FANER (fransuzcha fournir – ustma-ust qo‘ymoq) – yupqa yog‘och shponlar (qatlamlar)ni qatlam-qatlam qilib yopishtirib tayyorlangan qurilish materiali.
FAOLIYAT – kishilarning tashqi olamga faol munosabati shakli, insonning o‘zini o‘zi maqsadga muvofiq tarzda o‘zgartirish usuli, inson borlig‘ining muhim xususiyatlaridan biri.
FAOLLIK – tirik materiyaning umumiy xususiyati, tevarak muhit bilan o‘zaro ta’sirda bo‘lishida namoyon bo‘ladi.
FLEGMATIK – temperament turlaridan biri bo‘lib, harakatlar sekinligi, barqarorligi, emotsional holatlarning tashqi ko‘rinishlari kuchli emasligida namoyon bo‘ladi.
GIDRAVLIKA (gidro... va yun. Aulos – naycha) – suyuqliklarning muvozanat va harakat shartlari qonunlarini o‘rganish va shu qonunlardan foydalanib, gidrotexnikaning amaliy masalalarni hal qilish bilan shug‘ullanadigan fan.
GIDROTEXNIKA (gidro... va texnika) – texnikaning suv resurslari (daryo, ko‘l, dengiz, okean, yer osti va atmosfera, suvlari)dan xalq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun foydalanish va suv keltiradigan zararlarga qarshi kurashish hamda shu maqsadlar uchun ishlatiladigan gidrotexnika inshootlarini loyihalash va qurish masalalari bilan shug‘ullanadigan sohasi.
GURUH – biror jihati (belgisi, xususiyati, maqsad-g‘oyasi, faoliyati va b.) bilan o‘zaro bog‘liq yoki yaqin narsa va jonzotlar majmui.
HARAKAT – borliqning ajralmas xususiyati bo‘lgan o‘zgaruvchanlikni ifodalovchi falsafiy kategoriya. Harakat tushunchasi imkoniyatlarning voqelikka aylanishini, ro‘y berayotgan hodisalarni, olamning beto‘xtov yangilanib borishini aks ettiradi. Olamdagi har qanday jarayon harakat tufayli sodir bo‘ladi. Har qanday o‘zgarish – harakatdir.
HUNAR (arabcha – san’at; bilim, ko‘nikma, mahorat, ustalik, hasb) – 1) mayyan ko‘nikma, mahorat talab qiladigan, tirikchilikning asosiy manbai hisoblanuvchi ish, mashg‘ulot, kasb; 2) biror ishdagi mahorat, san’at; mohirlik, ustalik talab etuvchi ish, xatti-harakat.
HUNARMANDCHILIK – milliy-an’anaviy mayda tovar ishlab chiqarish, oddiy mehnat qurollari yordamida yakka tartibda va qo‘l mehnatiga asoslangan sanoat turi; shunday mahsulotlar tayyorlanadigan kasblarning umumiy nomi.
Do'stlaringiz bilan baham: |