Paxtasho’r (S. affinis CAM-) sho’radoshlar oilasidan, bo’yi 10—50 sm ga yetadigan zangori rangli bir yillik o’t. Sernam yillari gektaridan 3—5 s gacha quruq hashak olish mumkin. Yoz-kuz mavsumida uning barg va poyalarida tuz ko’p bo’lganligi sababli uni mollar yaxshi yemaydi, qishda esa qo’y va echkilar uchun birmuncha yaxshi oziq xisoblanadi. Uni yegan qo’ylar ko’pincha egiz qo’zilaydi.
Oqsho’ra (Chenopodium album L.) sho’radoshlar oilasidan, bo’yi 15—100 sm ga yetadigan oq g’ubor bilan qoplangan bir yillik o’t. Poyasi asosidan shoxlangan. U aprel oylarida unadi va iyul-sentyabr oylarida gullab, urug’ beradi. Oqsho’ra cho’l, adir va tog’ mintaqasida ko’p o’sadi. U ko’pincha nam sho’rxok yerlarda, ekinlar ichida, yo’l yoqalarida, tashlandiq yerlarda juda ko’p o’sadi. Ekin orasida u begona o’t bo’lib hisoblansada, hamma chorva mollari, ayniqsa ot, qoramol, qo’y va echkilar uni ko’kligida ham, qurigandan keyin ham ishtaha bilan yeydi. Shu sababli uni alohida maydonlarga ekib, har yili yuqori hosil olish mumkin. Bu o’simliklarning hammasi yaylovlarda o’sadigan qimmatli yem-hashak o’simliklardandir.
Yantoq (Alhagi pseudoalhagi.) cho’l va adir mintaqasida joylashgan chorvaning asosiy ozig’i hisoblanadi. Uni ko’kligida ham, qurigandan keyin ham hamma mollar ishtaha bilan yeydi. Shu sababli har bir qorako’lchilik xo’jaliklari yantovdan qish uchun yetarli miqdorda tayyorlab oladilar. Ko’pchilik xo’jaliklar undan yantoq uni tayyorlaydilar. Bu un qishda chorva mollari uchun qimmatli oziq hisoblanadi. Yantoq unini konsentrat yem sifatida ishlatish mumkin.
Karrak (Cousinia resinosa Juz.) qoqio’tdoshlar oilasiga kiradi. Uni ko’kligida ham, qurigandan keyin ham barcha chorva mollari xush ko’rib yeydi. Chorvachilik xo’jaliklari qishki oziq uchun karrakdan yetarli miqdorda tayyorlab oladilar. Karrak ham yantoq kabi maxsus mashinalar yordamida maydalanib, mollarga beriladi. Karrakni ayni gullagan davrida urib olish foydali, chunki bu davrda uning barg va poyalarida vitaminlar, uglevodlar ko’p bo’ladi. Seryog’in yillari gektaridan 1,5—2 t gacha quruq karrak xashagi yig’ib olish mumkin. Gullagan davrida tarkibida 8% protein, 64% kletchatka bo’ladi. Uning doni oqsilga boy. Chorvadorlar uni juda qadrlaydilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |