Yovvoyi sabzi (Daucus carota L.) ziradoshlar oilasidan bo’lib, bo’yi 150 sm keladigan ko’p yillik o’simlikdir. Yovvoyi sabzining urug’i turli mamlakatlarda har xil dori-darmon sifatida foydalaniladi: Misrda buyrakdagi toshlarni tushirishda, Amerikada, Yevropa va Osiyoda hayz ko’rishni qo’zg’atuvchi dori sifatida ishlatiladi. Bizda uning urug’i gijjaga qarshi va surgi sifatida ishlatiladi. Yovvoyi sabzi urug’i siydik haydash xususiyatiga ham egadir. O’simlikning urug’i, poyasi, hamda ildizi xushbuy xidli bo’lganligi sababli, ulardan baliqli, gushtli taomlar tayyorlashda, bodring, karam, pomidor, tarvuz tuzlashda, olma, olcha, shaftolilarni ziravorlab-sirkalashda, likyor, vino ishlab chiqarishda foydalanilishi mumkin. Yovvoyi sabzi urug’ining tarkibida 18% yog’, 21% protein, 7,5% gacha efir moyi, karotin, A provitamin, 15—62 mg % V1 V2, K va 11 mg % S vitaminlar bo’ladi.
Suvqalampir (Polygonum hydropiper L.) torondoshlar oilasiga kiruvchi bu o’simlik achchiq ta’mli, poyasi tik o’suvchi qizg’ish rangli, bo’yi 75 sm keladigan bir yillik o’tdir. Suvqalampirning bargi, novda va ildizi juda achchiqdir. Gullash davrida uning shifobaxshlik xususiyati ortadi. Undan tayyorlangan preparat gidropiperin hamda sharbat, ichdan qon ketishi, zotiljam va bavosil kasalliklarini davolashda ishlatiladi. Bolgar xalq tabobatida bu o’simlikning qiyomidan oshqozon, ichak kasalliklarini va turli yaralarni davolashda foydalaniladi. Suvqalampirning barg va novdalarida rutin, kvarsetin, 8% gacha tanid, poligopiperin glyukozid, qand moddalari, efir moyi, poligon, sirka, olma, valerian va melisin kislotalari, mineral tuzlar, R, K hamda 200 mg % S vitaminlari bo’ladi.
Itburun (Rosa canina L.) ra’nodoshlar oilasidan, bo’yi 3 m gacha yetadigan butadir. Xalq tabobatida meva qaynatmasi va damlamasi ichak faoliyati buzilganda va infeksiyalarda burishtiruvchi vosita sifatida, milk kasalliklarida og’iz chayish uchun ishlatiladi. Meva ekstrakti — xolosos xolesistitda, sariq kasalligida, jigar hamda o’t pu-fagining boshqa kasalliklarida qo’llaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |