OʼZBEKISTON RESPUBLIKАSI BUXGАLTERIYA HISOBINING MILLIY STАNDАRTI
17-SONLI BHMS
KAPITAL QURILISHGA OID PUDRAT SHARTNOMALARI
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998 yil 23 dekabrda 579-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]
Ushbu Buxgalteriya hisobi milliy standarti (BHMS) O‘zbekiston Respublikasining «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi Qonuni asosida ishlab chiqilgan va O‘zbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobini me'yoriy tartibga solish tizimining bir qismi hisoblanadi.
Ushbu standartning maqsadi qurilish pudrati shartnomalari bilan bog‘liq bo‘lgan daromadlar va xarajatlarning buxgalteriya hisobi uslubiyatini belgilashdan iborat. Pudrat shartnomasi bo‘yicha daromadlar va xarajatlarning taqsimlanishi pudrat shartnomalarini hisobga olishdagi asosiy masalasidir, chunki pudratni bajarishning boshlang‘ich va oxirgi muddatlari odatda har xil hisobot davrlariga to‘g‘ri keladi. Pudrat shartnomasi bo‘yicha daromadlar va xarajatlar moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotda daromadlar va xarajatlar sifatida aks ettirilishi lozim bo‘ladigan paytni belgilash uchun ushbu standart moliyaviy hisobotni tayyorlash va taqdim etish qoidalarida (BHMS «Moliyaviy hisobotni tayyorlash va taqdim etish uchun konseptual asos» BHMSi) belgilangan mezonlaridan foydalanadi.
Ushbu standart kapital qurilish uchun pudrat shartnomalari bo‘yicha natijalarni tayyorlash va moliyaviy hisobotga kiritish maqsadida pudratchilar tomonidan qo‘llaniladi.
Mazkur standart o‘z ehtiyojlari uchun kapital qurilishni amalga oshirayotgan (xo‘jalik hisobi usuli) sub'ektlar — quruvchilarga taalluqli emas, chunki ular bunday faoliyatdan daromad olmaydilar, ular qilgan xarajatlarning hammasi esa kapitallashtiriladi.
Ushbu standartda foydalaniladigan tushunchalar:
Kapital qurilish uchun pudrat shartnomasi (keyingi o‘rinlarda «Qurilish pudrati shartnomasi») — ushbu shartnomaga asoslanib pudratchi, buyurtmachining topshirig‘iga ko‘ra qurilish ishlarini bajarish majburiyatini tavakkal qilib zimmasiga oladigan, buyurtmachi esa bajarilgan ishni qabul qilib oladigan va haqini to‘laydigan shartnomadir. Qurilish pudrati shartnomasi bir-biri bilan mustahkam bog‘langan yoki ularni loyihalash va ulardan foydalanish shartlari bo‘yicha o‘zaro bog‘liq bo‘lgan bitta ob'ektni yoki ob'ektlar guruhini qurish maqsadida tuzilishi mumkin. Bundan tashqari, qurilish pudrati shartnomalariga ob'ektlarni qurish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan xizmatlarni ko‘rsatish ishlari kiritilishi mumkin (ya'ni qurilayotgan ob'ektlar rahbariyatining va me'morlarning xizmatlari va h.k.).
Do'stlaringiz bilan baham: |