Hamkorlik masalalari” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari
XIV asrga oid turkiy yozma manbalarning til xususiyatlari yoritilgan
Download 5.91 Mb. Pdf ko'rish
|
Konferensiya materiallari 2022 tahrir yangi xatosiz (2)
3. XIV asrga oid turkiy yozma manbalarning til xususiyatlari yoritilgan
tadqiqotlar. Eski turkiy tilning so‘z boyligini atroflicha tahlil qilishda A.Borovkov, G‘.Abdurahmonov, A.Najib, E.Fozilov, Q.Mahmudov, Q.Karimov, H.Ne’matov, H.Dadaboyev, Q.Sodiqov, S.Ashirboyev kabi turkolog olimlarning roli katta bo‘lgani e’tirof etilgan. Bu davr manbalarining o‘rganilishi, to‘plam holida chop qilinishida E.Fozilov, N.Davron kabi olimlarning xizmatlari beqiyosdir. Akademik Ergash Fozilov o‘z tadqiqotida XIV asr yodnomalari sifatida “Gulistoni bit-turkiy”, “Muhabbatnoma”, “Nahj ul-farodis”, “Xusrav va Shirin” asarlarini sanab o‘tadi. Tadqiqotda Xorazm yodnomalarining leksik tarkibi o‘rganilgan, o‘z va o‘zlashgan qatlamga ajratilgan holda izohlangan, morfologik jihatdan turkumlarga ajratilgan holda har bir turkumning kategorial shakllari yoritib berilgan, asarlarning leksik tarkibi lug‘at sifatida ilova qilingan, shuningdek, “Gulistoni bit-turkiy” va “Xusrav va Shirin” asarlari transkripsiyasi ham berib o‘tilgan. XIV asrning ikkinchi yarmiga oid yodgorliklarni til jihatidan o‘rgangan yana bir tadqiqotchi Amir Najibdir. Olim Qutbning “Xusrav va Shirin” dostoni leksikasini tarixiy-qiyosiy aspektda o‘rgangan bo‘lsa, Sayfi Saroyining “Gulistoni bit-turkiy” asaridagi morfologik va sintaktik xususiyatlar yuzasidan izlanishlar olib borgan. H.Dadaboyevning “Eski o‘zbek tilida harbiy leksika” deb nomlangan dissertatsiyasida eski o‘zbek tilidagi harbiy atamalarning semantik funksional tahlili haqida fikr yuritilgan va manbalardan yig‘ilgan harbiy leksika mansab va lavozimni anglatuvchi harbiy terminlar, qo‘shin bilan bog‘liq tushunchalarni bildiruvchi harbiy terminlar, qurol-yarog‘ va harbiy aslahalarni bildiruvchi terminlar, harbiy-injenerlik istehkomlarini bildiruvchi terminlar kabi mazmuniy guruhlarga ajratilib tahlil qilingan. Tadqiqotda harbiy atamalar etimologik jihatdan asosiy ikki guruhga ajratilgan: o‘z qatlam va o‘zlashgan qatlam. H.Dadaboyev XI–XVIII asr yozma manbalarida qo‘llangan harbiy, siyosiy iqtisodiy-ijtimoiy terminlar tadqiqi mahsuli sifatida yuzaga kelgan lug‘atlar tilshunoslik uchun katta xazina hisoblanadi. S.Ashirboyev o‘z risolasida “Xusrav va Shirin” dostoni tilining boshqa manbalar tilidan farqli tomonlari haqida to‘xtaladi va uch mezon orqali: asar tilidagi leksik, fonetik va morfologik o‘ziga xosliklarni misollar asosida ochib bergan. B.Abdushukurov dissertatsiyasida eski turkiy til va eski o‘zbek tili davrida qo‘llangan zoonimlar tadqiqot obyekti sifatida tanlangan, jumladan shu davr manbalari sifatida “Gulistoni bit-turkiy”da qo‘llangan 30 dan oshiq, “Muhabbatnoma”da qo‘llangan o‘nga yaqin hayvon nomlari ham tahlil ostiga olingan. Ayni muallifning “Qisasi Rabg‘uziy” leksikasi” nomli tadqiqoti Rabg‘uziy asarida qo‘llangan so‘zlarning lingvostatistik, mavzuviy, tarixiy-etimologik, leksik-semantik jihatdan o‘ziga xos xususiyatlarini ochib berishga qaratilgan va o‘rni bilan ayrim so‘zlar Sayfi Saroyi, Xorazmiy asarlari leksikasi bilan qiyoslangan. O.T.Sayimbetov “Muhabbatnoma” asarining tili va unda qoraqalpoq tilining o‘rni haqida izlanish olib boradi. Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, XIV asr manbalari tilshunos olimlar tomonidan quyidagi yo‘nalishlarda o‘rganilgan: a) asar leksikasining umumiy jihatdan tahlil qilinishi (E.Fozilov, B.Abdushukurov, O.Sayimbetov); b) asar leksikasidagi ma’lum mazmuniy guruhlarning tahlili (H.Dadaboyev, Q.Sodiqov, Q.Omonov, B.Abdushukurov); c) asar tilidagi grammatik xususiyatlar tahlili (A.Najib, E.Fozilov). Yuqoridagi guruhlash shartli ravishga qabul qilinmog‘i lozim, zotan har bir olimning izlanishi,tahlillarga yondashuv uslubi o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling