Farg’ona shaharlari tarixidan mundarija kirish I bob. O‘rta asrlarda farg‘on shaharlari


Download 153.53 Kb.
bet3/7
Sana20.06.2023
Hajmi153.53 Kb.
#1634310
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
FARG’ONA SHAHARLARI TARIXIDAN

Ishning xronologik chegaralari. Ishning xronologik chegarasi milodiy V asrdan to XIII asrgacha bo‘lgan davr oralig‘ini o‘z ichiga oladi. Ishda ushbu davrda Farg‘ona vodiysida ro‘y bergan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jarayonlar rivoji ko‘rsatib beriladi.
Tadqiqotning tuzilishi. Kurs ishi kirish, ikki bob, to’rt paragraf, xulosa, foydalanilgan manba va adabiyotlar roʻyxatidan iborat.


I BOB. O‘RTA ASRLARDA FARG‘ON SHAHARLARI


1.1.Farg‘ona va Choch ilk o‘rta asrlarda: ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish an’analari


V-VI asrlardagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar. Ma’lumki, V asr boshlarida O‘rta Osiyoning siyosiy xaritasidagi yirik davlatlar tanazzulga yuz tutib yemiriladilar. Manbalardagi 435 yildan keyingi ma’lumotlarda Kushon imperiyasi, Kanguy, Davan kabi konfederativ davlatlar nomi uchramaydi, ular tarix sahnidan ketadilar. Bungacha Davan va Kanguy atamalari yozma manbalarda oxirgi marta uchraydi. Jumladan, Xitoyning Ilk Sin (351-394) podsholigining Ilk Lyan yeri hukmdori Fu Szyan biografiyasida yozilishicha, uni huzuriga 379 yili Davan va Kanguydan elchilar keladilar [10]. Ana shu yirik davlat birlashmalari o‘rnida ko‘plab mayda yer egaliklari (mulklar) paydo bo‘ladi (aniqrog‘i «davlatcha»lar – B.M.). Ta’kid joizki, xududiy jihatdan vodiyga yaqin bo‘lgan Sharqiy Turkistonda (Shinjon) ham mayda va mustaqil davlatchalar tizimi bo‘lgan [11]. O‘rganilayotgan davrda O‘rta Osiyoda yer egaliklari («davlatchalar») soni 15 ta edi, keyinroq ular ko‘paygan [12]. Bu mulklar asosan mayda vohalarda tarkib topgan shaharchalar asosida paydo bo‘lib, ularga atrofdagi yerlar ham qarar edi. Ana shunday yer egaligida o‘zini mahalliy ishlab chiqarish (iqtisodiy) markazi vujudga keldi va oxir-oqibatda u shahar tusiga kirib boradi [13].


Ana shu yer egaliklari (mulklar yoki voha davlatlari)da asosan shahar va qishloq aholisi yashagan. Ular so‘nggi antik va ilk o‘rta asrlarda ijtimoiy o‘zgarishlarga uchragan hamda jamiyatning ijtimoiy tarkibiga ta’sirini o‘tkazgan. Jumladan, VVIII – asrlardagi arxeologik yodgorliklarni ro‘yxatiga asosan tuzilgan xaritaga ko‘ra, ilk o‘rta asrlarda shaharlar soni antik davrga nisbatan mayda shaharlar hisobiga ortadi. Bu davrda qishloqlar (42,60%) va qasrlar, qal’a-qo‘rg‘onlar soni (12,59%) ham ortadi. Ya’ni, antik davrga nisbatan ilk o‘rta asrlarda erkin dehqon xo‘jaliklarining badavlat tabaqasi – dehqonzodalar mulki asosida qad ko‘targan qasrlari tevaragida tarkib topgan shaharlar soni ko‘payadi. Bundan kelib chiqadiki, qishloq jamoalari ichida mulkiy tabaqalanish jadal kechgan, mayda mulk egalari kashovarzlarning bir qismi mulksiz kadivarlarga, ular hisobiga boyib borayotgan kechagi kashovarzlarning boshqa bir qismi esa badavlat dehqonzodalarga, ya’ni mulkdor feodallarga aylanib borgan [14]. Mulkiy tabaqalanish va tengsizlik hosilasi sifatida jamiyatda ijtimoiy qarama-qarshi guruhlari paydo bo‘ladi. Jamiyatda qulchilik bo‘lgani haqida yozma ma’lumotlar bor. Bu xaqda VIII asr boshlaridagi shartnomada (Samarqand shartnomasi ham deyiladi) qayd etilishicha, Farg‘ona arablarga 200 ming draxm (dirxam) miqdorida moddiy boylik va qullar yetkazib berishi ko‘zda tutilgan [15].
B. Abdulgaziyevaning Farg‘ona vodiysining bir qismi – Qoradaryo yuqori va quyi oqimlari yodgorliklari asosida bildirgan fikri: ya’ni antik davrda qishloqlar sonini ortishi va shaharlar kamligi; ilk o‘rta asrlarda qal’a-qo‘rg‘onlar hamda shaharlar sonini ortishi xususiyati [16] bizning materiallarimizda o‘z tasdig‘ini topmadi. To‘g‘ri, yuqorida keltirib o‘tganimizdek, antik davr uchun shaharlar 16 ta edi [17] ilk o‘rta asrlarda ular 22 taga yetdi. Ulardan faqat ikkitasi ilk o‘rta asrlarda paydo bo‘ladi. Aynan antik davr oxirlarida vodiydagi Uchqo‘rg‘on I (maydoni 12 gektar), Qaynovot (15 ga), Qoradaryo (10 ga), Jilandi (7 ga), Shimoliy Qurshob (5 ga), Yangibozor (10 ga), Mozortepa (12 ga), Kalamishtepa (12 ga), Oqtepa (12 ga) kabi shaharlar tanazzulga yuz tutadilar va ilk o‘rta asrlarda yirik shaharlar kamayadi. Biroq, qishloqlar ulushi antik davrdagidan kam emas edi (42,60%) va ayrim qishloqlar ba’zi tovarlarni ishlab chiqarish bo‘yicha ixtisoslashadilar. Xullas, ilk o‘rta asrlarda Farg‘ona vodiysida har bir irrigatsiya rayoni va vohasida qishloq hokimliklari hamda ayrim yirik shaharlar asosida esa shahar-davlatlar tashkil topadi. Ularni boshqarishda maliklik bo‘lgan. Buni V-VI asrlarga taalluqli, deb topilgan tanga va undagi yozuvni «maligi Farg‘ona Chesh (Chish)», deb o‘qilishidir [18].
Siyosiy jihatdan V-VI asrlar Farg‘ona tarixida notinch davr edi. Yozma manbalardagi mashhur Davan davlati tarix sahnasidan ketadi. Xususan, xitoycha Beyshi nomli manbani 97-bob birinchi qismida, 436 yilda bo‘lib o‘tgan voqyea-hodisalarni bayoni berilganda, Davan davlati tilga olinmagan. Bundan bir oz so‘ng – 510 yili O‘rta Osiyoda (ehtimol Farg‘onada ham) eftalitlar davlati paydo bo‘ladi. Balki eftalitlarni O‘rta Osiyo hududlariga bostirib kirishi yuqorida tilga olingan yirik davlatlar yemirilishini tezlashtirgan bo‘lishi mumkin. Bu vaqtdagi notinchlik to‘g‘risida o‘sha Xitoy manbalari xabar beradilar. «Yuan-vey (386-550/557) va Szin (265-480) sulolasi hukmronligi davrida Farbiy o‘lkalar bir-birlari komiga tushdilar. Ularda kechayotgan voqyealarni tushunib bo‘lmaydi» [19]. O‘sha bir-birlarini yutib yuborayotgan o‘lkalar (mulklar) haqida yozma manbalarda ma’lumotlar kam uchraydi. Manbalarda quyidagi o‘lkalar qayd etilgan: Chjeshe (oldingi Qang‘li), Sharqiy Sao (Ustrushona), Sivantszin (Samarqand), Farbiy Sao (Ishtixon), Nyumi (Buxoro vohasi) Szyasheni – Kushaniya (Kesh), Noshe-bolo (Naxshab) va boshqalar. Qo‘shimcha qilib aytamizki, qo‘shni Chochda beshta [20], Sug‘dda (Kan) bir necha (9 ta) yer egaligi bo‘lib, ularda Chjao’u (Jabg‘u) urug‘i avlodlari hokimlik qilishgan.
Nomlari zikr etilgan manbalarda Farg‘ona «Lona», «Polona» nomi bilan tilga olinadi (Beyshi, birinchi bo‘lim). Xitoyning Shimoliy Vey davridagi (384-534) «Veyshu»da ta’kid etilishicha, 436 yili elchi Dun Van «Polona»-oldingi Davan davlatigacha borgan [21]. Demak, bundan ma’lum bo‘lyaptiki, Polona-bu alohida davlat va u oldingi Davan (Farg‘ona) yerlarida joylashgan.
V-VI asrlarda Farg‘onadagi siyosiy vaziyat haqida yozma manbalarda ma’lumot kam. Faqat shu davr voqyealariga bag‘ishlangan manbada bir xabar bor. «Lona – bu qadimgi Davan, qarorgoh – Guyshan, Qashg‘ar shimoli-g‘arbida, Daydan 14450 li. da joylashgan. Txayxo hukmronligini uchinchi yozida, 479 yilda hokim chopar bilan qirmizi rang zotdor otlar (ular «qon bilan terlaydigan» (potokrovnыye) deyiladi) jo‘natdi, shu vaqtdan e’tiboran, sovg‘a-salom bilan elchilar yuborib turildi» [22].
Demak, O‘rta Osiyoni boshqa hududlaridagi materiallarni hisobga olib, yozma manbalarga asoslangan holda aytish mumkinki, Farg‘ona – Davan podsholigi yemirilgach, bir necha mayda yer egaliklariga bo‘linib ketgan. Ana shu yer egaliklarini eng yirigi yozma manbalar xabar bergan Polona (Lona) edi. Arxeologik materiallarni tahlil etish, yozma manbalarni diqqat bilan o‘rganish ushbu satrlar muallifiga vodiyda ilk o‘rta asrlarda yettita katta yer egaligi mavjud bo‘lganligi va ular joylashgan o‘rnini aniqlashga imkon bermoqda.



Download 153.53 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling