Elif Shafaq ishqqa oid qirq qoida
Download 1.48 Mb. Pdf ko'rish
|
Ishqqa oid 40 qoida
Sulton Valad
1248 yil, sentyabr, Konьya. Kambag'al-nochorlar, ichkilikbozlar, fohishalar, yetim-yesirlar, o'g'rilar... U oltin va kumushlarni ularga va jinoyatchilarga ulashib berdi. O'sha dahshatli kundan buyon otam juda o'zgardi. Dard-alam uni aqldan ozdiripti, deb o'ylayapti hamma. Undan, nima qilayapsiz, deb so'raganlarga arablarning podshohi Imr-ul- Qays tarixini gapirib berardi. Aytishicha, u juda boy va chiroyli bo'lgan, bir kuni bularning hammasidan voz kechib, darvishlik kiyimini kiyib, umrining oxirigacha darbadar dunyo kezgan. (Imru al-Qays asosan arab she'riy metrikasi asoschisi sifatida keng tanilgan.) - Inson o'z sevgilisini yo'qotganida shunday bo'ladi, - der edi otam. - Shohlik uning uchun changga aylangan, darvishlik mohiyati esa yuzaga chiqqan. Shams yo'q, endi men ham yo'qman. Men endi ustoz ham emasman, imom ham emasman. Men bo'm-bo'shman, bo'shliqman. Bu mening FANOyim, BAQOyim ham shu. (Tasavvufda fano - o'lmay turib o'lish; baqo - fanoga erishgan inson vujudan o'lgach erishiladigan abadiyat, Xudo bilan birlik holati.) Bir kuni uyimiz eshigini, ayyorligi aftidan shundoq ko'rinib turgan, bir mallasoch savdogar taqillatdi. U bir vaqtlar Bag'dodda Shams Tabriziy bilan tanishganini aytdi. Keyin ovozini pasaytirib Shamsni Hindistonda ko'rganini, u, qaytib kelish uchun qulay fursat kutib, hind ashramlari (ibodatgohlari)dan birida yashirinib, muroqaba qilib yurganini aytib, qasam ichdi. Bundan otamning esi batamom og'ib qoldi. U savdogardan bu xushxabar uchun nima istashini so'radi, u uyatsiz esa o'zining yosh bolalik vaqtida darvish bo'lishni istaganini, lekin hayoti boshqa yo'ldan ketgach, endi Rumiydek buyuk zotdan o'z ustidagi duxoba to'nini esdalik uchun olish istagi borligini aytdi. Otam buni eshitib, darhol duxoba to'nini echib, savdogarga uzatdi. - Ota, nima uchun qimmatbaho to'ningizni bu lo'ttibozga yechib berdingiz, axir har bir so'zining yolg'onligi shundoq ko'rinib turgan edi-ku? - so'radim men mallasoch savdogar ketgan zahoti. Shunda otam menga shunday javob qildi: - Seningcha, bu to'n uning yolg'oni uchun juda qimmatmi? Yo'q, o'g'lim, men to'nni shu yolg'on uchun berdim, agar rost aytsa, jonimni bergan bo'lardim. Rumiy 1260 yil, 31 oktyabr, Konьya. Vaqt chopqillab o'tib borarkan, og'riqli holat o'rniga hasrat keldi, hasrat sukut bilan o'rin almashdi, sukut esa yolg'izlik bilan birga qop- qorong'u cheksiz va chuqur ummon. Bugun Shams bilan uchrashgan kunimizga o'n olti yil bo'ldi. Har yili shu sanada yolg'iz o'zim qolishga harakat qilaman, har safargi yolg'izlik avvalgisidan og'irroq bo'lib bormoqda. Qirq kunni qirq qoida haqida fikrlab o'tkazdim. Hammasini esimda saqlayman, miyamda hamisha Shams Tabriziy haqidagi xayollar. Kutishga boshqa majol qolmadi. Qalb nuri so'ndi, butkul qorong'ulikda qolganim yaxshiroq, deb o'yladim. Lekin atrofda hammayoq zulmat va ko'zlar dunyo uchun yumilganda qalb uchinchi ko'zi ochildi. Shunda odatdagi ko'zlar ichki ko'z bilan ziddiyatda ekanini tushunar ekan kishi. Odatdagi ko'zimiz ishq ko'ziday aniq va o'tkir ko'ra olmaydi. Hasratdan keyingi davr boshlandi, boshqa inson paydo bo'ladi. Bunda hammayoqdan sevgan insoningni izlaysan, hech qayoqdan topa olmayotganday bo'lasan. Uni suv tomchisida ham ko'rasan, baland to'lqinlarda ham ko'rasan, musaffo tonggi saboda ham ko'rasan; qum ustidagi majoziy chizgilarda, quyosh nurida yaltiragan kichik toshlarda, yangi tug'ilgan chaqaloqning jilmayishida va vujudingda erkin aylanuvchi qonda ham ko'rasan. Hamonki u hamma yoqda ekan, Shamsni endi IShQ, deyish mumkinmi? Har kun, har on hijron va xomushlik og'ushida ohista aylanar ekanman, Shamsdan sira ajralmayman. Shams qalbimga hamishalikka ko'chib o'tgan. Men shu erda Shamsning ovozini asrayman. Bir vaqtlar ustoz va mudarris bo'lgan mendan asar ham qolmagan. Ishq barcha odat va mashg'ulotlarimni yutib yuborgan. Menga eng qiyin vaqtda ikki inson dalda bo'ldi - to'ng'ich o'g'lim va usta zargar, avliyo inson Salohiddin. O'zining kichkinagina ustaxonasida tillani bolg'a bilan ura-ura, mukammal shaklga solayotganini ko'rib, ovozini eshitib turarkanman, ne ajabki, aylanuvchi darvishlar raqsini eslayman. Salohiddinning o'z bolg'asi bilan taqillatish maromi Shams aytgan muqaddas marom bilan bir xil ekanini his etaman... Shu orada to'ng'ich o'g'lim Salohiddinning qizi Fotimaga uylandi. Hamisha porlab turadigan va qizikquvchan bu qiz menga Kimyoni eslatadi. Men uni Qur'on o'qishga o'rgatdim. Sekin-asta uni yaxshi ko'rib qoldim va u mening o'ng ko'zimday bo'lib qoldi, singlisi Qadriya esa chap ko'zim bo'ldi. Bir vaqtlar Kimyoginam qizlar ham o'g'il bolalar kabi yaxshi shogird bo'lishlari mumkinligini ko'rsatib, menga muhim narsani o'rgatgan edi. Men qizlar uchun darvishlar raqsini o'rgatadigan maktab ochdim va so'fiy opa- singillarga shu an'anani davom ettirishlarini maslahat berdim. «Masnaviy»larni aytib turib yozdirayotganimga ham to'rt yil bo'ldi. Uning birinchi misrasi erta tongda, quyoshning ilk nurlarini kuzatib turganimda kelgan edi. Shundan buyon she'riy misralar tilimdan o'zidan-o'zi yog'iladi. Men ularni yozmayman. Dastlab Salohiddin yozib bordi. O'g'lim ulardan nusxa ko'chirdi. Ular tufayli she'rlar saqlanib qoldi, chunki, to'g'risini aytsam, agar mendan ularni yoddan qayta aytishni so'rasalar, men ayta olmagan bo'lardim. Nasriymi yoki nazmiymi, so'zlar to'plami menga kutilmaganda keladi, keyin esa kutilmaganda yana to'xtaydi, ular go'yo osmonda uchib o'tayotgan qushlar kabidir. Men poema ijod qilayotganimda, nima haqida bo'lishi mumkinligi haqida tushuncham ham bo'lmaydi. Uning hajmi ham katta yoki qisqagina bo'lishi mumkin. Lekin menda hech qanday reja bo'lmas edi. Uni tugatganimdan keyin yana xomush bo'lib qolaman. Jimgina yuraveraman. Va endi taxalluslarimdan biri «Xomush» bo'ldi. Ikkinchi taxallusim - Shams Tabriziy. Vaqt biz nazorat etishga va anglab etishga ulgura olmaydigan darajada tez o'tmoqda. 1258 yil Bag'dod mo'g'ullarga taslim bo'ldi. Mustahkam istehkomlari va go'zalligi mag'rur, o'zini dunyoning markazi deb e'lon qilgan bu shahar yengildi. O'sha yili Salohiddin vafot etdi. Men o'z darvishlarim bilan birga ko'chalarda childirma va nay sadolari ostida yurib, juda yaxshi marosim o'tkazdik. Biz uni quvnoq kuy, raqslar bilan kuzatdik, zero avliyolar u dunyoga shunday ketishlari joiz. 1260 yilga kelib mo'g'ullarning shashti pasaydi. Mamluklar ularni yengishdi. Kechagi g'oliblar bugun mag'lub. Barcha g'oliblar o'z g'alabalarini abadiy deb o'ylashadi. Barcha mag'lublar esa o'z mag'lubiyatlari abadiy bo'lishidan qo'rqishadi. Har ikki tomon ham bir sababga ko'ra nohaq. Xudodan boshqa hamma narsa o'zgaradi. Salohiddinning vafotidan keyin anchagina voyaga yetgan va ruhiyat yo'lidan dadil odimlay boshlagan shogirdim Xusomiddin Chalabiy she'rlarimni qog'ozga tushiradigan bo'ldi. Masnaviyni u qog'ozga tushirdi. U kamtar inson. Agar undan, kimsan, deb so'rasangiz, bir on ham ikkilanmasdan «Men Shams Tabriziyning kamtarin izdoshiman», deb javob beradi. Hammamiz ham qirq, ellik, oltmish yilliklarni bosib o'tdik, har o'n yillik o'tgach, o'zimizni mukammalroq, to'liqroq his eta bordik. Garchi bu yo'l nihoyasiz esa-da, yuraverish kerak. Koinot hamisha va charchamay harakatlanadi, Yer va Oy doim aylanadi, ularni Kim harakatlanishga majbur etadi? Bu sir. Biz darvishlar shuni tushunganimiz uchun, hatto boshqalar biz nima qilayotganimizni va nima uchun qilayotganimizni tushunmasalar ham, hamisha raqsu samo qilamiz. Biz hech nimaga qaramasdan - og'riqlarimiz va qayg'ularimizga, quvonch va lazzatlarimizga, tezlik va sekinlikka qaramasdan, yakka yoki ko'pchilik bo'lib raqs tushaveramiz, zero suv oqimi shunday. Buyuk uyg'unlik bizga nima ishora qilsa, shunday raqsga tushamiz. Hamma yoq o'zgarishda, ammo doira o'zgarmaydi. O’ttiz to'qqizinchi qoida: «Qismlar o'zgarsa ham, butun o'zgarmaydi. Bir yaramas inson dunyodan o'tsa, boshqa yaramasi dunyoga keladi. Bir yaxshi inson dunyoni tark etsa, o'rniga boshqa yaxshisi keladi. Shuning uchun nafaqat hech nima o'zgarmasdan qolmaydi, balki hech nima chinakamiga o'zgarmaydi ham. Bir so'fiy vafot etsa, qayerdadir boshqa yerda boshqa so'fiy dunyoga keladi». Bizningdinimiz – ishq dini. Bizlar yurak zanjirlari bilan o'zaro bog'langanmiz. Zanjirning bir bo'lagi uzilsa, uning o'rniga boshqa joyda yana bir bo'lak keladi. Shams Tabriziy vafot etganidan keyin boshqa joyda, boshqa yoshda, boshqa «Shams» paydo bo'ladi. Ismlar o'zgaradi, odamlar kelib va ketib turishadi, lekin mohiyat o'shandayicha qoladi. Ella Download 1.48 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling