Elif Shafaq ishqqa oid qirq qoida
Download 1.48 Mb. Pdf ko'rish
|
Ishqqa oid 40 qoida
Cho'l atirguli, fohisha
1244 yil, 17 oktyabr, Konya. Tor kucha bo'ylab ortga qarashdan ham qo'rqqancha, bor kuchim bilan chopdim. Bozorga yetganimda o'pkalarim olovdek yonardi. Hushimdan ketayozib, devorga suyandim. Shundagina atrofga qarashga jasorat topdim. Hayrat va quvonch bilan izimdan faqat bitta odam chopib kelayotganini ko'rdim. Bu Sezam edi. Nafasi bo'g'ilgan, jahli chiqqan va nima uchun mening Konya ko'chalari bo'ylab bunday telbalarcha chopganimni so'ray ham olmasdan, holsiz qo'llarini osiltirgancha yonimda to’xtadi. Hammasi shunchalik tez bo'lgan ediki, men faqat bozorga etib kelganimdan keyingina, bu qanday bo'lganini tushunib etdim. Masjidda dunyodagi hamma narsani unutib, Rumiyning hikmatlarga to'la xutbasini eshitib o'tirgan edim. Shunday o'tirgan ekanmanki, yonginamda o'tirgan yosh yigitcha mening yuzimni o'rab turgan matoning uchini tasodifan bosib olganiga ham e'tibor qilmabman. Men buni sezib ulgurmasimdan sallam yon tomonga og'ib ketib, yuzim va sochlarim ochilib qolgan edi. Darhol matoni tortib, sallamni to'g'rilab, hech kim hech nima payqab qolmaganiga ishonch hosil qilib va'zni eshitishda davom etdim. Lekin shu zahoti birinchi qatordagi bir kishi irjayib qarab turganiga ko'zim tushdi. Yuzi to'rtburchak, qirraburun, og'zi qulog'iga etgudek bo'lib kulib turardi. Bu Beybars edi. Bizning ishratxona mijozlari ichida eng yaramasi shu Beybars edi, qizlardan hech biri u bilan birga bo'lishni istashmas edi. Ba'zi erkaklar fohishalarni yoqtirish bilan bir vaqtda, ularni qattiq xafa qilishni ham yaxshi ko'rishadi. Beybars shundaylardan edi. Hamisha behayo hazillar qilardi. Bir marta qizlardan birini shunday urgan ediki, hatto pulni juda yaxshi ko'radigan bekamiz ham uni haydab solgan va boshqa bu yerning ostonasiga yaqin kelmaslikni buyurgan edi. Lekin u bir emas, yana ko'p marta kelavergan edi. Bir necha oy shu tarzda qatnagan edi. Lekin keyin qandaydir noma'lum sababga ko'ra, ishratxonamizga kelmay qolgan va biz u haqida boshqa hech nima eshitmagan edik. Hozir esa soqol o'stiripti, eng birinchi qatorda haqiqiy musulmon qiyofasida o'tiripti, faqat ko'zlari avvalgiday jirkanch yiltirar edi. Men darhol yuzimni o'girdim, lekin kechikkan edim. Beybars tanib qoldi. O'z yonida o'tirgan odamga pichirlab nimalardir dedi, keyin ikkisi ham menga qarashdi. Undan keyin meni yana kimgadir ko'rsatishdi va masjiddagi hamma erkaklar birin-ketin o'girilib, menga qaray boshlashdi. Men qip-qizarib ketayotganimni sezdim. Qo'rqqanimdan yuragim tez urardi, lekin o'rnimdan qo'zg'ala olmas edim. Go'yo atrofdagilardan meni yashira oladiganday va baloni daf eta oladiganday ko'zlarimni yumib oldim. Ko'zlarimni ochganimda Beybars o'tirganlarni itar-sitar qilgancha men tomonga kelardi. Men sapchib eshik tomon otildim, lekin zich o'tirgan erkaklar orasida bo'lganim uchun tez qocha olmasdim. Beybars esa men tomon sakrab yaqinlashardi va shunchalik yaqin kelib qoldiki, hatto nafasini his etdim. Keyin u qo'limni mahkam ushladi va tishlari orasidan gapirib dedi: - Bu yerda fohisha nima qilayapti? Senda uyat yo'q ekan! - Iltimos... iltimos, meni qo'yib yubor, - deya g'o'ldiradim men, lekin u eshitmadi ham, menimcha. Sherigi ham unga qo'shildi. Kuchli, qo'rqinchli, takabbur, o'zining haqligiga qattiq ishongan erkaklar g'azab bilan menga haqoratlar yog'dira ketishdi. Boshqa yon atrofdagilar ham shovqinga o'girilib qaray boshlashdi. Bir necha odam bularni tartibga chaqirishga urinib kurishdi, lekin hech kim ularga quloq solmadi. Meni tashqariga sudrab chiqishayotganlarida hech qanday qarshilik ko'rsatmadim. Ko'chaga chiqqanda atigi bir daqiqa, agar eng yomon narsa boshlansa, Sezam qochishimga yordam beradi degan umid miltilladi. Lekin masjid ichida va'zchiga hurmat yuzasidan o'zlarini tiyib turgan va meni urmagan odamlar ko'chada o'zlarini bemalol qo'ya olishlarini angladim. Hayotimda ko'p ishlarni boshdan kechirganman, lekin hech qachon bunchalik nochor ahvolga tushmagan edim. Juda uzoq yillar shubha-gumonlar ostida yurib birinchi marta Xudo sari birinchi qadamni qo'ysam-u, Uning javobi shu bo'ldimi? Meni dargohidan quvib chiqardi! - U yoqqa bormasligim kerak ekan, - dedim Sezamga va o'z ovozimni o'zim tanimay qoldim. - Ha, ular ham o'zlaricha haqli. Masjidda ham, Uning boshqa dargohlarida ham fohishaga nima bor?! - Unday dema! Buni kim aytganini bilish uchun o'girildim va ko'zlarimga ishonmadim. Bu o'sha besoqol darbadar darvish edi. Sezam uni qayta ko'rib turganidan juda xursand, og'zi qulog'ida kulardi. Men uning qo'llarini o'pish uchun intildim, lekin u meni to'xtatdi: - Unday qilma, iltimos. - Lekin minnatdorligimni qanday izhor etay? Meni o'limdan saqlab qoldingiz. U befarqlarcha yelkalarini qisdi. - Sen mendan hech nima qarzdor emassan, - dedi darvish. - Biz faqatgina Uning oldida hammasi uchun qarzdormiz. U menga o'zini Shams Tabriziy deya tanishtirdi, keyin g'alati narsalarni gapirib ketdi: - Ba'zi insonlar ajoyib aura (ruhiy quvvat rangi) bilan tug'ilishadi, lekin keyinchalik bu rang xiralashadi. Menimcha, sen ham shundaylardansan. Bir vaqtlar sening aurang sariq va pushtirang xolli oq lolagulnikidan ham tiniqroq bo'lgan, lekin birmuncha vaqtdan keyin u o'zgargan. Endi uning rangi och jigarrang bo'lib qolgan. Nahotki oldingi holatingga qaytishni istamasang? Men nima deyishni bilmay, unga qarab qoldim. - Sening aurang avvalgi rangini yo'qotgan, chunki uzoq vaqt mobaynida senga ichkaridan ham, tashqaridan ham iflos fohisha, deb qarab kelishgan. - Men rostdan ham iflosman, - dedim lablarimni bir-biriga bosib. - Men qanday yo'l bilan tirikchilik qilishimni bilmaysizmi? - Quloq sol, bir narsani hikoya qilib beray, - dedi Shams. Bir kuni fohisha daydi itning yonidan o'tib ketayotgan ekan. It bechora jaziramada chanqovdan qattiq azob chekayotgan ekan. Fohisha yaqin oradagi quduqqa borib oyog'idagi kavushini echib, suv solib itning chanqog'ini qondiripti. Keyin o'z yo'lidan ketipti. Ertasi kuni u so'fiyni uchratipti, u buyuk donishmand ekan. U ayolning qo'lini o'pipti. Ayol hayron bo'lipti. So'fiy ayoldagi itga bo'lgan rahmdillik chin qalbdan bo'lganini va bu uning barcha gunohlaridan kuchli ekanini va ularning barchasini o'sha zahoti yuvib yuborganini aytipti. Men Shamsning nima haqida gapirayotganini tushunib turardim, lekin negadir unga ishonmas edim. - Men hatto Konyadagi barcha itlarning qornini to'yg'azsam ham, gunohlarimni yuvish uchun yetarli bo'lmaydi, - dedim men. - Sen buni bila olmaysan, buni faqat Xudo biladi. Nima, seni masjiddan haydab chiqargan erkaklarni Xudoga o'zingdan ko'ra yaqinroq, deb hisoblaysanmi? - Agar ular Xudoga yaqin bo'lmasalar, - dedim men ishonqiramay, - buni ularga kim aytadi? Senmi? Darvish bosh chayqadi: - Yo'q, bu to'g'ri kelmaydi. Sen o'zing ularga aytishing kerak. - Ular meni eshitishadi, deb o'ylaysanmi? Ular mendan nafratlanishadi-ku! - Ular eshitishadi, - dedi qat'iy qilib Shams Tabriziy. - Chunki «men» degan tushuncha bo'lmagani kabi «ular» degan tushuncha ham yo'q. Butun olam, undagi hamma narsalar o'zaro bog'langan. Biz - yuzta yoki mingta har xil mavjudotlar emasmiz. Biz hammamiz Bir butunmiz. Men uning o'z fikrini tushuntirib berishini kutib turardim, lekin buning o'rniga dedi: - Qirq qoidaning bittasi shu. «Agar odamlarning senga munosabatlari o'zgarsin desang, avval o'zingning o'zingga munosabatingni o'zgartir. O'zing o'zingni chin qalbdan sevishni o'rganmaguningcha, seni hech kim seva olmaydi. Lekin bunga erishganingdan keyin ham odamlar senga qarshi otadigan barcha tikanlardan minnatdor bo'lishing kerak. Zero, bu sening yaqin orada atirgullar ichiga tushmog'ingdan nishonadur». Darvish biroz vaqt jim qoldi. - Agar o'z qadringni o'zing bilmasang, boshqalar sening qadringni qanday bilsin? Unga bir og'iz so'z ayta olmadim, lekin men fahmiga yeta olmagan bir narsaga mahkam yopishib olgan edim. Men bilan birga bo'lgan erkaklarni eslab ketdim - ularning hidlarini, qo'llarini, o'sha vaqt... Qanday baqirishlarini... Yuvoshgina yigitchalarning maxluqqa aylanib ketishlarini va maxluqqa o'xshaganlarning yuvosh bolalarga aylanib qolishlarini ko'rganman. Ayollar bilan birga bo'lganida unga tuflaydigan bir erkakni ham esladim. - Iflos, - degan edi u mening yuzimga tuflab, - iflos fohisha. Endi mana bu darvish menga bahor jilg'asiday musaffoligimni uqtirmoqchi bo'layapti. Bu xuddi achchiq hazilga o'xshaydi. Men kulishga harakat qildim, lekin xo'ngrab yig'lab yuborishimga sal qoldi. - O'tmish - bu girdob. Agar uning hozirni o'z soyasida qoldirishiga yo'l qo'yib bersang, u seni o'z tubiga tortib ketadi, - dedi Shams xuddi mening fikrlarimni o'qiganday. - Vaqt - bor-yo'g'i sarob. Sen hozirgi damda yashashni o'rganishing kerak. Faqat hozirgi on ahamiyatga ega. Shu gaplarni ayta turib u ichki cho'ntagidan ipak ro'mol oldi. - Buni ol, - dedi u. - Bag'dodda bir yaxshi kishi buni menga bergan edi, lekin u mendan ko'ra senga ko'proq kerak. U senga yuraging tozaligini va qalbingda Xudo borligini eslatib turadi. Shularni aytgach, darvish hassasini qo'liga oldi va ketish uchun o'rnidan turdi. - Lekin sen avval fohishaxonadan ketishing zarur. - Qanday qilib? Qayoqqa boraman. - Bu muammo emas, - dedi Shams ko'zlari chaqnab. - Men senga ko'rsatgan yo'l bexavotir. Sen buning o'rniga eng birinchi qo'yadigan qadaming haqida o'yla. Eng qiyini shu. Lekin birinchi qadamni qo'ygan zahoting qolgani o'z- o'zidan bo'ladi. Oqimda suzma, oqimning o'zi bo'l. Men bosh silkitdim. Shamsdan hech nima so'rash kerak emas edi. Bu uning navbatdagi qoidasi ekanini tushungan edim. Download 1.48 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling