Husaynxon. Nima, Abulfayzxon o‘ldimi?
Rahimbiy. Shu kun erta bilan o‘zlarini pichoqlab o‘ldirdilar.
(Eron sardorlari hayrat bilan bir-birlariga qaraylar. Rahimbiy so‘zining ta’sirini ko‘rgach, gapira berar.)
Aziz qo‘noqlarim! Abulfayzxon o‘ldi. Nodirshoh o‘ldi. Sizning bunday yot o‘lkada boshsiz, tilaksiz turishingiz
foydasiz bir ish. Elimiz Nodirshohning o‘lganini eshitsa, sizni tinch qo‘ymasa kerak. Xazinadan sizlarga yigirma
ming tangadan pul beraylik, qo‘shiningizg‘a ulashib beringiz-da, yurtingizga qarab keta beringiz.
Ahmadxon. Bek! Biz bu ishdan bir narsa onglayolmadik. Xonni kim o‘ldirgan? O‘zimi, dushmanlarimi? Bu ochiq
bilinmadi. Biz qo‘shinimizg‘a qaytib, kengasharmiz. Qanday bir qarorga kelsak, sizga bildirarmiz.
Rahimbiy. Xo‘b, qachon bildirarsiz?
Ahmadxon. Erta bildirsak kerak.
Rahimbiy. Xo‘b bo‘ladir. Shunday qilingiz.
Husaynxon. Xudo hofiz, bek!
Rahimbiy. Xudo hofiz.
Eron sardorlari chiqib ketarlar.
(Mir Vafoga) Siz O‘rdag‘a boringiz. Abdumo‘minxonni ko‘ringiz. Eron sardorlari sizdan fotiha olib, yurtlarig‘a
qaytar ekanlar, deb bu yoqqa yuboringiz. O‘zingiz keta beringiz.
Mir Vafo. Xo‘b. (Ketar.)
Rahimbiy (yolg‘iz yurib so‘ylar). Emdi ikkinchi bosqichni bosmoq kerak. Bu qo‘g‘irchoqni yo‘q etmasak,
boshimizg‘a bir balo chiqg‘usidek ko‘rinadir. (Kissasidan bir kichkinagina shishacha chiqarib, shunda turg‘an
sharbat shishasiga ag‘darar. Yana yura boshlab, birdan kular.)
Eron sardorlari buning ham o‘lganini eshitsalar, o‘zlari qochib ketarlar. Biz tutmoqchi bo‘lsak ham turmaslar.
Abdumo‘min kiyinib, toj qo‘yg‘ani holda kulib kelar.
Abdumo‘min. Bek bobo, meni chaqirdingizmi?
Rahimbiy. Ha, o‘g‘lim, sizni chaqirdim. Eron sardorlari yurtlarig‘a qaytar ekanlar. Sizni ko‘rib, fotiha olarlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |