Elif Shafaq ishqqa oid qirq qoida
Download 1.48 Mb. Pdf ko'rish
|
Ishqqa oid 40 qoida
- Bu sahifa navigatsiya:
- Document Outline
2009 yil, 7 sentyabr, Konьya.
Uni noodatiy ovozlar birdan uyg'otib yuborganida, uning karavoti yoniga qo'yilgan kresloda uxlayotgan edi. Ella ko'zlarini ochib, quloq soldi. Qorong'uda kimdir notanish so'zlarni aytardi. U ko'chada odamlarni namozga chaqirishayotganini (azon aytilayotganini) darrov ilg'amagan edi. Yangi kun boshlanmoqda edi. Lekin u bu kun nimagadir barham berishini his etardi. Azonni birinchi marta eshitgan har qanday odamdan so'rasangiz, u ham ayni shu gapni aytadi. Bu chaqiriq ham go’zal, ham sirli. Lekin unda odamda qandaydir qo'rquv uyg'otadigan allanima ham bor. Ishqqa o'xshash nimadir. Ella shu ovozdan titrab, uyg'onib ketdi. Qorong'uda bir necha bor ko'zlarini tez-tez qisib, nihoyat, bu ovoz tashqaridan kelayotganini angladi. Ella o'zining Massachusetsda emasligini darrov anglay olmagan edi. U eri va uch farzandi bilan yashab kelgan kenggina uy boshqa hayotida - uzoq va tumanli o'tmishida - qolgan edi, u go'yo umuman bo'lmaganday, haqiqiy hayoti emas, balki ertakday bo'lib qolgan edi. Ha, bu yer Massachusets emas. U hozir zaminning boshqa qismida, Turkiyada, Konya shahrining shifoxonasida edi. Va hozir u bir tekis nafas olishini eshitib turgan erkak uning yigirma yillik eri emas, balki o'tgan yilning serquyosh yozida uni deb eridan qochib ketgan sevgilisi edi. «Nahotki kelajagi yo'q erkakni deb eringni tashlab ketsang? - deb unga bir xil savol berishardi hamma dugonalari va qo'ni- qo'shnilari. - Bolalar nima bo'ladi? Ular seni kechirisharmikin?» Ella stol ustidagi kechki chiroqni yoqdi, uning iliq va sarg'ish yorug'ida o'zi uxlab qolgan bir necha soat ichida hech qanday o'zgarish bo'lgan-bo'lmaganini bilish uchun atrofga nazar soldi. U o'zi ko'rgan shifoxonalar palatalari ichida eng kichkinasi edi; aslida u shifoxona palatalarini uncha ko'p ko'rmagan ham edi. Karavot xonaning deyarli hammasini egallagan edi. Karavotdan tashqari xonada yog'och shkaf, kichkina kvadrat shaklidagi stolcha, stul, bush vaza, turli dorilar solingan patnis, yonida esa shu sayohatga chiqishlaridan oldin Aziz o'qiyotgan «Men va Rumiy» degan Shamsning kitobi ham bor edi. Ular to'rt kun oldin Konyaga kelishgan edi va birinchi kunlarini oddiy turistlardan hech farq qilmay o'tkazishgan edi: yodgorliklar, muzeylar, arxeologiya qazilmalarini ko'rishdi, milliy taomlarni tatib ko'rishdi va hammasini fotosuratga tushirishdi. Kechagi kunga qadar hammasi yaxshi edi. Restoranda ovqatlanayotgan vaqtlarida birdan Aziz yiqildi, uni o'sha yerdagi eng yaqin shifoxonaga olib borishga to'g'ri keldi. Shundan buyon Ella undan nari ketmas va nimani kutayotganini o'zi bilmagani holda, garchi umid bo'lmasa ham, o'zi juda kech tuhfa etgan sevgilisini o'zidan tortib olayotgan Xudo bilan qattiq bahslasha- bahslasha kutardi. - Sevgilim, uxlayapsanmi? - shivirlab so'radi Ella. U Azizni bezovta qilishni istamasdi, lekin u Ellaga hushyor holda kerak edi. Javob bo'lmadi, faqat nafas maromi o'zgardi. - Uxlamayapsanmi? - qattiqroq shivirlab yana so'radi Ella. - Uxlamayapman, - sekin javob berdi Aziz. - Sen nimaga uxlamayapsan? - Ertalabki ibodat... - dedi sekin Ella, go'yo bu bilan hamma narsani tushuntirish mumkinday: uning sog'lig'i yomonlashganini ham, o'zining uni yo'qotishdan qo'rqayotganini ham, o'zining telbalarcha sevgisini ham. Aziz karavotda Elladan ko'z uzmay o'tirib oldi. Lampaning yengil yorug'ida oq yostiqlar fonida uning chiroyli yuzi oppoq oqarib turardi, shunga qaramay, unda quvvat, hatto abadiylik namoyon edi. - Ertalabki ibodat boshqacha, - shivirladi Aziz. - Musulmonlar har kuni ado etadigan besh vaqt namoz orasida tonggi namoz eng asosiyligi va eng samimiyligini bilasanmi? - Nima uchun? - Chunki, menimcha, odamning uyqusi bo'linadi, bu esa unga yoqmaydi. Biz uxlashni afzal ko'ramiz. Shuning uchun ertalabki namozda boshqa namozlarda bo'lmagan «Uxlashdan ibodat afzal» degan satr bor. «Lekin, baribir, ikkalamizga ham biroz uxlagan yaxshiroqmidi, - o'yladi Ella. - Agar biz birga uxlay olsak edi». U yengilgina, osuda uyquni - o'zidagi og'riqni bosadigan ko'p yillik butkul dong qotiradigan uyquni orzu qilayotgan edi. Birmuncha vaqtdan keyin azon tugadi. Oxirgi sas to'xtagach, dunyoga chidab bo'lmas jimjitlik cho'kdi. Ular bir yil birga bo'lishgan edi. Bir yillik ishq. Bu vaqtning katta qismida Aziz sayohat uchun yetarlicha kuch-quvvatga ega bo'lgan edi, lekin keyingi ikki hafta ahvoli yomonlashdi. Ella uning yana uyquga ketayotganini kuzatib turdi, uning sokin va juda qadrli chehrasiga termuldi. Uni qo'rquv qamrab oldi. Og'ir xo'rsinib, palatadan chiqdi. Devorlari yashilga bo'yalgan yo'laklardan yurib, qari va yosh, erkak va ayol har turli odamlar tuzalayotgan va vafot etayotgan palatalar, bo'limlardan o'tib, yo'lak bo'ylab yurib ketdi. Ella o'ziga qiziqsinib qarayotganlarni e'tibor bermaslikka harakat qilardi, lekin oqish sochlari va moviy ko'zlari uning begonaligini ko'rsatib turardi. U hech qachon o'zini bunchalik yot his etmagan edi. Bir necha daqiqadan keyin Ella shifoxona bog'ida fontan yonida o'tirardi. Bu yerda farishtaning kichik haykalchasi bor edi va suv ostida bir nechta kumush tanga - kimlarningdir orzu-istaklari nishonasi bo'lib - yiltirab yotardi. Ella cho'ntaklarini kavladi, lekin allanimalar yozilgan qog'ozchalardan boshqa hech nima topmadi. U yoq-bu yoqqa qarab, yaqin orada bir necha tekis qora toshchalarga ko'zi tushdi. Ulardan birini oldi va ko'zlarini yumib, orzusini, garchi ushalmasligini bilsa hamki, ovoz chiqarmay aytib, toshni fontanga otdi. Toshcha fontan devoriga urildi, chetga, to'ppa- to'g'ri farishtaning tizzasiga borib tushdi. «Aziz shu yerda bo'lganida edi, - xayol qildi Ella, - bu bir nimaning belgisi ekanini bilgan bo'lar edi». Yarim soatlardan keyin palataga qaytib, u yerda shifokor va hamshira borligini ko'rdi. Aziz boshi bilan choyshabga o'rab qo'yilgan... U ketdi... Azizni o'zining sevimli insoni Rumiy kabi Konyaga dafn etishdi. U biron bir ikir-chikirni unutmaslikka harakat qilib, dafn marosimini o'tkazishga e'tibor qaratdi. Eski qabristonda katta magnoliya daraxti ostida qabr uchun joy topdi. Keyin dafn marosimida nay chalishga rozilik bergan so'fiy mashshoqlarni izlab topdi, Azizning barcha mamlakatlaridagi do'stlariga, dafn marosimiga taklif etib, elektron xabarlar yozdi. Ella uzoq mamlakatlardan, hattoki Keyptaun, Sankt- Peterburg, Murshidobad, San-Pauludan ko'pchilik odamlar kelganidan mamnun bo'ldi. Ular orasida Azizning fotograf hamkasblari, asrandi farzandlari, shuningdek, olimlar, jurnalistlar, yozuvchilar, raqqoslar, haykaltaroshlar, biznesmenlar, fermerlar, uy bekalari bor edi. Marosim iliq va xushkayfiyatlar bilan o'tdi, unda barcha din, mazhab vakillari qatnashdi. Ular, uning o'z istagiga binoan, marosimni bayram qilib o'tkazishdi. Bolalar betashvish o'yinlar qilishdi. Meksikalik shoir o'zlarining urflariga binoan hammaga «pan de los muertos» (o'lganlar uchun non deb atalgan yeyiladigan narsa) ulashib chiqdi, Azizning shotlandiyalik do'sti esa hech kim o'limga qo'rqish kerak bo'lgan hodisa, deb hisoblamasligi uchun hammaning ustidan gul yaproqlarini sochib chiqdi. Marosimni kuzatgan ko'zlari sinovchan va samimiy tabassumli shu yerlik qari bukchaygan chol bu marosimni, ko'p asrlar avval Konyada Mavlono uchun o'tkazilgan dafn marosimini hisobga olmaganda, eng devonavor marosim deb aytdi. Dafn marosimidan keyin ikki kun o'tgach, nihoyat yolg'iz qolgan Ella yonidan o'tayotgan oilaviy juftliklarni, unga nimadir tiqishtirishni istagan do'kondor- lar va ko'chalardagi sotuvchilarni kuzatib yurib shaharni aylandi. Hamma odamlar ko'zlari yig'idan qizarib ketgan amerikalik ayolga tikilib qarashardi. U bu yerda begona edi. To'g'risi, u hamma yoqda ham begona edi. Nomerga qaytib, oteldan chiqish va aeroportga yo'l olishdan oldin Ella jaketini echib, shaftolirang angor junidan tikilgan sviterini kiydi. Bolalari orasida faqat bittasiga, uning o'z tuyg'ulariga bo'ysunish istagini qo'llab- quvvatlagan Janetga telefon qildi. Orli bilan Avi hamon u bilan gaplashishni istamas edilar. - Oyi! Ahvolingiz qanday? - samimiy jonkuyarlik bilan so'radi Janet. Ella go'yo qizi uni ko'rib turgandek jilmaydi. Keyin zo'rg'a eshitiladigan qilib dedi: - Aziz vafot etdi. - Oh, oyijon, siz bilan hamdardman. Qisqa jimlik cho'kdi, har ikkisi ham yana nima deyish kerakligini o'ylashardi. Jimlikni Janet buzdi. - Oyijon, uyga qaytasizmi? Ella o'yga toldi. Qizining so'zlarida aytilmagan savollar bor edi: u o'zaro bir-birovlarini ayblash va xafalashuvlar tuguniga aylanib bo'lgan nikohni bekor qilish jarayonidan voz kechib, Nortgemptonga, eriga qaytadimi? U nima qilmoqchi? Uning puli ham, ishi ham yo'q edi. Lekin u ingliz tilidan dars berishi, jurnalda ishlashi, hatto omadi kelsa, albatta, biron joyda yaxshi muharrir bo'lib ketishi ham mumkin. Ella bir zumgina ko'zini yumib, yaqin orada o'zini shodu xurram va o'ziga ishongan qiyofada bo'la olishini tasavvur etdi. Uning hali shu vaqtga qadar faqat o'z kuchiga ishonib yashashiga to'g'ri kelmagan edi, lekin, ne ajabki, u o'zini yolg'iz qolgan deb his etmayotgan edi. - Qizalog'im, seni juda sog'indim, - dedi u. - Ukang va singlingni ham sog'indim. Meni ko'rgani kelasanmi? - Albatta, oyijon... biz boramiz... Lekin siz nima qilmoqchisiz? Rostdan ham bu yerga qaytishni istamaysizmi? - Men Amsterdamga boraman, - javob qildi Ella. - U yerda derazalari kanallarga qaragan kichik- kichik kvartiralar ijaraga beriladi. Pulim bunga etadi. Yana velosipedda uchishni o'rganishim kerak. Boshqasini hali bilmayman... Rejalashtirishni istamayman, azizam. Bir kun bilan, hozirning o'zi bilan yashamoqchiman. Ko'raylik-chi, nima bo'lar ekan? Bu Qoidalardan biri, agar tushunsang? - Oyi, bu qanaqa qoida? Nima deyapsiz? Ella deraza yoniga keldi va ajabtovur tiniq ko'm-ko'k lojuvard osmonga qaradi. - Bu qirqinchi qoida, - dedi sekin Ella. - «Ishq bo'lmasa, hayot ham kerak emas. Ishqning qay xilini izlasam ekan - ruhiysinimi yo jismoniysinimi, ilohiysinimi yoki dunyoviysinimi, g'arbga xosinimi yoki sharqqa xosinimi, deb o'zingdan so'rama... Ajratishlar yana boshqa ajratishlarga olib keladi.... Ishqning xos nomi yo'q. U qanday bor bo'lsa, shundayicha bor - oddiy va sof tuyg'u. Ishq obi hayotdir. Oshiqlik esa olov. Olov suvga oshiq bo'lgan chog'da butun koinot butkul boshqacha aylana boshlaydi». Document Outline
Download 1.48 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling