17-modda. Qimmatli qog‘ozlar bozorida banklarning faoliyati
Qimmatli qog‘ozlar bozorida banklarning faoliyati ushbu Qonun bilan, shuningdek “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki to‘g‘risida”gi hamda “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlar bilan tartibga solib turiladi.
18-modda. Qimmatli qog‘ozlar bozorida faoliyat turlarini qo‘shib olib borish
Investitsiya maslahatchisi, investitsiya fondi va boshqaruvchi kompaniya faoliyatini amalga oshirish uni qimmatli qog‘ozlar bozoridagi professional faoliyatning boshqa turlari bilan qo‘shib olib borishga yo‘l qo‘ymaydi.
Reyestrni yuritish faoliyatini amalga oshirish uni qimmatli qog‘ozlar bozoridagi faoliyatning boshqa turlari bilan (depozitar faoliyat turidan tashqari) qo‘shib olib borishga yo‘l qo‘ymaydi.
Qimmatli qog‘ozlar yuzasidan faoliyat turlarini qo‘shib olib borish va operatsiyalar o‘tkazish sohasidagi qo‘shimcha cheklashlar davlat vakolat bergan organ tomonidan belgilanadi.
19-modda. Investitsiya institutlarining birlashmalari (uyushmalari)
Investorlar, investitsiya institutlari va boshqa mijozlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida tijoratchi bo‘lmagan tashkilotlar tarzida investitsiya institutlarining birlashmalari (uyushmalari) tashkil etilishi mumkin.
Birlashma (uyushma)ning barcha daromadlari u tomonidan faqat ustav vazifalarini bajarish uchun sarflanadi hamda qatnashchilar o‘rtasida taqsimlanmaydi.
III. QIMMATLI QOG‘OZLAR BOZORINI BOShQARISh
20-modda. Qimmatli qog‘ozlar bozorini boshqarish asoslari
Qimmatli qog‘ozlar bozorining davlat boshqaruvi vakolatli organlar tomonidan:
qimmatli qog‘ozlar va emissiya prospektlarini chiqarishni ro‘yxatga olish, emitentlarning ularda nazarda tutilgan shartlar va majburiyatlarga rioya qilishlari ustidan nazoratni amalga oshirish;
ushbu Qonunning 24 va 26-moddalariga muvofiq qimmatli qog‘ozlar to‘g‘risidagi axborot emitentlar va qimmatli qog‘ozlar bozori qatnashchilari tomonidan ma’lum qilinishini ta’minlash;
mutaxassislarni attestatsiyalash, investitsiya institutlari faoliyatini litsenziyalash va nazorat qilish;
investorlar hamda qimmatli qog‘ozlar bozorining boshqa ishtirokchilari bergan shikoyatlarni ko‘rib chiqish va qimmatli qog‘ozlar bozori ishtirokchilari bajarishi majburiy bo‘lgan xulosalar chiqarish, ko‘rsatmalar berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |