8-modda. Fuqarolarni qabul qilish
Davlat organlarida fuqarolarni qabul qilish tashkil etiladi. Fuqarolarni qabul qilish rahbar yoki boshqa mansabdor shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Buning uchun davlat organlarida alohida bo‘linmalar tuzilishi mumkin, fuqarolarni qabul qilish uchun mas’ul mansabdor shaxslar belgilab qo‘yiladi.
Qabul belgilangan kun va soatlarda, fuqarolar uchun qulay vaqtda o‘tkaziladi. Qabul jadvali fuqarolar e’tiboriga yetkaziladi.
Fuqaro og‘zaki murojaat etayotganda o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjat ko‘rsatishi kerak.
Fuqaroni qabul qilish, agar uning bir necha bor qilgan murojaati asossiz, qonunga xilof xususiyatda bo‘lsa yoki uning murojaati bo‘yicha qaror qabul qilib bo‘lingan bo‘lsa, rad etilishi mumkin.
Davlat organlarida fuqarolarni qabul qilish tartibi mazkur organlar rahbarlari tomonidan belgilanadi.
9-modda. Fuqarolarning murojaatlari bo‘yicha ish yuritish
Davlat organlarida fuqarolarning murojaatlari bo‘yicha ish yuritish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda olib boriladi.
\
II. FUQAROLARNING MUROJAAT ETISh HUQUQLARI KAFOLATLARI
10-modda. Fuqarolar murojaat etish huquqidan foydalanayotganda ixtiyoriylik
Fuqarolarning murojaat etish huquqi ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi. Hech kim biron bir murojaatni himoya etishga yoki unga qarshi qaratilgan harakatlarda ishtirok etishga majbur qilinishi mumkin emas.
11-modda. Fuqarolar murojaat etish huquqidan foydalanayotganda kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi
Fuqarolar murojaat etish huquqidan foydalanayotganda ularni jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeiga qarab kamsitish taqiqlanadi.
12-modda. Fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqishning majburiyligi
Fuqarolarning murojaatlari albatta qabul qilinishi va ko‘rib chiqilishi kerak, ushbu Qonun 6-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Fuqaro uning murojaatini qabul qilish va ko‘rib chiqish asossiz ravishda rad etilganligi ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki bevosita sudga shikoyat berishga haqli.
Do'stlaringiz bilan baham: |