8.2. Mehnat bozori
Mehnat qilish insonning o‘z ish kuchini foydali sarflashi, ya’ni
uning natijasida tovarlar yoki xizmatlar yaratishdir. Kuch-quvvatni
befoyda sarflash mehnat hisoblanmaydi, albatta. Mehnat ish kuchining
sarflanishi, ish kuchi esa insonning qobiliyati bo‘lib, uning jismidan
ajralgan holda mavjud bo‘lmaydi. Ish kuchi ham tovar bo‘ladi.
Mehnat bozori — bu ish kuchi oldi-sotdi qilinadigan bozordir.
Bu bozorda ishga yollanuvchilar o‘z mehnatini taklif etadilar,
ishga oluvchilar esa mehnatga o‘z talabini bildiradilar. Ishga
yollanuvchi erkin shaxs, ishlash yoki ishlamaslik uning ixtiyorida. U
o‘z shaxsini emas, balki o‘z mehnatini sotadi, sotganda ham ma’lum
vaqtga va o‘ziga ma’qul narx bilan sotadi. Ishga yollovchi mehnatdan
naf kutganligi uchun uni sotib oladi. Ish kuchi oldi-sotdisi bevosita
xaridor bilan sotuvchi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuz berishi mumkin.
Bunda ishlayman degan kishi o‘zi ish topadi, korxona esa uni ishga
oladi. Oldi-sotdida vositachilar ishtirok etganda ular xaridor bilan
sotuvchini bir-biri bilan bog‘laydi. Bu vazifani mehnat birjalari yoki
ish topib beruvchi firmalar bajaradi. Birjalar firmalarda bo‘sh ish
o‘rni borligini aniqlab, ish qidirganlarni o‘sha yerga yuboradilar. Ish
kuchining oldi-sotdisi mehnat bitimi shaklida rasmiylashtiriladi.
Bitimlar asosida va belgilangan tartibda ishga qabul qilish va
ishdan bo‘shatish uyushgan mehnat bozoriga xos bo‘ladi. Bu bozor
mehnat birjasi shakliga ega. Bu yerda bo‘sh ish o‘rinlari (vakansiyalari)
ishlashga talabgorlarga taklif etiladi. Amalda tartibsiz mehnat bozori
ham borki, bu O‘zbekistonda mardikor bozori shakliga ega. Bu yerda
ishga yollash qisqa muddatli (odatda bir kunga) yuz beradi va og‘zaki
kelishuv asosida bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |