Dullo quronov galaktikada bir
Download 1.03 Mb. Pdf ko'rish
|
Galaktikada bir kun PDF Lotin
UCHISH REJASI
“Koʻkkezar”ning fazoga koʻtarilishiga atigi bir necha soat qolgan. Ikkala fazogir ham kuchli hayajonda. Chunki ularni oldinda judayam gʻaroyib sarguzashtlar kutib turgani aniq. Qahramonlarimiz qanday boʻlmasin, kristalli topib, Salmir sayyorasini halokatdan qutqarib qolishlari shart. Aks holda, haqiqiy falokat yuz beradi. Ahmadning fazoga qiladigan sayohati uchun judayam qulay vaqt tanlangan edi. Chunki bugun Ahmad ota- onasi bilan xayrlashib yozgi oromgohga ketishi kerak. U oromgohga emas, toʻgʻri Abdukarim amakining hovlisiga yoʻl oldi. Oʻzi bilan barcha kerakli narsalarini ham olgandi. Kichkina doʻstini kutib oʻtirgan Margolning chehrasi yorishib ketdi. 40 – Toʻgʻrisini aytsam, shu daqiqagacha kelmay qolasanmi deb qoʻrqib oʻtirgandim, – dedi Margol bolalarday quvonib. – Mana, keldim, chunki yerliklar bir soʻzli boʻlishadi, – dedi Ahmad magʻrur turib. – Bunga yana bir bor amin boʻldim, – tasdiqlab qoʻydi Margol. Shundan soʻng Margol qogʻoz va qalam olib Ahmadga yuzlandi: – Kel, endi vaqtni oʻtkazmay sayohatimiz rejasini tuzib olaylik. Avvaliga Margol Quyosh tizimiga uyushtirilgan ekspeditsiyaning maqsadini batafsilroq tushuntirib oʻtdi. – Salmir olimlari N 2 G kristalli Quyosh tizimidagi aynan qaysi sayyorada ekanini aniqlay olishmagan. Vaqtimiz kamligini hisobga olib men 9 ta sayyoraning hammasiga emas, balki eng zarurlariga borish kerak deb oʻylayman. – Kechirasiz, Margol, sayyoralar 9 ta emas, balki 8 ta. Aniqrogʻi, Pluton 2006-yilda sayyoralar safidan chiqarilib, jajji sayyoralar qatoriga kiritilgan. Shunday qilib, ular 8 ta qolgan. – Bundan xabarim bor. Ammo Quyosh tizimida yerliklar bilmaydigan yana bir ulkan sayyora ham mavjud. – Yoʻgʻ-e! – Ahmad uchun bu kutilmagan yangilik boʻldi. – Ha, baʼzi yerlik olimlar matematik hisob-kitoblarga koʻra bu sayyoraning borligini aytishadi. Ammo haligacha uni biror teleskop aniqlagani yoʻq. Chunki u Quyoshdan eng olisda joylashgan sayyoradir. Biz unga PN-1437 raqamini berganmiz. *** Hammamiz, Quyosh tizimi Merkuriy, Venera, Yer, Mars, Yupiter, Saturn, Uran va Neptun kabi jami 8 ta sayyoradan tashkil topganini yaxshi bilamiz. Lekin ayrim olimlar 41 9-sayyoraning borligini aytishyapti. 2016-yilda AQSHning Kaliforniya universiteti astronomlari Maykl Braun va Konstantin Batigin ilmiy bayonot bilan chiqishdi. Ular Quyosh tizimining eng olis qismida judayam yirik nomaʼlum sayyora bor ekanini aytishgan. Astronomlarning bayonotiga koʻra, oʻsha toʻqqizinchi sayyora Yerdan 10-marta katta boʻlib, Quyosh tizimining eng olis joyi – Koyper belbogʻidan ham uzoqroqda aylanib yuradi. Bu sayyora juda olisda boʻlgani sabab boshqa sayyoralar kabi quyosh nurini qaytara olmaydi. Shuning uchun uni teleskop bilan ham koʻrib boʻlmaydi. Yer quyosh atrofida 365 kunda aylansa, 9-sayyora bu masofani 10 000-yilda bosib oʻtarmish. Xullas, oʻsha toʻqqizinchi sayyora haqidagi maʼlumotlar hali oʻz isbotini topganicha yoʻq. Chunki bu sayyorani hali hech kim oʻz koʻzi bilan koʻrmagan. Olimlar esa uni boshqa osmon jismlariga koʻrsatayotgan taʼsiri tufayli taxminan aniqlashgan, xolos. 1846-yilda Neptun sayyorasining borligi ham faqat matematik hisoblar evaziga aniqlangan. Bu safar ham olimlar shunga oʻxshash kashfiyot qilishgan. Hozircha olimlar nomaʼlum sayyorani matematikadagi nomaʼlumlik belgisi boʻlgan “X” harfi bilan bogʻlab “X sayyora” deb nomlashmoqda. Nomaʼlum sayyorani “kashf” qilgan olimlarning oʻzi esa juda katta ekani tufayli hazillashib “doʻmboq” deb ham atashadi. – Demak, biz oʻsha nomaʼlum sayyoraga ham uchamiz, shundaymi? – soʻradi Ahmad. – Yoʻq, shart emas. Issiq boʻlgani uchun Merkuriyga keyinroq uchamiz. Yana Yupiter, Saturn, Neptun kabi sayyoralarga ham borishning hojati yoʻq. Chunki bu sayyoralarning sathi quyuq gazdan iborat. Ularda Yerdagi kabi qattiq yuza emas, balki suyuq yadro va gazlar bor, xolos. 42 – Toʻgʻri, bu sayyoralarning sathiga qoʻnishning imkoni yoʻq, – tasdiqladi Ahmad. – Ammo Yupiterning Yer sayyorasiday keladigan ulkan yoʻldoshlari Io, Yevropa, Ganimed va Kallisto ham bor-ku! – Toʻgʻri aytasan, unda Yupiterning yoʻldoshlariga borishni ham rejaga kiritib qoʻyaman, – Margol shunday deb qogʻozga yoʻldoshlar nomini yozib qoʻydi va dedi: – Ahmad, kel, oldin Veneraga, soʻng Marsga uchamiz. Agar kristallni topa olmasak, keyin boshqa sayyoralarga safar qilamiz. – Menimcha, bu eng toʻgʻri qaror, kelishdik. Rejani tuzib olgan qahramonlarimiz endi tunni intiqlik bilan kuta boshlagan edilar. Download 1.03 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling