Elif Shafaq ishqqa oid qirq qoida
Download 1.48 Mb. Pdf ko'rish
|
Ishqqa oid 40 qoida
2008 yil, 29 iyunь, Nortgempton.
Azizning: «Har qanday kutilmagan hodisa faqat inson o'z ichidan tayyor bo'lgandagina sodir bo'ladi», degan fikri Ellaga bahs uchun o'rin qoldirmaydigan fikr bo'lib tuyulgan edi. Lekin hozir u bu hodisaga sira tayyor emas edi: Aziz Ella bilan ko'rishish uchun Bostonga kelipti. Yakshanba kuni kechqurun Rubinshteynlar oilasi kechki ovqat tanovuli uchun stol atrofiga o'tirganlarida Ella o'z telefoniga SMS kelganiga e'tibor berdi. Pazandachilik klubidagi tanishlardan birontasi bo’lsa kerak, deb o'ylab, darrov o'qimadi, buning o'rniga stolga o'zining maxsus tayyorlagan taomi: qovurilgan kartoshka, piyoz va jigarrang guruch bilan ichiga asal solib pishirilgan o'rdakni tortdi. O'rdakni stolga qo'yganida, hammalari hayratdan bir silkinishdi. Hatto yaqinda Skottni yangi dugonasi bilan ko'rib qolgani uchun ruhiy tushkunlik holatida yurgan Janet ham. Kechki ovqat cho'zilib ketdi. Yuviqsiz idishlarni idish yuvgich mashinaga solganidan va shokoladli muzqaymoqni tortganidan keyingina, Ellaning miyasiga xatni o'qish vaqti kelgani haqidagi fikr keldi. Salom, Ella. Men hozir «Smitson» jurnali topshirigi bilan Bostondaman. Hozirgina uchib keldim. Sen bilan uchrashishni istayman. «Oniks»da bo'laman. Kutaman. Aziz. Ella telefonii qo'ydi, o'zini noqulay his etib, stol yoniga o'tirdi. - Xabar keldimi? - so'radi Devid likopdan bosh ko'tarib. - Ha, Misheldan, - osongina yolg'on to'qidi Ella. Devid azob chekayotgan ko'rinish olib, yuzini o'girdi, keyin sochiqni yaxshilab taxlay boshladi. - Tushunarli, - dedi u. Ella erining unga ishonmaganini bilib turardi, lekin o'zining sira shubhalanmayotgani va vijdoni ham qiynalmayotgani qiziq edi. U hech tutilmasdan, xotirjam ovozda dedi: - Mishel agentlikda ertaga ertalab kelgusi yil katalogi borasida majlis bo'lishini xabar qildi. U majlisda men ham bo'lishimni xoxlayapti. - Albatta, albatta, - dedi Devid, Ella uning yana ishonmaganini tushundi. - Men seni ertaga ertalab olib borib qo'yishi mumkin, - dedi Devid. - Faqat bir nechta mijozimni boshqa vaqtga ko'chirsam bo'lgani. Ella o'takasi yorilib eriga qaradi. U nima qilmoqchi? Nahotki, bolalarning ko'z oldida janjal chiqarmoqchi? - Yomon bo'lmas edi, - javob qildi Ella, o'zini tabassum qilishga majburlab. - Lekin unda ertalab soat yettigacha uydan chiqishimizga to'g'ri keladi. Mishel men bilan majlisga qadar gaplashib olmoqchi ekan. Unda bo'lmas ekan, - xitob qildi otasining bunday vaqtli uyqudan turishni yoqtirmasligini yaxshi bilgan Orli. — Dadam aslo bunday erta turmaydi! Ella va Devid bir-birlaridan ko'z uzmay qarab turishardi. - To'g'ri aytding, - dedi nihoyat, qizining gapini ma'qullab Devid. Garchi o'zining qizarib ketganini sezib turgan bo'lsa ham, Ella yengil nafas oldi. Lekin shu bilan birga u o'ziga qat'iyat va quvvat quyilganini his etardi. - Aytmoqchi, hozir erta-ku! Bugun borib tursam ham bo'ladi. Ertalab Bostonga yetib borish va Aziz bilan nonushta qilish haqidagi xayoldan Ellaning yuragi tez urib ketdi. Lekin ertagacha ham kuta olmas, uni hoziroq ko'rgisi kelardi. Bostongacha ikki soatlik yo'l, lekin bu uni to'xtata olmas edi. U uni deb Amsterdamdan keldi, bu erda esa atigi ikki soat - nima degan gap. - Soat o'nda Bostonda bo'laman va ertaga ertaroq turib, majlisdan oldin Mishel bilan gaplashgani agentlikka kiraman. Devid gapira boshlashi uchun abadiy vaqt kerakday chuyulib ketdi. Ella uning qo'zlarini - o'z xotinini boshqa erkakka ketishining oldini olish imkoniyati yo'q bo'lgan erning ko'zlarini zimdan kuzatib turar edi. Bostondagi uyimizda yotib qolaman, - dedi Ella chaqchaqlik bilan bolalarga qarab, aslida esa eriga murojaat qilmoqda edi. Uchrashayotgan kishisi bilan o'zi orasida jismoniy bog'lanish bo'lmasligini unga bildirmoqchi edi. Devid qo'lida vino finjoni bilan stoldan turdi va Ellaga jilmaydi. - Mayli, azizam, - dedi u. - Ertaroq borib turish yaxshi bo'ladi, deb o'ylasang, boraqol. - Ana xolos, oyijon, men bo'lsam bugun matematikadan menga yordam berasiz, deb o'ylovdim, - nolidi Avi. - Esimda, bolajon, kel, shu ishni ertaga ko'chiraylik. - Oyimni o'z holiga qo'y, - dedi masxaraomuz Orli. - Bir umr uning etagiga osilib yashamaysan-ku! Avining qovoq-tumshug'i osilib ketdi, lekin hech nima demadi. Orli onasining tarafini olib gapirdi. Janetga esa baribir edi. Ella telefonini ola solib, yotoqxonasiga yugurdi. Eshikni yopar-yopmas, karavotiga yotib olib, Azizga xabar yoza boshladi. «Kelganingga ishona olmayapman. Ikki soatda «Oniks» da bo'laman». Ella deyarli sarosimada xabari jo'nab ketishini kuzatib turdi. Nima qilayapti o'zi? Lekin o'ylashga vaqt yo'q edi. Bugungi kecha haqida afsus chekish uchun hali vaqti bo'ladi. Hozir esa shoshilish kerak. Yigirma daqiqa ichida u dush qabul qildi, sochlarini quritdi, tishlarini yuvdi, ko'ylak tanladi, birinchi, ikkinchi, uchinchi ko'ylaklarni kiyib ko'rdi, sochini turmakladi, ozroq pardoz qildi, o'n sakkiz yoshga to'lganida Rut buvisi sovg'a qilgan kichkina ziraklarini taqdi, yana ko'ylak almashtirdi. Keyin chuqur xo'rsinib qo'yib, atir sepdi. Yashasin Kelvin Klyayn! Bu shisha shu kunni kutib necha vaqt vannaxonada turganini Xudo biladi. Devidga atir hidi hech qachon yoqmagan. U ayoldan vanil yoki allaqanday o'simlik isi emas, ayol isi kelishi kerak, derdi. Lekin Ella yevropaliklar bu borada boshqacha fikrda bo'lishsa kerak, deb o'yladi. Tayyorgarlikni tugatgach, Ella o'zini ko'zguda diqqat bilan kuzatdi. Nima uchun U kelishini oldinroq xabar qilmadi? Buni bilsa edi, go'zallik saloniga, sartaroshxonaga borardi, balki soch turmagini o'zgartirardi. U Azizga yoqmasa, nima bo'ladi? Oralarida hech nima bo'lmasa va u Bostonga kelganiga afsus cheksa-chi? Lekin shu on Ellaga o'zining sog'lom fikrlashi qaytdi. Nima uchun u o'z tashqi qiyofasini o'zgartirishi kerak? Oralarida biron narsa paydo bo'ladimi yo yo'qmi, buning nima farqi bor? Bu odam bilan munosabatlar bo'lishi mumkin emas. Ellaning oilasi bor. O'z hayoti bor. Uning butun hayoti shu yerda o'tgan, kelajagi ham shu yerda. O'zining ahmoqona fikrlaridan jahli chiqib, ularni go'yo o'chirib tashladi, biroz yengil tortdi. Soat chorak kam sakkizda Ella bolalarni o'pib, ularga xayrli tun tiladi va uydan chiqdi. Devid hech qayerda ko'rinmadi. O'z mashinasiga yaqinlashganida, boshida bironta xam fikr yo'q edi, lekin yuragi dukillab urardi. Download 1.48 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling