Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi instituti kafedra : pedagogika va psixologiya
Ma`ruza 1. PSIXOLOGIYA FANINING PREDMETI VA FANLAR TIZIMIDA TUTGAN O`RNI
Download 62.65 Kb.
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tayanch iboralar
- PSIXOLOGIYA FANINING PREDMETI
- "Psixologiya"
Ma`ruza 1. PSIXOLOGIYA FANINING PREDMETI VA FANLAR TIZIMIDA TUTGAN O`RNI
Reja:
Psixologiya fanining predmeti. Psixologiyaning fan sifatida rivojlanishi. Psixik hodisalar va ularning shakllari. Psixologik nazariyalarning yo`nalishlari. Hozirgi zamon psixologiya fani va uning fanlar tizimida tutgan o`rni. Tayanch iboralar: Psixologiyaning fan sifatida yuzaga kelishi. Psixologiyaning asosiy tushunchalari: psixik aks ettirish, psixik hodisalar, jarayonlar, holatlar, shaxsning xususiyatlari. Ilmiy psixologiyaning nazariy asoslari. Psixologiyaning fan sifatidagi taraqqiyotining asosiy bosqichlari. Hozirgi zamon psixologiyasining muhim, asosiy yo`nalishlari, turli qarashlar, oqimlar. Psixologiyaning fan sifatidagi vazifalari. YOshlarning ma`naviyatini shakllantirish va ta`lim-tarbiya jarayonini jahon andozalariga mos ravishda, ilmiy asosda tashkil qilishdagi roli. Psixologiyaning fanlar tizimida tutgan o`rni. PSIXOLOGIYA FANINING PREDMETI Har bir fan boshqa fanlardan o`z predmeti bilan farq kiladi. Boshqa fanlardan farqli ravishda, psixologiya fanining predmeti, u bahs yurituvchi hodisalarning o`ziga xos xususiyatlarini aniqlash va tushunish qiyinroq. Buning sababi psixik hodisalarning o`zgachaligi, odamni qurshab turgan tashqi olamdagi hodisalardan farq qilishida. Psixologiyaning predmeti psixika deb atalmish turli hodisalar (idrok, xotira, tafakkur, iroda va h.k.) bo`lib, ular voqelikdagi haqiqiy hodisa va faktlarga qarama-qarshi qo`yib kelingan. Psixologiyaning predmetiga bo`lgan munosabat uning nomida aks ettirilgan. "Psixologiya" so`zi ikki grekcha SO`Z ( "psyuxe" - "jon, ruh", "logos’" - "ta`limot") birikmasidan iborat bo`lib "ruh, jon" haqidagi ta`limot degan ma`noni anglatadi. Psixik hodisalarning barchasi "psixika", "odam psixikasi","kishining ichki dunyosi", "ruhiy hayoti" kabi nomlar bilan ataladi. Psixologiyaning rivojlanish tarixida psixologik bilimlarning to`planishi ikki yo`nalishda amalga oshgan: 1. Hayotiy psixologiyaning rivojlanishi. 2. Ilmiy psixologiyaning rivojlanishi. Psixik jarayonlar, psixik xususiyatlar, psixik holatlar haqidagi bilimlar hali ilmiy bilimlar yuzaga kelmagan juda qadim zamonlardayoq hayotiy tajriba asosida yuzaga kelgan. Bu bilimlar turli amaliy faoliyat, hamkorlik, o`zaro munosabatlar jarayonida shakllanib avloddan-avlodga o`tib, tilda, xalq ijodiyotida, maqollarda, san`at asarlarida o`z ifodasini topgan. Masalan, odam xotira jarayonlar haqida ilmiy bilimga ega bulmasa ham biror matnni takror-takror o`qish uni yaxshi esga olib qolishga yordam berishini biladi. Bunday bilimlar keng tarqalgan bo`lib, ular atrofdagi odamlarning xulq-atvorini tushunishda, kishi o`z faoliyatini tashqi olamga, voqelikka to`g`ri, mos tashqil qilishiga xizmat qilgan. Ammo psixologiyadagi hayotiy bilimlarning hammasining ostida haqiqat, qonuniyat yotadi deb bo`lmaydi. Ikkinchidan, ko`pchilik hayotiy bilimlardan turli kasblarga doir amaliy faoliyatda (pedagogika, tibbiyot, ishlab chiqarishda) foydalanib bo`lmaydi. Bu sohalarda ob`ektiv va ishonchli bilimlar talab qilinadi. Bunday bilimlar ilmiy bilimlardir. Ilmiy psixologiya hayotdagi psixik faktlarni miqdor (reaktsiya tezligi, xotira hajmi, diqqatning ko`lami va h.k.) va sifat jihatdan (idrokning konstantligi, tafakkurning mustaqilligi, xotiraning anglanganligi va h.k.) o`rganadi. Ilmiy psixologiya psixik faktlarni o`rganish va ularni tasvirlash bilan cheklanib qola olmaydi. Ilmiy bilish hodisalarni tasvirlashdan ularni tushuntirib berishga o`tishni talab qiladi. Buning uchun o`rganilayotgan psixik hodisa qaysi qonuniyatga buysunishini aniqlash va o`rganish lozim. Chunki barcha psixik hodisalar doimo va bir xil tarzda yuzaga chiqmaydi. Bu hodisalar yuzaga chiqishi ma`lum qonuniyatlarga bog`liq. Shu sababli ba`zi hatti-harakat shakllari, odatlar kishining hayotga moslashishiga yordam bersa, boshqalari sharoit o`zgarganda o`zining maqsadga muvofiqligini yo`qotadi va hatti-harakatni yangidan shakllantirishni talab qiladi. Hatti-harakatni samarali ravishda qayta qurish uchun uning mexanizmlarini bilish lozim. Hodisalar o`rtasidagi qonuniy bog`liqlikni bilishning o`zi ana shu qonuniyatni keltirib chiqaradigan mexanizmlarni ochib bera olmaydi. Psixik faoliyat mexanizmlari u yoki bu psixik protsessni yuzaga keltiruvchi aniq anatomik hamda fiziologik apparatlarning ishi bilan bog`liq bo`lganligi tufayli psixologiya bu mexanizmlarning tabiati va ta`sir masalalarini boshqa fanlar (fiziologiya, biofizika, bioximiya, kibernetika va boshqalar) bilan birgalikda aniqlaydi. Shunday qilib, hozirgi zamon psixologiya fani psixik hodisalarni, ularning mexanizmlarini, ular ostida yotgan qonuniyatlarni o`rganuvchi fandir. Psixologiya o`quv predmeti va fan sifatida farqlanadi.
Download 62.65 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling