin. Kimyo korxonasi o‘zining sanoat chiqitlarini ko‘l yoki daryoga oqizsa, bu cho‘miluvchilar, baliqchilar va atrofdagi aholiga zarar keltiradi. Davlat bu holatlarni tartibga solish uchun qonunchilik tadbirlarini qo‘llaydi yoki mahsus soliq va jarimalardan foydalanadi. Masalan, atrof-muhit va suv havzalarining ifloslanishini taqiqlovchi yoki cheklovchi qonunlar, ishlab chiqaruvchilarni o‘zlarining sanoat chiqitlarini ishlab chiqarish jarayonida ifloslangan suvni tozalovchi qurilmalar sotib olish va o‘rnatish bilan yo‘qotishga majbur qiladi. Boshqa holda davlat maxsus soliqlarni kiritish yordamida, atrof-muhitni ifloslantiruvchi korxonalarga boshqalarga keltirishi mumkin bo‘lgan zararni yuklashga harakat qiladi. Davlat bir qator yo‘llar bilan resurslarning nomutanosib taqsimlanishi keltirib chiqaradigan oqibatlarni yumshatishga ham harakat qiladi. Birinchidan, iste‘molchilarning aniq tovar va xizmatlarni xarid qilish qobiliyatini oshirish yo‘li bilan ularning talabi kengaytirildi. Ikkinchidan, davlat taklifini oshirish maqsadida ishlab chiqarishni sub- sidiyalashi mumkin. Subsidiyalar ishlab chiqaruvchilarning zararlarini qisqartiradi va mahsulotlarni ishlab chiqarishda resurslarning etishmasligi bartaraf qilinadi. Uchinchidan, davlat ayrim tovarlar va ijtimoiy ne‘matlarni ishlab chiqaruvchisi sifatida chiqadi. Bunday tarmoqlar davlat mulkchiligiga asoslanadi va davlat tomonidan bevosita boshqariladi yoki ularni moliyalashtirishni davlat o‘z zimmasiga oladi. Bular fan, ta‘lim, sog‘liqni saqlash, milliy mudofaa, favqulodda ro‘y beradigan tabiiy hodisalarga qarshi kurash, ichki tartibni saqlash shular jumlasidandir. Davlat byudjet mablag‘lari hisobiga resurslarni hususiy sohada qo‘llanilishdan bo‘shatadi hamda ularni ijtimoiy ne‘mat va xizmatlar ishlab chiqarishga yo‘naltirish mumkin. Shunday qilib, davlat mamlakat milliy mahsuloti 423 tarkibida muhim o‘zgarishlarni amalga oshirish maqsadida resurslarni qayta taqsimlaydi. Iqtisodiyotni barqarorlashtirish, ya‘ni iqtisodiyotning barcha sohalarini resurslar bilan ta‘minlash, to‘liq bandlik va narxlarning barqaror darajasiga erishishda yordam berish hamda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish davlatning eng muhim vazifasi hisoblanadi. Iqtisodiyotda to‘liq bandlikni ta‘minlash uchun umumiy sarflar, hajmi etarli bo‘lmasa, davlat bir tomondan ijtimoiy ne‘matlar va xizmatlarga o‘z xarajatlarini ko‘paytiradi, boshqa tomondan xususiy sektorning sarflarini rag‘batlantirish maqsadida soliqlarni qisqartiradi. Agar jami sarflar to‘liq bandlik sharoitida taklif hajmidan oshib ketsa, bu narxlar darajasining ko‘tarilishiga olib keladi. Jami sarflarning mazkur ortiqcha darajasi inflyatsion xususiyat kasb etadi. Bunday holda davlat soliqlarni oshirish orqali xususiy sektor sarflarini qisqartirish va shu yo‘l bilan ortiqcha sarflarni tugatishga harakat qiladi. Iqtisodiyotda ishsizlik mavjud bo‘lganda davlat sarflarining ko‘payishi jami sarflar, ishlab chiqarish hajmi va bandlilikning o‘sishiga olib keladi. O‘z navbatida, soliqlarning qisqarishi yoki transfert to‘lovlarining ko‘payishi daromadlarni ko‘paytiradi. Bu daromadlar shaxsiy sarflarning o‘sishini rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Davlat o‘z ishlab chiqarishini moliyalashtirishdan tashqari ijtimoiy sug‘urta va ijtimoiy ta‘minotning bir qator dasturlarini amalga oshiradi, iqtisodiyotning xususiy va kooperativ sektorida daromadlarni qayta taqsimlaydi. Davlat atrof- muhitni himoya qilish, aholi sog‘lig‘ini saqlash, bo‘sh ishchi o‘rinlariga ega bo‘lishning teng sharoitini ta‘minlash va ma‘lum sohalarda narx belgilash amaliyoti ustidan nazorat qilish va shu kabilar orqali ham iqtisodiy faollikga ta‘sir ko‘rsatadi. Ijtimoiy tavsifdagi ne‘matlar ham borki, ular faqat davlat tomonidan ishlab chiqarilib, butun jamiyat a‘zolari yoki alohida kishilar guruhi bahramand bo‘lishi taqazo qilinadi. 424 Davlatning iqtisodiyotga aralashuvi ikki yo‘nalishda kechadi. Birinchidan, iqtisodiyotning davlat sektorini tashkil etuvchi korxonalarda tovar va xizmatlar yaratib bozor munosabatlarida ishtirok etadi. Ikkinchidan, davlat umumiy manfaatlarini ifodalovchi kuch sifatida milliy iqtisodiyotni tartiblashda ishtirok etadi. Respublikamizda yaqin istiqbolda ham: ―iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulkning huquqlarini himoya qilish va uning istiqbolli rolini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojlanishining rag‘bat- lantirishga qaratilgan institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish‖ nazarda tutiladi. 83 Bunda quyidagilarga ustuvorlik beriladi: davlat mulkini xususiylashtirish tartib-tamoyillarni yanada kengaytirish va soddalashtirish; xo‘jalik yurituvchi sub‘ektlarning ustav jamg‘armalarida davlat ishtirokini kamaytirish; davlat mulkini xususiylashtirilgan ob‘ektlarning bazasida xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish; korporativ boshqaruvining zamonaviy standartlari va usullarini joriy etish; davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish; nodavlat, jamoat tashkilotlar va o‘zini o‘zi boshqarish organlarining rolini oshirish Davlat bozorga nisbatan tashqi kuch sifatida ham maydonga chiqib butun iqtisodiyotni tartiblashda ishtirok etadi va bunda butun jamiyat nomidan ish ko‘radi. Davlatning oilalarga beradigan turli transferlari ularning xarid qobiliyatini oshiradi, bu esa o‘z navbatida talabni shu orqali bozorni kengaytiradi. Davlat sektori korxonalarida yaratilgan tovar va xizmatlar taklifini oshiradi. Davlat sektori butun jamiyat uchun zarur bo‘lgan xususiy korxonalar ishlab chiqarilmaydigan tovar va xizmatlarni yaratadi. Aksariyat hollarda davlat sektori 83 Мирзиѐев Ш.М.. 2017-2021 йилларда Ўзбекистон Республикасини ривожлантиришнинг бешта устувор йўналишлари бўйича Ҳаракатлар стратегияси. www.lex.uz 425 ishlab chiqarish infratuzilmasi, yonilg‘i-energetika, transport, yo‘l va suv xo‘jaligi, aloqa kabi sohalarni qamrab oladi. Ularning xizmatlari milliy iqtisodiyotning rivoji uchun zarur bo‘lganligi sababli shu sohalar xarajatini qoplashni davlat o‘z zimmasiga olib, iqtisodiy o‘sishga turtki beradi. Xozirgi zamon bozor iqtisodiyotini tartiblashda bozor va davlat mexanizmi birgalikda amal qiladi. Biroq, ularning nisbati iqtisodiyotdagi vaziyatdan kelib chiqib turlicha bo‘lishi mumkin. Masalan, Italiya, Yaponiya, Avstriya, Frantsiya, Shvetsiyada davlatning roli kuchli bo‘lsa, AQSh va Germaniyada bozor mexanizmi ustuvorlikka ega. Davlatning tartibga solish rolini iqtisodiyot rivojining umumiy holati ham belgilaydi. Iktisodiyot barqaror o‘sayotgan va bozor mexanizmi samarali ishlab turganidan davlat iqtisodiyotga kamroq aralashadi. Aksincha, iqtisodiyot inqirozli holatda bo‘lganda davlat uning oqibatlarini yumshatishga qarata aralashuvi faollashadi. Download 6.4 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling