Finlandiya — suveren respublika


Download 148.5 Kb.
bet4/8
Sana22.06.2023
Hajmi148.5 Kb.
#1650631
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
finlandiya uzb

Oliy ta’limni e’tibor ilmiy tadqiqotlarga qaratiladigan universitetlarda yoki ko‘proq amaliyotga asoslangan amaliy fanlar universitetlarida olish mumkin. Oliy va OTMdan keyingi ta’lim bakalavriat, magistratura, litsensitura (litsensiat — magistr va fan doktorligi o‘rtasidagi oraliq bosqich) va doktoranturaga bo‘linadi.

«Fin mo‘’jizasi»?


«Ta’limdagi fin mo‘’jizasi» haqida ilk bor 2000 yili, o‘quvchilarning ta’limdagi ko‘rsatkichlarini baholash bo‘yicha xalqaro dastur — PISA’ning birinchi natijalari e’lon qilinganida gapirilgan edi. Finlyandiya o‘qish savodxonligi bo‘yicha tadqiqotda qatnashgan 32 mamlakat orasida 546 ball bilan (o‘rtacha ball — 500) birinchi, matematik savodxonlik bo‘yicha 536 ball bilan (Gonkong, Yaponiya, Janubiy Koreya va Yangi Zelandiyadan keyin) beshinchi va tabiiy-ilmiy savodxonlik bo‘yicha (Janubiy Koreya, Yaponiya va Gonkongdan keyin) to‘rtinchi o‘rinni egallagan edi. PISA’ning keyingi sikllarida ham, natijalarning pasayish va Osiyo mamlakatlari (Shanxay, Gonkong, Tayvan, Singapur, Yaponiya, Janubiy Koreya)ning reytingi o‘sishi tendensiyasini kuzatish mumkin bo‘lsa-da, Finlyandiya baribir yuqori o‘rinlarni egallagan.




2000

2003

2006

2009

2012

2015

2018

O‘qish savodxonligi

546 (1)

543 (1)

547 (2)

539 (3)

524 (6)

526 (4)

520 (7)

Matematik savodxonlik

536 (5)

544 (2)

548 (2)

541 (6)

519 (12)

511 (12)

507 (16)

Tabiiy-ilmiy savodxonlik

538 (4)

548 (1)

563 (1)

554 (2)

545 (5)

531 (5)

522 (6)

PISA’ning 2000−2018 yillardagi tadqiqotlari bo‘yicha Finlyandiya natijalari. Qavs ichida mamlakatning reytingdagi o‘rni ko‘rsatilgan.
Ko‘rsatkichlarning pasayishidan tashqari, PISA’ning 2018 yilgi natijalar bo‘yicha hisobotida IHTT (Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti) mamlakatlari orasida mutolaa bo‘yicha o‘g‘il va qiz bolalarning natijalari bo‘yicha eng katta farqqa, mutolaa bo‘yicha ko‘rsatkichlari past bolalarning ulushi ikki barobar oshganiga, shuningdek, turli ijtimoiy-iqtisodiy maqomdagi oilalarning bolalari erishgan natijalar o‘rtasidagi farqning kattalashuviga e’tibor qaratgan.
Ayni vaqtda, tadqiqot natijalariga ko‘ra, aksariyat bolalar maktabda o‘zlarini baxtiyor va maktabga bog‘lanib qolgandek his qilishlarini qayd etib o‘tgan. Taqqoslash uchun, O‘zbekistonda o‘quvchilarning yetarlicha katta qismi xavotir va tushkunlikdan aziyat chekadi, shuningdek, maktab bilan bog‘liqlikni his qilmaydi.
Boshqa tarafdan, ayrim ekspertlar «fin mo‘’jizasi»ga shubha bilan qaraydi: ba’zilarning fikriga ko‘ra, fin o‘quv dasturlari PISA testlariga kiritilmagan tushunchalarni rad etadi, boshqa mutaxassislar esa PISA’dagi muvaffaqiyatlarga «Pirr g‘alabasi» deya ta’rif beradi: PISA uchraydigan matematik masala turlariga katta urg‘u berilgani bois, ko‘plab bolalarda OTMda o‘qish davrida tayanish mumkin bo‘lgan bilimlar zaxirasi yo‘q. Finlyandiyaning YLE teleradiokompaniyasi «PISA'dagi fin mo‘’jizasi afsonaviy ko‘lamga chiqqani» va «fin ta’limi tilsimini o‘rganish uchun butun dunyodan kelayotgan delegatsiyalar ko‘plab tashkilotlar uchun daromad manbasiga aylangani» haqida istehzo qiladi. Asosiy faoliyati «fin sifati»ga muvofiqlik sertifikatini taqdim etishdangina iborat bo‘lgan tijorat kompaniyalari ham ko‘payib ketgan.
Finlyandiya ta’lim tizimining eng asosiy o‘ziga xosliklarini O‘zbekiston bilan taqqoslagan holda ko‘rib chiqamiz. Muhim izoh: ushbu taqqosdan «ularda hammasi yaxshi, bizda esa — rasvo» degan xulosa berish maqsad qilinmagan. Shuni yodda tutish lozimki, har qanday ta’lim tizimining ishlashi ko‘plab — tarixiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va boshqa omillarga bog‘liq.
Jahon banki ekspertlari fin jamiyatining uni boshqa davlatlardan mutlaqo ajratib turuvchi va, xususan, ta’lim tizimida ham o‘z izini qoldirgan quyidagi o‘ziga xos farqli jihatlarini sanab o‘tgan: kichik, etnik va madaniy jihatdan gomogen aholi (Finlyandiya aholisining atigi 4 foizigina fin emas) va aholi jon boshiga daromadlarning yuqori darajasi. O‘zbekiston aholisi esa nafaqat ko‘p, balki milliy, madaniy va diniy jihatdan ham xilma-xil, daromad darajasi esa o‘rtachadan past.
Helsinki universitetidan Hanna Simola «fin mo‘’jizasi»ning tarixiy va ijtimoiy ildizlarini tadqiq etarkan, Finlyandiyaning agrar jamiyatdan industrial, undan so‘ng esa post-industrial jamiyatga aylanishi juda tez yuz berganini, ta’lim sohasida ham xuddi shunday jadal rivojlanishni ko‘rish mumkinligini ta’kidlaydi: Finlyandiyada umumiy ta’limni joriy etish 1970 yillardagina boshlangan va u «tez, tizimli va hatto totalitarchasiga» tatbiq etilgan.
Simolaning yozishicha, mamlakat ta’lim tizimida 1970 yillardagi islohotning asosiy o‘ziga xosliklaridan biri maktablarni «kuchli» va «oddiy»lariga ajratishdan voz kechibhamma uchun bir xil umumta’lim maktablarining joriy etilishi edi. Jahon banki ham bolalarni (qobiliyatlari va qiziqishlariga ko‘ra) erta ajratishdan voz kechish Finlyandiya maktab ta’limining asosiy xususiyatlaridan biri ekanini qayd etib o‘tgan.
O‘zbekistonda esa, ekspertlarning ta’kidlashicha, ta’lim va fanni rivojlantirish strategiyasi iqtidorli bolalar uchun alohida, masalan, o‘quvchilar 5 yo 7-sinfdan qabul qilinadigan prezident va ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etishni ko‘zda tutadi.
Finlyandiyada umumta’lim maktablari nafaqat o‘quv dasturlari, balki moliyalashtirish masalasida ham bir xildir. Moliyalashtirishning bir qismi markaziy budjetdan, qolgani esa mahalliy budjetda amalga oshiriladi. Avstraliyaning ABC News telekanali jurnalistining tasvirga olish guruhi kelgan maktab boy ko‘rinishi va, katta ehtimol bilan, ko‘proq pul olsa kerak, qabilidagi savoliga, maktab direktori unday emasligi, bu maktab ham boshqalari kabi bir xil moliyalashtirilishini aytadi. To‘g‘ri, moliyalashtirish o‘quvchi boshiga bir xil, ya’ni moliyalashtirish hajmi o‘quvchilar soniga bog‘liq.
Finlyandiya ta’lim tizimidagi islohotlarning yana bir muhim jihati — 1970 yillardan boshlab boshlang‘ich maktab o‘qituvchilarini tayyorlash kollej va seminariyalardan universitetlarning qayta tashkil etilgan ta’lim fakultetlariga ko‘chirilgan, shuningdek, maktab o‘qituvchilari magistr darajasiga ega bo‘lishi shartligi belgilab qo‘yilgan. Hozir boshlang‘ich maktabda dars berish uchun o‘qituvchi ta’lim sohasida magistr darajasiga, o‘rta maktabda dars berish uchun esa dars berayotgan fani bo‘yicha magistr darajasiga ega bo‘lishi lozim. Taqqoslash uchun: ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda qo‘ituvchilarning 13 foizi o‘rta maxsus yoki tugallanmagan oliy ma’lumotga ega.
Finlyandiyaning pedagogika fakultetlarida magistr darajasini olish uchun zarur 300 kredit (bakalavriatda 180 kredit va magistraturada 120 kredit)ning kamida 60 tasi, qoida tariqasida, pedagogika bilan bog‘liq fanlarga va o‘quv vaqtining 15 foizdan to yarmigacha bo‘lgan qismi pedagogik amaliyotga ajratilgan. Ishlayotgan pedagoglarning malakasini oshirish mahalliy munitsipalitetlar zimmasida va budjetni qanday sarflash ham ularning o‘ziga havola bo‘lgani bois, malaka oshirish imkoniyatlari va shakllari hudud va maktabga qarab farq qilishi mumkin.
O‘zbekistonda malaka oshirish tizimi, qoida tariqasida, hukumat qarorlari bilan tartibga solinadi va barcha uchun bir xildir. Faqat yaqindan boshlab o‘qituvchilarga o‘z malakasini oshirish uchun ta’lim muassasasini tanlash huquqi berildi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, Finlyandiyada o‘qishga kirish uchun tanlov eng katta bo‘ladigan yo‘nalishlardan biri pedagogikadir. Masalan, so‘nggi yillarda boshlang‘ich maktab o‘qituvchilarini tayyorlash fakultetlaridagi o‘rtacha 900 ta o‘ringa 7000 ga yaqin abituriyent da’vogarlik qilgan. Ish haqi boshqa sohalarga nisbatan kamroq ekaniga (masalan, boshlang‘ich maktab o‘qituvchisi magistr darajasiga ega boshqa mutaxassislarga qaraganda 22 foiz kamroq, o‘rta maktabning birinchi bosqich o‘qituvchisi esa 15 foiz kamroq maosh oladi) va stress darajasi o‘sib borayotganiga qaramay, ko‘plab o‘qituvchilar o‘z ishidan qoniqish va sadoqat his qiladi: o‘qituvchilarning faqat 10−15 foizigina faoliyati davomida sohasini o‘zgartiradi. Shuningdek, o‘qituvchilarga nisbatan ota-onalar tomonidan ishonch va hurmatning yuqori ekanini ham alohida qayd etib o‘tilgan.
Hanna Simolaning ta’kidlashicha, Finlyandiya ta’lim islohotlaridagi yana bir muhim burilish nuqtasi bu — 1990 yillarda o‘qituvchilar va maktab ustidan rasmiy nazoratdan voz kechilganidir: «maktablarni tekshirish, detallashtirilgan o‘quv dasturlari, darsliklar va o‘quv materiallarini rasman tasdiqlash, o‘qituvchi har bir darsni yozib borishi shart bo‘lgan jurnallar kabi barcha an’anaviy nazorat mexanizmlari yo‘qoldi».
Ta’lim bo‘yicha ekspert, Finlyandiyaning ta’lim sohasidagi islohotlariga bag‘ishlangan «Finnish Lessons» kitobi muallifi Pasi Salbergning yozishicha, Finlyandiyada o‘qituvchilarni «qamchi va shirinlik» tamoyili asosida harakatga keltirishga intilish yo‘q, aksincha, ularga katta erkinlik (avtonomiya) beriladi. O‘qituvchilar o‘z o‘quvchilarini baholab borishlari va ularning davomati haqida hisobotlarni taqdim etishlari kerak, ammo, ayni vaqtda, ularning nazarida o‘quvchilarga mosroq keladigan o‘z dasturlarini ham ishlab chiqishlari mumkin. Jahon bankining qayd etishicha, bu tizim o‘zaro ishonch asosiga qurilgan: Finlyandiyaning Ta’limni baholash markazi (FINEEC) shaharlarni alohida-alohida tanlab olib, muntazam baholashlar o‘tkazib turadi, ammo bunda maktablarni bir-biri bilan taqqoslamaydi, bunday baholashga tushmagan maktablar esa o‘qitishdagi muammolarni aniqlash va tuzatish uchun o‘zining baholash usullaridan foydalanadi.
Umuman olganda, nomarkazlashuv (detsentralizatsiya) hamda munitsipalitetlar va maktablarga erkinlik (avtonomiya) berilishini ko‘plab tadqiqotchilar fin ta’lim tizimidagi islohotlarning eng muhim samaralaridan biri, deya e’tirof etadi. Misol uchun, Milliy o‘quv dasturi maktabdagi har bir fan bo‘yicha maqsad va vazifalarni, shuningdek, ta’lim muhiti, o‘qitish va baholashga aloqador umumiy qoidalarni belgilab beradi, biroq munitsipalitetlar va maktablar milliy dastur hamda mahalliy o‘ziga xosliklar va o‘z o‘quvchilarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, o‘z dasturlarini ishlab chiqishi mumkin.
O‘zbekistonda umumta’lim maktablari Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan dastur va rejalarga qat’iy rioya qilishi shart. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi maktablarni akkreditatsiyadan o‘tkazib, ularning reytingini tuzadi, o‘qituvchilar esa Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tartibga solinadigan attestatsiya jarayonidan muntazam o‘tib turishi talab etiladi.

Download 148.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling