Buxgalteriya hisobini ikkiyoqlama yozuv usulida yuritish printsipi xo‘jalik yurituvchi sub’ekt buxgalteriya operatsiyalarini ikkiyoqlama yozuv tizimi asosida ro‘yxatga olishi lozimligini bildiradi. Ikkiyoqlama yozuv tizimi shundan iboratki, bir xo‘jalik operatsiyasining summasi buxgalteriya hisobining ikki schyotida - birining debetida va ikkinchisining kreditida aks ettiriladi.
Xo‘jalik operatsiyalari, aktivlar va passivlarning pulda baholanishi barcha xo‘jalik operatsiyalari, voqealar, aktivlar va passivlar bir xil birlikda o‘lchanishi - pul bilan baholanishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasida pul birligi - so‘m, uning bo‘laklari - tiyinlardir.
Hisoblash printsipi pul oqimi to‘grisidagi hisobotdan tashqari moliyaviy hisobotlar hisoblab yozish tamoyili asosida tuziladi.
Hisoblab yozish tamoyiliga muvofiq aktivlar, passivlar, xususiy kapital, daromadlar, xarajatlar, xo‘jalik operatsiyalari va voqealar buxgalteriya hisobida bu harakatlar yuzasidan pul mablag‘lari yoki ekvivalentlari olingan yoxud to‘langan paytda emas, balki shu harakatlar sodir etilgan (yoki haqiqatda olingan) paytda aks ettiriladi.
Hisoblab yozish tamoyili asosida tayyorlangan moliyaviy hisobotlar undan foydalanuvchilarga o‘tmishda pul to‘lab yoki pul mablag‘larini olib amalga oshirilgan operatsiyalar to‘g‘risidagina emas, shuningdek kelgusida pul to‘lanadigan majburiyatlar to‘grisida ham axborot beradi, bu esa tegishli iqtisodiy qarorlarni qabul qilish chog‘ida juda zarur hisoblanadi.
Oldindan ko‘ra bilish (ehtiyotkorlik) printsipi moliyaviy hisobotda aktivlar va daromadlar narxining oshirilib yuborilishiga va majburiyatlar yoki xarajatlar bahosi kamaytirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi lozimligini bildiradi.
Bu tamoyilning qo‘llanishi yashirin zahiralarni barpo etishga yoki ta’minotni oshirib ko‘rsatishga, aktivlar yoki foydani, majburiyatlar va xarajatlarni ataylab kamaytirishga va oshirib ko‘rsatishga huquq bermaydi.
Mazmunning shakldan ustunligi tamoyilning mazmuni shuni bildiradiki, agar hisobga olish hujjatlarida va moliyaviy hisobotda axborot operatsiyalar va voqealarning mazmunini to‘gri aks ettirsa, bu axborot moliyaviy hisobotda hisobga olinishi va ko‘rsatilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |