Hindixitoy-Janubi-Sharqiy Osiyodagi yarim orol. Hindiston va Xitoy oralig'ida joylashganligi uchun yevropaliklar yarim orolni shunday atashgan.
Hindukush-Osiyodagi tog'lar. Rivoyatlarga ko'ra, bu tog'larda hindular ko'p halok bo'lgan, chunki sovuqqa o'rganmagan hind savdogarlari tog'dan oshib o'tayotganlarida sovuqqa bardosh bera olmagan. Shu boisdan u «hindular qirilgan tog'» deb atalgan. Kush-tojikcha kushidan-«so'ymoq», «qirmoq» so'zidan olingan. Shuning uchun tog' nomini Hindiqush deb atalaffuz qilish noto'g'ri.
Arab sayyohi Ibn Battuta ham bu tog' «hindular qotili»dir, chunki Hindistondan keltirilayotgan juda ko'p qullar, qattiq sovuq va qalin qor dastidan bu tog'larda halok bo'lganlar, deb yozgan.
Hindukush aslida Hindukash bo'lib, kash-«suv ayirg'ich» degan ma'noda, deb hisoblaydiganlar ham bor.
Hisor tog'lari-O'rta Osiyodagi tog' tizmasi. Dushanba yaqinidagi Hisor shahri nomidan olingan. Hisor so'zi nomlar tarkibida ko'p uchraydi va «qal'a», «qo'rg'on» ma'nolarini bildiradi.
Ili-daryo, Xitoy va Qozog'iston hududidan oqib o'tib Balxash ko'liga qo'yiladi. Qadimiy turkiy tilda «tez suv», «tez oqar daryo» degan ma'noni beradi.
Ilek-Ural daryosining chap irmog'i. YE.Koychuboyev Ilek-«yel» (shamol) so'zidan olingan va «tezoqar» deb izohlagan. Ilek va Ilak so'zlari turk va tatar tillarida «tinch, tiniq» degan ma'noni beradi, shuning uchun bu daryoni «tinch oqar, tiniq» deb izohlash mumkin. V.A.Nikonov esa gidronimni boshqirdcha imk «yovvoyi echki, yaylak» so'zi bilan (yaylov) bog'liq bo'lsa kerak, deb izohlaydi.
Indigirka-Sharqiy Sibirdagi daryo, evenkcha-Indigir. Daryo nomi evenk qabilalarining nomidan olingan deb hisoblanadi. Ko'pchilik etnonimlar tarkibidagi–gir suffiksi joy nomining xalq, urug'-qabilalar nomi bilan bog'liqligini ko'rsatadi.
Indoneziya-davlat, Janubi-Sharqiy Osiyoda-Malayya arxipelagida joylashgan. Indoneziya-«Hind orollari» degan ma'noni bildiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |