Bangi-shahar, Markaziy Afrika Respublikasining poytaxti. Bangi-shu yerda yashovchi xalq nomi, shahar nomi xalq nomidan olingan.
Bangladesh-Janubiy Osiyodagi davlat. 1971-yilga qadar Sharqiy Pokiston deb yuritilar va Pokistonning provinsiyalaridan biri edi. Mustaqillikka erishgach Bangladesh deb ataladigan bo'ldi. Bangladesh-«bengallar mamlakati, o'lkasi» degan ma'noni beradi. Mamlakat aholisining 98 % bengallar hisoblanadi.
Barens dengizi-Shimoliy Muz okeanining g'arbiy dengizlaridan biri. 1853-yili nemis geografi A.Peterman gollandiyalik dengizchi Villem Barens sharafiga shunday nomlagan. V.Barens XVI asrda uch marta sayohatda bo'lgan va shu joyda halok bo'lgan.
Ilgari Murmansk dengizi, Rus dengizi, Shimoliy dengiz, Moskva dengizi, Muz dengizi kabi nomlar bilan atalgan.
Bartang-daryo. Tojikistondan oqib o'tadi. Panjning o'ng irmog'i. Bartang prof. H.Hasanovning fikricha, tor daradan oqqani uchun «bag'ri tang» deyiladi. A.Z.Rozenfeldning ko'rsatishicha, Bartang ikki komponentdan tuzilgan, ya'ni bar (bir narsaning ustida, yuqorisida, balandda ekanini anglatuvchi) qo'shimcha, tang-«tor dara». Bartang-«tor dara yuqorisidan oquvchi daryo» demakdir.
Bass bo'g'ozi-Avstraliya bilan Tasmaniya oroli o'rtasidagi bo'g'oz. Bu yerda birinchi bo'lib 1797-yili ingliz sayyohi Jorj Bass bo'lgan. Keyinchalik 1798-yili gidrograf M.Flinders bu joy haqiqatdan ham materik bilan orolni bir-biridan ajratib turuvchi bo'g'oz ekanligini isbotlab bergan va uni Bass bo'g'ozi deb nomlashgan.
Baykal-dunyodagi eng chuqur (1620 m) ko'l, Sharqiy Sibirda joylashgan. Buryatcha «boy» va «ko'l» ya'ni «katta ko'l» deb ta'riflanadi. Buryatcha bu so'zlar boshqa turkiy tillarda (masalan, yakut tilida) ham shu ma'nodadir.
Ko'lning kattaligiga nisbat qilib buryatlar uni dalay-«dengiz», yakutlar bayagal-«dengiz» deb ataydilar. Uzoq vaqt davomida rus tilida ham dengiz ma'nosida ishlatilib kelingan (Kaspiy dengizi, Orol dengizi singari). XIX asr o'rtalaridan esa Baykal ko'li deb nomlanadigan bo'ldi.
Bayron-burun, Avstraliyaning eng sharqiy chekka nuqtasi. J.Kuk tomonidan 1770-yili 15 mayda kashf etilgan va 1764-1766-yillari dunyo bo'ylab aylanma sayohat qilgan ingliz ekspedisiyasi boshlig'i Jon Bayron sharafiga shunday nomlangan.
Bag'dod-shahar, Iroq poytaxti. Bog'-«olloh», dod-«tuhfa», «in'om» so'zlaridan olingan bo'lib, «olloh in'om etgan», «ollohning tuhfasi» ma'nosidadir. Uni ulug'lab Dorussalom-«Tinchlik uyi» deb ham atashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |