BAHOLASH – o‘rganilgan o‘quv materialini konkret maqsad uchun baholash ko‘nikmasini anglatadi.
BALL (fransuzcha balle – soqqa, shar) – raqam bilan ifodalangan baho.
BELGI – moddiy, hissiy ravishda idrok etiladigan predmet, voqea yoki harakat.
BINO – kishilarning yashashi, bilim olishi, ishlashi, hordiq chiqarishi uchun hamda maishiy va ishlab chiqarish maqsadlari, shuningdek hayvon, parrandalarni boqish va buyumlarni saqlash uchun quriladigan inshoot.
BLOK (ing. block) – 1) gardishida zanjir, arqon, tasma uchun novi bo‘lgan g‘ildirak shaklidagi oddiy mexanizm yoki detal; 2) bir necha bir xil qismlardan iborat mashina uzeli; 3) qurilishda bino hajmining bir qismi.
BILIM – 1) o‘rganilgan ma’lumotlarni eslab qolish va qayta tushuntirib berish; 2) shaxsning ongida tushunchalar, sxemalar, ma’lum obrazlar ko‘rinishida aks etuvchi borliq haqidagi tizimlashtirilgan ilmiy ma’lumotlar majmui.
BOSHQARUV – shaxs va jamiyat munosabatlarida ijtimoiy, individual munosabatlarni o‘rnatishga qaratilgan jarayon.
BOSQICHLAR – muloqotda mavjud bo‘lgan shaxsning o‘zi bilan, boshqalar bilan va avlodlar orasida kechadigan jarayon.
DARS – sinfda aniq maqsadlarni ko‘zlab, belgilangan vaqt oralig‘ida bir xil yoshdagi o‘quvchi-yoshlar bilan o‘qituvchi rahbarligida olib boriladigan o‘quv-tarbiya jarayonining tashkil etilishi.
DASTGOH – 1) ishlanadigan buyumlarni mahkam ushlab turadigan moslamalar, ba’zan esa mexanizatsiyalashgan asboblar va b. Kerakli yaroqlar bilan jihozlangan ish stoli. Chilangarlik, duradgorlik, tunukachilik va b. dastgohlar bo‘ladi; 2) stanokning eski nomi.
DAVLAT TA’LIM STANDARTLARI – davlat tomonidan ta’limning mazmuni va sifatiga nisbatan belgilanadigan talablar majmui.
DEHQONCHILIK – 1) o‘simlik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun madaniy o‘simliklar (qishloq xo‘jaligi ekinlari)ni yetishtirish; qishloq xo‘jaligining asosiy tarmoqlaridan biri; 2) qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish va tuproq unumdorligini oshirishning umumiy usullarini o‘rganadigan fan.
Do'stlaringiz bilan baham: |