Identiv o’quv maqsadlari:
8.1. Nazmiy nutqda gap qurilishi bilan nasriy nutqdagi gap qurilishini farqlaydi.
8.2. Fasohatda so’z va so’z birikmasi takrorining ifodalilik va badiiy jarangdagi vazifasini ilg’ay oladi.
8.3. Fasohat bilan bog’liq bir qator she’r san’atlarining mohiyati haqida tushuncha hosil qiladi.
8.1-asosiy savolning bayoni:
Balog’at (ko’chim)ning asosini so’z, fasohatning negizini gap va gap qurilishi tashkil qiladi. Gapda so’zlarning o’rni, o’rin almashishi, takrori nazmiy nutqning jozibadorligi va ohangdorligini ta’min etadi. Joziba va ohang – ifodalilikka aloqador. Ifodalilik esa fasohatning maxsus tasviriy vositalari orqali amalga oshadi.
Tasviriy vositalar – maxsus ko’rinish va nomlarga ega.
Balo ko’hsorining Farhodi men-men,
Junun tasvirining Behzodi men-men.
(Munis)
Baytning fasohatini ochsak, quyidagilar ayonlashadi: 1) “men-men” ikki marta takrorlanishi nasrda noqis hisoblanadi, ammo nazmiy nutqda radif bo’lib, ohangdorlikni bajarib kelmoqda; 2) jonli tilda «balo ko’hsori», «junun tasviri» deyilmaydi, ular poetik nutqni mubolag’alashtirib, tasviriylikni ko’chaytirgan; 3) «Farhodi men-men» – «Behzodi men-men» kabi so’z birikmalari ham faqat poetik nutqga xos bo’lib, ular nazmiy talmeh hisoblanadi.
Nazmiy nutqda so’zlarning o’rni va o’rin almashib kelishi poetik sintaksisda o’rganiladi. Poetik sintaksis nazmiy nutq tarkibini o’rganib, uning ifoda, tasvir va obrazlilikdagi mavqeini belgilaydi.
Inversiya, deb bosh bo’laklarning o’rin almashib kelish holatiga aytiladi.
Bir diram olmoq chekibon dast ranj,
Yaxshiroq ondinki, birov bersa ganj.
(Navoiy)
Ega – bir diram jumla boshida, kesim – yaxshiroq ham boshida kelgan. Buni aruz vazni va qofiya talab qilgan. Jumlada gap bo’laklarining o’rin almashib kelishidan tashqari ular qatorlashib, ketma-ket kelishi ham mumkin. Bu holat ta’did san’atini yuzaga keltiradi.
Muhokama uchun savollar:
8.1.1. Nazmiy va nasriy nutqdagi gap qurilishining farqlarini ayting.
8.1.2. Poetik sintaksis haqida ma’lumot bering.
Do'stlaringiz bilan baham: |