Ñho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi Òoshkent – 2010


Download 3.58 Mb.
Pdf ko'rish
bet49/50
Sana22.06.2017
Hajmi3.58 Mb.
#9580
1   ...   42   43   44   45   46   47   48   49   50

Kelganda ham qiyomat oxir,

Mehr qolur, muhabbat qolur...

Nima deysan, ey, g‘ayur inson?

G‘iybatlaring qildi meni qon,

Sen ham bir kun o‘tursan, inon,

Mehr qolur, muhabbat qolur!


656

MADHIYA


Qadim yurtga qaytsin qadim navolarim,

O‘tmishni yod etay desang, xalq bo‘l, elim.

Alpomishga alla aytgan momolarim

Ruhini shod etay desang, xalq bo‘l, elim.

Ko‘z yoshlaring aylansa ham dengizlarga,

Qo‘rg‘onlaring bermaganding Chingizlarga,

Ulug‘bek ot qo‘yib ketgan yulduzlarga

Yuzim bosib o‘tay desang xalq bo‘l, elim.

Go‘ro‘g‘lilar qonga botsa G‘irotlarda,

Ko‘r o‘g‘illar yurtni sotsa xilvatlarda,

Boburlar bexabar yotsa Hirotlarda,

Borib men uyg‘otay desang, xalq bo‘l, elim.

Kuyib ketdi kitoblaring karvon-karvon,

Sinolaring malhamiga mushtoq-zorman,

Ko‘ksingdagi besh asrlik kuyik armon –

Navoiyga yetay desang, xalq bo‘l, elim.

Oq ko‘nglingda orzularing turnaqator,

Ostonangda oftob chiqib, oftob botar,

Otameros erking senga bir iftixor –

Kunlaringga qaytay desang, xalq bo‘l, elim!



657

MIRZO  KENJABEK

O‘ZBEKISÒON

Oppoq qayinlarga bo‘ldim oshino,

Sayr etdim men bahri jahannamlarni.

Mening she’rlarimda tovlandi hatto

Beqaror Afrika savannalari.

Sahroi Kabirda yozsam ko‘nglimni,

Ruhimda chinorday turding ko‘karib.

G‘afur G‘ulom bo‘lib nechun men seni

Bir umr boshimda yurdim ko‘tarib?. .

Yerning har burchida odamlar goho

Menga o‘z tilimda so‘ylar, gumon yo‘q:

O‘zbek ko‘p butun Yer yuzida, ammo

Olamda boshqa hech O‘zbekiston yo‘q!

1978


O‘Q

Ulash boboga xat

Ishongil,

Yolg‘iz sen emassan, otam,

Vujuddagi o‘qdan qiynalib tolgan.

Ishongil,

Jismimda o‘q bor mening ham —

Ko‘krak qafasimni larzaga solgan.

42 – Adabiyot, III


658

Umrimni titratar chap yonimdagi

Bu o‘q — tinch zamonning notinch sharpasi,

Seni qiynagandek vujudingdagi

Qirqinchi — qirg‘inli yillar parchasi...

O‘tasan aeroport nazoratidan,

Magnit jaranglaydi. Òugar saboting!

Mening ham bu og‘riq asoratidan

Jaranglab o‘tadi butun hayotim!

Sen tunlar eslaysan jang maydonida

Qandoq dahshatlarga tushganlaringni;

«Pul», «Aldov», «Xiyonat» — «Haq» nishonida

Men ko‘zlab yashayman dushmanlarimni!

Ikkimiz ham shundoq bezovta, bedor,

Senda ham, menda ham tunlar orom yo‘q:

Sening vujudingda otilgan o‘q bor,

Mening vujudimda — otilajak o‘q!..

1980


YUÒQIZIQ

shoir Yo‘ldosh Eshbekka

Qaytmang, qora xalqim — piyodalarim!

Hali madad kutmang kajrav farzindan.

Ruhim! Sen omon bo‘l!

Shohga qarama,

Shoh butkul bexabar mening tarzimdan!

Qora piyodalar!

Bormi omadim?

Ketdik! Raqib tomon safar qildim men.



659

Daf’atan... alamga chiday olmadim

Va Yo‘ldosh Eshbekni xafa qildim men.

Senga nima bo‘ldi,

Kajraftor farzin?!

Filim o‘ldi mening, otim yot bo‘ldi.

Endi kimga so‘ylay holatim, arzim.

Qora shohim yana... mot bo‘ldi.

Qoralar! Hamisha holingiz tangdir.

Bu ne qonuniyat? Ne sir-sinoat?!

Axir, maydon uzra safingiz tengdir,

Nahot, qoralarga mag‘lublik — qismat?!

Nechun shoh deydilar o‘zi bu toshni?

Mustaqil yo‘li yo‘q katak ustida!

Bu quruq, huquqsiz mitti yog‘ochni

Yuz marta almashtir — naf yo‘q dastidan!

Do‘qladim raqibni, shoirni, do‘stni, —

O‘zimning jonimga jafo qildim men.

Oqlarning safida yenggani uchun

Safdosh piyodani xafa qildim men.

O‘rtoq, Yo‘ldosh Eshbek!

Buncha kekkaymang!

Buncha yuragimni etmang poralar!

Men shunday bir san’at topaman, unda

Qoralar yengadi,

Faqat qoralar!...

1984


660

SIROJIDDIN SAYYID

EGASI BOR YURÒ

Ochsang davronlarning kitoblarini,

Qancha karvonlarning ertagi bordir.

Òingla donolarning xitoblarini:

Egasi bor yurtning — ertasi bordir.

Dunyoning manzil-u makonlarida

Bir ro‘zg‘or but bo‘lsa, to‘rttasi xordir.

Boqqil bul diyorning qo‘rg‘onlariga:

Egasi bor yurtning — ertasi bordir.


661

Bunda oy, quyoshdan chehralar olgan

O‘g‘il ham qizlarning erkasi bordir.

Har aytgan so‘zidan Vatan tug‘ilgan

Egasi bor yurtning — ertasi bordir.

Milyon o‘zbeklarning umidlari jam

Milyon bu ovozlar — nomus ham ordir.

Chopdim she’rlarimni qo‘ltiqlab men ham:

Egasi bor yurtning — ertasi bordir.

Qaldirg‘ochlarga ber ayvonlaringni,

Qushning ham bek bilan bekasi bordir.

Singiljon, ekaver rayhonlaringni:

Egasi bor yurtning — ertasi bordir.

Umr gohi shirin, gohi talx bo‘lgay,

Ulug‘ niyatlarga Olloh ham yordir:

Egasi bor yurtning eli xalq bo‘lgay,

Egasi bor yurtning — ertasi bordir.

VAÒAN NADIR

Beshta bek-u beshta xoni birlashmagan,

Millat debon, Vatan debon sirlashmagan,

Bir qir bo‘lib, bir yer bo‘lib yer talashgan,

Òo‘zg‘ib yotgan xonavayron yurt edi bu.

Qondosh bo‘lib qo‘shilmagan, qoni ayro,

Òo‘ralarin o‘z elidan noni ayro,

Asrlarkim, yig‘lab o‘tdi ikki dayro,

Yarmi faryod, yarmi afg‘on yurt edi bu.

Islomiyat dunyosin o‘z mulkin qilgan,

Iymon birlan yer yuzini gulgun qilgan



662

Buxoriyni Buxorodan quvg‘in qilgan,

Bir zo‘ravon, bir notavon yurt edi bu.

Vatan nadir — anglang ranj-u ozoridan,

So‘rang uni Mirzo Bobur mozoridan.

O‘z zuryodin haydab gulshan gulzoridan,

Devonlarda bag‘ri biryon yurt edi bu.

Dilni o‘rtar hamon g‘am-u g‘urbatlari,

Yot ellarda qolib ketdi turbatlari,

«Fig‘onkim...» deb o‘tdi qancha Furqatlari,

Yorkentlarda ko‘zi jayron yurt edi bu.

O‘zi gulday o‘g‘lonlarin saylab berib,

Ro‘yxatlarga nomlarini joylab berib,

Cho‘lponlarin o‘zi itday boylab berib,

Izlaridan o‘zi giryon yurt edi bu.

Kelgindi nom borki, bunga kelib ketgan,

Cho‘ntaklari tillolarga to‘lib ketgan,

Yana xoksor el ustidan kulib ketgan,

Mehmoni ko‘p, mute mezbon yurt edi bu.

Nadir millat qudratining tamadduni?

Amir Òemur haykalidan so‘rang buni.

Ot mindirib kim qaytardi yurtga uni?

Jahongiri bexonumon yurt edi bu.

Bir sultonni Xudo yurtga qarab bergay,

Olam ahli so‘ng u yurtga taraf bergay,

Abadiyat qadar unga sharaf bergay,

Sharaf-shoni ro‘yi jahon yurt bo‘ldi bu.

1999


663

 BIZ OVQAÒLANAMIZ

Hazilnamo

Odamzot nima yeydi?

Sut, qaymog‘u sabzavot.

Òuxumdan tortib qo‘-yu

Otgacha yer odamzot.

Ko‘katni-ku, qo‘ymaydi,

Òap o‘zini tashlaydi.

Yeb tugatar bir zumda

Yaylovlarni, dashtlarni.

Podalarni yeydi u,

Og‘zin ochib suyunar.

Òo‘g‘ri uning qorniga

Kirib kelar suruvlar.

Òovuqlar, o‘rdaklarni,

Bedana-yu qirg‘ovul,

G‘oz, kaklik — barchasini

U qiladi tanovul.

Parij qozonlarida

Qovrilar qurbaqalar.

Odamzot shuni ham yer,

Hattoki, sho‘rva qilar.

Dengiz-dengiz baliqni

Hazm qilib yurar shod.

Million yil ovqatlanib

Hech to‘ymadi odamzot!


664

Mamontlarni yedi u

Va yana ovqat deydi.

Bunday ishtaha bilan

Bir kun dunyoni yeydi.

O‘v, bolalar!

Mayli, Siz

Òashlab ko‘z  qiringizni,

Ovqatingizni yeng-u,

Yemang bir-biringizni.

                       1986


665

ZULFIYA  MO‘MINOVA

AYOLGA BAXÒ BERING

Ayolga baxt bering, saodat bering,

Demang yuribdi-ku kulib, jilmayib.

Ayol kulib turib o‘lishi mumkin,

Dunyoni olishi mumkin jilmayib.

Ayolga baxt bering, saodat bering,

Gar ko‘zlari kulib tursa-da,

Bo‘g‘zining ostida necha ming hasrat

Oy yuzlari kulib tursa-da,

Ko‘nglini ko‘taring hech bo‘lmaganda,

Qo‘lini silashga sharofat toping.

Yig‘lab turganida hech bo‘lmaganda

Yoshini artishga muruvvat toping.

Nogoh erga tushsa oppoq ro‘moli,

Bosib o‘tmaslikka shafoat toping.

Chaqaloq yalagan etaklarini

Òoza deb aytishga adolat toping.

Ayolga baxt bering, saodat bering,

Demang yuribdi-ku kulib, jilmayib.

Ayol kulib turib o‘lishi mumkin,

Dunyoni olishi mumkin jilmayib.

Ayolga baxt bering, saodat bering,

Illohi nur toping, hidoyat toping.

Illohi baxt bergan ayol yonidan

Baxtiyor o‘tmoqqa inoyat toping.


666

Illohi qalqonsiz, illoh qo‘rg‘onsiz,

G‘iybatlar yirtmasin ko‘ylakkinasin.

Illohi hushyorsiz, illoh bedorsiz,

Itlar tishlamasin yurakkinasin.

Ayolga baxt bering, saodat bering,

Òog‘ qimirlab, toshlar so‘zga kirsa-da,

Ayolga baxt bering, saodat bering,

Oltmishga kirsa-da, yuzga kirsa-da!

MUHABBAÒ BOR EDI,

MUHABBAÒ MAVJUD

Jayronlar juftiga boqar javdirab,

Oqqush qanot qoqar oqqushni so‘rab,

Degayman oyatlar labimda titrab,

— Muhabbat bor edi, muhabbat mavjud.

Dunyo baxtli edi bizga qadar ham,

Albat baxtli bo‘lar bizdan keyin ham,

Abad yurak gullar ochilar tam-tam:

— Muhabbat bor edi, muhabbat mavjud.

Ko‘zimda yosh bilan kularman men ham,

Òilasam muhabbat tilarman men ham:

Ishq bilan dunyoni olarman men ham,

— Muhabbat bor edi, muhabbat mavjud.

Muhabbat poyida gul bo‘lajakmiz,

Yurak eshiginda qul bo‘lajakmiz,

Biz muhabbatlilar el bo‘lajakmiz,

— Muhabbat bor edi, muhabbat mavjud.

Kim aytar Majnun yo‘q, Layli bo‘lmagay,

Yig‘ladim, ko‘z yoshim ichdan so‘lmagay,

Muhabbat o‘lmagay, hargiz o‘lmagay:

— Muhabbat bor edi, muhabbat mavjud.


667

IQBOL MIRZO

AYÒGIL, DO‘SÒIM

Boshing egib, ta’zim ayla, shukrona ayt,

Seni guldek erkalagan chaman uchun.

Osmonlarda yurgan bo‘lsang, tuproqqa qayt,

Aytgil, do‘stim, nima qildik vatan uchun?

Ko‘zi qora, yuragi oq shu el uchun,

Òuproq uchun, shu yurt uchun, chaman uchun,

Ulug‘ inson boshlab bergan shu yo‘l uchun,

Aytgil, do‘stim, nima qildik vatan uchun?

Eldan ketib, el bo‘lganni kim biladi?

Don axtargan go‘shtxo‘rlarga em bo‘ladi.

Dil qonasa, ona tuproq em bo‘ladi,

Aytgil, do‘stim, nima qildik vatan uchun?

Qachongacha qorning o‘ylab o‘tadirsan?

Qachongacha ko‘kdan chalpak kutadirsan?

Axir vatan bitta, sen ham bittadirsan,

Aytgil, do‘stim, nima qildik vatan uchun?

Buncha bino qo‘yma zarrin choponlarga,

Saratonda yaproq bo‘lgin dehqonlarga,

Suyangani tayoq bo‘lgin cho‘ponlarga,

Aytgil, do‘stim, nima qildik vatan uchun?


668

Hech kimdan kam emassan, kam bo‘lmagaysan,

Erda qolsang, oftob bo‘lib kulmagaysan.

Qachon belni mahkam tortib bog‘lagaysan?

Aytgil, do‘stim, nima qildik vatan uchun?

Shu soylardan suvlar urgin yuzingga sen,

Bir bor nazar solgin bosgan izingga sen,

Shu savolni berib ko‘rgin o‘zingga sen,

Aytgil, do‘stim, nima qildik vatan uchun?

···


Bu dunyoga kelganim —

U dunyoga safarim.

Bu dunyoni yengganim —

U dunyoda zafarim.

Qachonki, pishti loyim,

Visoldir muddaoyim.

Bu dunyoda xatoim —

U dunyoda zararim.

Ishq qadimiy masaladir:

Ham zahar, ham asaldir.

Ikkisiga kosa bir,

Asaldayin zaharim!

Gul ichidan topganim,

Ayoqlarin o‘pganim,

Man saningman, san manim,

Soching belga kamarim.

Berdim necha talofat,

Do‘stlar, qilmang malomat.

Bu dunyoda halovat —

U dunyoda xatarim.

Adashdimmi, toldimmi,

Zulmatlarga qoldimmi.



669

Òo‘g‘ri yo‘lga sol endi,

Ey, ko‘zlari axtarim!

Ey, go‘zalim, yolg‘izim,

Ey, quyoshim, qamarim,

Ey, yaqinim, olisim,

Ey, asalim, shakarim!

Ikki ko‘zim — ikki sham,

Òun ado bo‘lmas hecham.

Sen bilan kechgan kecham —

U dunyoda saharim!

Bu dunyoga kelganim —

U dunyoga safarim.

Bu dunyoni yengganim —

U dunyoda zafarim.


670

RUSTAM MUSURMON

VAÒANIM

Odam Otaning nasliga beshik bo‘lgan tog‘larim,



Momo Havoning vasliga oshiq bo‘lgan bog‘larim,

Avliyolar isi kelgan mo‘tabar tuprog‘larim,

Ohuvva-hay, Vatanim-ay,

Ohuvva-hay, Vatanim.

Jayhun!

Sayhun!


Shahr-u kentlarimga ona bo‘lgan suvlarim,

Òuproqqal’a, Ayoz..., Elikqal’a bo‘lgan suvlarim,

Dehqon yerda undirgan ilk dona bo‘lgan suvlarim,

Ohuvva-hay, Vatanim-ay,

Ohuvva-hay, Vatanim.

Kunduz quyosh, kechalari oy bergan-ey, oy bergan,

Qirq kechalab qo‘noq berib, to‘y bergan-ey, to‘y bergan,

Mehmonlarga uy to‘ridan joy bergan-ey, joy bergan,

Ohuvva-hay, Vatanim-ay,

Ohuvva-hay, Vatanim.

Qilich sermab, g‘animlardan qasos olgan dashtlarim,

Yov boshini qonga to‘lgan meshga solgan gashtlarim,

Yurakdagi g‘ashlarim-ay, qonimdagi shashtlarim,

Ohuvva-hay, Vatanim-ay,

Ohuvva-hay, Vatanim.


671

Qoyalarning qoshlariga parchinlangan xatlarim,

Qabrlarning toshlariga bitilgan hikmatlarim,

Elni sevib, yurtni sevib yongan, aziz zotlarim,

Ohuvva-hay, Vatanim-ay,

Ohuvva-hay, Vatanim.

Cho‘ponlarim boqib yurgan suruv-suruv qo‘ylarim,

Yaylovlarda kishnab yurgan yilqilarim, toylarim,

Sigir sog‘ib, o‘rmak o‘rgan suluvlarim – oylarim-ay,

Ohuvva-hay, Vatanim-ay,

Ohuvva-hay, Vatanim.

Konlarga kon, gaz bergan ham, tilla bergan yerlarim,

Òut og‘ochdan soz bergan ham, pilla bergan yerlarim,

Bahor, kuz-u yoz bergan ham, chilla bergan yerlarim,

Ohuvva-hay, Vatanim-ay,

Ohuvva-hay, Vatanim.

Onajonim, o‘ntadan ko‘p bola tuqqan onam-a,

Halol ishlab, jo‘jabirday jonni boqqan otam-a,

Yag‘rinimga kiyikchaday minib olgan bolam-a,

Ohuvva-hay, Vatanim-ay,

Ohuvva-hay, Vatanim.

Vatan uchun jon ayamas kishi bor-ey, kishi bor,

Yelkasiga qo‘ngan Humo qushi bor-ey, qushi bor,

Mustaqillik degan buyuk ishi bor-ey, ishi bor,

Ohuvva-hay, Vatanim-ay,

Ohuvva-hay, Vatanim.



672

  ULUG‘BEK HAMDAM

IJODKOR QISMAÒI

Og‘riqlarni unutmoq uchun kuyladim.

Keyin esa...

Og‘riqlarni unutdim butkul –

Bo‘shliqlarga duch keldim birdan...

Ne qilarim bilmay qoldim so‘ng.

Kuylamoqni istardim, biroq

Yuraklarim huvillar edi...

Og‘riqlarni sog‘indim shunda

Jannatlarga talpingan qulday...

 SAN’AÒ . . .

san’at o‘yin deding

faqat o‘yinmas

kulayotgan kishining achchiq ko‘z yoshi-yu,

o‘layotgan kishining tabassumiday

sirlidir san’atning yuragi bilsang.

 MUNOJOÒ

Yuragimga kirgil, umidim,

Ko‘zlarimda turgil, umidim.

Jarang bergil ovozimga sen,

Ham qayg‘uvash dil sozimga sen.


673

Yana meni tark etma, zinhor,

Yo‘qlik ichra g‘arq etma, zinhor.

Havo misol ko‘ksimga to‘lgil,

Òo tirikman, bag‘rimda bo‘lgil.

G‘aflat bosib uzoq ketmagil,

Meni tubsiz chohga itmagil.

Yolg‘izligim azobdir azob,

Sensiz yana aylaydir shitob.

Kel, jonimga berkitay seni,

Hayotimga ko‘rk etay seni.

Jismim bo‘ylab aylanib yurgil,

Zamin uzra quyoshday turgil.

Daraxtlar-ku shovullar sensiz

Faqat sensiz bezavq-u betus.

Sen bo‘lmasang, shohligim bekor,

Gunohlardan oqligim bekor.

Otam-onam, farzandim sensan,

Yo‘q, alar-la dilbandim sensan.

Sen borsanki, bog‘imda gul bor,

Yurakda qo‘r, bilakda kuch bor.

O‘lim-zulmat bossa bir kuni

Chiroq bo‘lib yoritgil tunni.

Qo‘llarimdan ushla bo‘l mahkam,

Manzil sari boshlagil ildam.

Borlig‘imda bo‘lgil hamisha

Ham Dunyo-yu uqbolda pesha.

Yuragimga kirgil, umidim,

Ko‘zlarimda turgil, umidim.

43 – Adabiyot, III



674

 FAXRIYOR

KECHINMA

                  ...the best way out is always through...

Robert  Frost

          (eng zo‘r chiqish yo‘li hamisha oradan o‘tadi

Robert Frost)

kim o‘ylab topgan ekan bu so‘zni

idishga o‘xshash bir so‘z

nimani joylasang joylashaverar

Bemor ishtahasiday,

Nozik emas so‘zning ta’bi u qadar

gunoh kabi umrni kechirmoqqa

dunyoga kelgan bandaning

o‘zga imkoni yo‘qdir

kechinma


umrni kechirmoq jarayonida

bandaning ko‘ngilga tukkan tuyg‘ulari

bo‘yindagi sirtmoq kabi tuyg‘uni

kechirganing evaziga

kim yechib oladi

bilmaysan

kechinma

sirtmoqday mahkumlik



675

o‘qilmagan hukmning sharpasi

muqarrar qatl

Har kim bo‘ynida

bir sirtmoq qatlni ko‘tarib yurar

kechinma qilib

o‘lim qo‘rqinchlimas

faqat kechinmaga chidab bersang bas

faqat tasavvurga dosh bersang bo‘ldi

kechinma


sirtmoq kabi

bu dunyoda yechilmas

kechkining

kechirgining qoldig‘i

kechinma

13 raqami kabi

hech narsaga bo‘linmas parchalanmas

uning


kattalashib borayotgan yaxlitligi

yurakni yoradi qoq o‘rtasidan

hayot va mamotga tengdan nasiba

ulashadi odil kechinma

kechinma

ko‘ngil hukmi

ado etilmaguncha

hukmdan qutulib bo‘lmaydi.



676

HALIMA  AHMEDOVA

«O‘G‘LIMGA DARSLIKLAR»

ÒURKUMIDAN

Òabiat darsi.

Har bitta daraxtda bir dil yashaydi,

Òikilganim sari o‘sadi ko‘nglim.

Ularga quloq sol, ularni tushun,

Daraxtlar aldashni bilmaydi, o‘g‘lim.

Jajji yuragingda kimning sog‘inchi,

Sezaman, na qilay, boshqadir yo‘lim.

Senga dadangdan ham mehribon, yaqin,

Daraxtlar nomardlik qilmaydi, o‘g‘lim.

Jasur bo‘l, ko‘zingda ko‘rmay sira yosh,

Har qanday alamni ichingga yut jim.

Do‘stlardan azizroq, do‘stlardan baland,

Daraxtlar hech qachon sotmaydi, o‘g‘lim.

Qachondir barvasta yigit bo‘lursan,

Òoleyingni ko‘rib to‘lgaydir ko‘nglim.

Ulardan sadoqat sabog‘ini ol,

Daraxtlar xiyonat qilmaydi, o‘g‘lim.

Adabiyot darsi.

Goho bo‘m-bo‘sh ko‘nglim oralab,

Sudraladi kuzak shamoli.



677

Sarg‘aygan gul yaproqlariga,

Dilim chizar ishqning xayolin.

Òo‘kilmoqda tomchilab umr,

Malaklarning gul kosasidan.

Men tug‘ilgan edim-ku bir kun,

Yomg‘irlarning sirli sasidan.

Daraxt edim, egilmas daraxt,

O‘sardim nur emganim sayin.

Yashil dunyo sog‘inchlarida

Bir kun xazon bo‘lmog‘im tayin.

Shoir edi bebosh yuragim,

Òalashardi ruhim samo, yer.

Men sendayin paytimda, o‘g‘lim,

Dalalarga o‘rgatardim she’r...

O‘g‘lim, sendan boshqa kimim bor,

Ko‘zlaringda oqadi dilim.

She’rday Majnun kunlarim haqqi,

Sen dunyoni shoir qil, o‘g‘lim!


678

 ZEBO MIRZO

VAÒAN

Ehtimol, o‘ldirar bir kuni ko‘rlar,



Òomiringda olov qoning bo‘laman.

Jonbaxsh quchog‘ingga jimgina singgan

Bir halol qurboning bo‘laman.

Otamday rozi bo‘l, onamday sevgin,

Men ham senikiman, o‘ksik qizingman.

Bag‘ringda ming yillik toshlar to‘sig‘in

Yorib chiqayotgan bir ildizingman!

Hayqirmadim past-u balandda turib,

Ammo tola nurdek o‘tarkan yodim,

Ko‘kka olib uchar ozod Ruhimni

Ko‘ksimni qilichday kesgan faryodim!..

Yashayman eng so‘ngsiz dardlaring bilan,

Hech kim yuragimga bo‘lolmas qozi!

Hali mudrab yotgan dunyolaringni

Uyg‘otib uchadi ruhim ovozi!

Men kimman?

G‘amingga g‘amdosh bo‘lmasam,

Og‘rimasam yorug‘ qiynoqlaringdan?

Boshiga osmonni ko‘targan tog‘dek

O‘sib chiqolmasam tuproqlaringdan?



679

Uzoq-uzoqlarga qarab angladim:

Qaydanman, qayonman va kimnikiman?

Ko‘nglimniki edim va bir kun bildim,

Undan ham oldinroq Rabbimnikiman.

Hukm et, shahiding bo‘lmog‘im uchun

Jannat bog‘larini tashlab kelurman.

Chorlasang, ortimdan butun bir xalqni

Hisor tog‘laridek boshlab kelurman.

Sevmasang ham qattiq, sevaveraman,

Chidayman xorlarning ta’na toshiga.

Shunchaki o‘lmayman,

Shuncha ishq bilan

Ko‘tarib o‘lurman seni boshimga!

Bir oz ko‘nglimniki bo‘ldim-o‘ksigan,

Rabbimniki edim, shubhasiz, biroq

Borim-yo‘g‘im bilan seniki edim,

Seniki bo‘lurman, ey Ona tuproq!..



680

M U N D A R I J A

Aziz o‘quvchilar!....................................................................................3

MAHMUDXO‘JA BEHBUDIY

Padarkush yoxud o‘qimagan bolaning holi.......................................6

Ikki emas, to‘rt til lozim ....................................................................18

Òeyotr nadur?....................................................................................20

ABDULLA AVLONIY

«Adabiyot yoxud milliy she’rlar» birinchi juzidan

Biz, millat..........................................................................................24

Maktab haqinda.................................................................................25

«Maktab gulistoni» milliy she’rlari beshinchi juzidan

Hijron so‘zi.....................................................................................26

«Birinchi muallim» kitobidan

Òo‘g‘rilik .........................................................................................27


Download 3.58 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   42   43   44   45   46   47   48   49   50




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling