I bob. O‘quvchilarining o‘qib tushunish ko‘nikmasini rivojlantirishning nazariy asoslari
-§. 5-sinf o‘quvchilarining o‘qib tushunish ko‘nikmasini rivojlantirishning psixofiziologik va psixolingvistik asoslari
Download 0.66 Mb.
|
Almardonova M. MD
1.3-§. 5-sinf o‘quvchilarining o‘qib tushunish ko‘nikmasini rivojlantirishning psixofiziologik va psixolingvistik asoslari.
Har bir bola faqat o‘ziga xos bilish faoliyati, iroda, xarakter, xulq-atvor xususiyatlariga ega. Maktabdagi ta’lim-tarbiya berish jarayonida mana shu xususiyatlarni bilish va shunga asoslanib ularga individual munosabatda bo‘lish lozim. Mana shularni hisobga olgandagina, har bir pedagog o‘zining asosiy vazifasi, ya’ni yosh avlodga ta’lim-tarbiya berish ishini muvaffaqiyatli amalga oshiradi. Matnni o‘qish jarayoni, albatta, sezgi va idrok kabi kognitiv jarayonlar bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lib, o‘qiyotgan shaxs o‘qish jarayonida harflarni ko‘radi yoki barmoqlari yordamida his qiladi va albatta, bor diqqatini uning shakliga qaratadi, ya’ni bunda o‘quvchining ko‘rish a’zosi bo‘lgan ko‘zi yoki harflarni sezadigan barmoq uchlari asosiy vosita vazifasini bajaradi. Bu jarayon matnni o‘qishdagi psixofizologik jarayon deb ataladi. Bolaning yoshi o‘sgan sari unda namoyon bo‘luvchi fiziologik o‘zgarishlar ham bosqichma-bosqich rivojlanadi. Bolaning fiziologik xususiyatlari, ya’ni yoshi, o‘ziga xos o‘sish va rivojlanish xususiyatlari, hayot kechirish faoliyati, organizm faoliyatining belgilari eng muhim omillar hisoblanadi. Ta’lim bosqichlari ham bolaning ma’lum psixologik va fiziologik imkoniyatlari shakllanadigan muayyan yoshiga mos holda olib boriladi. 5-sinf o‘quvchilari o‘zlarida qanday fiziologik jarayonlarni boshdan o‘tkazadi? Yosh davrlariga ko‘ra 10-11 yoshdan o‘smirlik davri boshlanadi va bu 14-15 yoshlargacha davom etadi. O‘smirlik – bolalikdan kattalikka o‘tish davri bo‘lib, fiziologik va psixologik jihatdan o‘ziga xos xususiyatlari bilan xarakterlanadi. 5-sinf o‘quvchilari bu yoshda bola ham emas, ammo katta ham emas ta’rifiga mos davrni bosib o‘tadi. Bu bosqichda bolalarning jismoniy va psixik taraqqiyoti jadal tezlashadi, barcha narsaga qiziqishi va intilishi ortadi, yangilikka moyilligi kuchayadi va ma’naviy dunyosi rivojlana boshlaydi. Bu davrda bolalarning sezgilari, hislari butunlay o‘zgara boshlaydi va keskin o‘zgarishlar ro‘y beradi. Fiziologik o‘zgarish bevosita organizmdagi katta o‘zgarishlarga olib keladi va organizm qaytadan shakllana boshlaydi. O‘smirlik davriga o‘tish jarayonida bolalardagi biologik-jismoniy o‘zgarishlar uning psixik dunyosiga bevosita ta’sir o‘tkazadi va o‘quvchilarda tub burilish yasaydi. Bu davrda bolalar o‘zlaridagi layoqat, qobiliyat va imkoniyatlarni o‘rtoqlari va ustozlariga ko‘rsatishga intiladilar. Fiziologlarning aytishicha, bu yoshda bola kattalarga taqlid qila boshlaydi va mustaqil xatti-harakatlarida katta o‘zgarishlar yuz beradi. 11-12 yoshdagi bolalar asosan o‘jar, sho‘x, gapga kirmaydigan, bilganidan qolmaydigan, xayolparast va erkinlikni yoqtiradigan xarakterlar bilan tavsiflanadi. Ularning o‘ziga xos tomoni esa o‘ta g‘ayratlilik va bir xillikdan tez zerikishi bilan xarakterlanadi. O‘smirlikning ilk davrlarida o‘qishga nisbatan ijobiy o‘zgarishlar yuz bera boshlaydi, ya’ni yangi fanlarga bo‘lgan qiziqishi, atrof olamga nisbatan ko‘proq talpinishi bilim olishga nisbatan ishtiyoqni orttiradi. Aynan o‘smirlik davridan boshlab bolalar hayotiy, ilmiy, badiiy bilimlarni kengaytirishga ehtiyoj sezadilar va bunga harakat qila boshlaydilar. Bilimli bola tengdoshlari orasida hurmatga sazovor bo‘lishi, tengdoshlari oldida mukofotlanishi unga quvonch bag‘ishlaydi va tafakkur qilish layoqatini rivojlantiradi. Boladagi o‘yinqaroqlik, o‘ta qiziquvchanlik, tengdoshlari bilan bellashuvga talpinishlik, yutuqlarga intilish tuyg‘usi kabi xususiyatlarni inobatga olgan holda o‘quvchining ham yozma, ham nutqiy malakalarini oshiruvchi topshiriqlar tuzish darkor. Bunda nafaqat jismoniy xususiyatlar, balki o‘quvchining aqliy adroki ham muhim ahamiyat kasb etadi. “Psixologlar o‘z nazariyalariga tayangan holda bolalarning ichki xususiyatlarini o‘rganib, ma’lum guruhlarga bo‘ladilar. Masalan, klassik psixoanaliz yo‘nalishi vakili bo‘lgan Zigmund Freyd 6-7 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarni Latent bosqich (jinsiy sokinlik davri) ga kiritadi. Unga ko‘ra bu davrda bolalarning asosiy energiya kuchi o‘qish, sport, bilishga intilish, o‘zining jinsidagi tengdoshlari bilan do‘stlashishga yo‘naltiriladi. Psixolog olim bu davrni insoniy madaniyatning shakllanishi uchun muhim sharoit ekanligini ta’kidlaydi, ya’ni bu paytda bolaga beriladigan ta’lim va tarbiya uning kelajagi uchun poydevor vazifasini bajaradi”.6 Aynan shu yosh oralig‘ida bola materialni bemalol qabul qilish imkoniyatiga va ko‘nikmalarni shakllantirish uchun sharoitga ega bo‘ladi. Odamlarda hayvonlardan farqli o‘laroq birinchi signallar sistemasi bilan bir qatorda ikkinchi signallar sistemasi ham mavjud bo‘lib, ular talaffuz etilgan, qabul qilingan, eshitilgan, o‘qilgan tushunchalar va so‘zlardan tashkil topadi. Mobodo, so‘zning ma’nosi shaxsga tanish bo‘lsa, u holda uning xulq-atvorini boshqara oladi, tabiiy yoki ijtimoiy muhitga moslashuvini ta’minlashga yordam beradi. Agarda so‘zning ma’nosi notanish bo‘lsa, u odamga faqat birinchi signallar sistemasining signallar tarzida ta’sir o‘tkazadi yo bo‘lmasa shaxs uchun umuman qiymatsiz, ahamiyatsiz narsaga aylanib qoladi. O‘qish ham insonning ikkilamchi lisoniy ko‘nikmasi bo‘lib, jamiyatda ulg‘aygan sari bu ko‘nikmani o‘zlashtira boradi. O‘qib tushunish jarayoni murakkab nutqiy psixofiziologik jarayon bo‘lib, olimlar bu haqida shunday deydi: “O‘qib tushunish bosh miyaning ensa qismidagi neyronlar ta’sirlanishi asosida amalga oshadi, ya’ni ko‘z soqqasining harakatlanishi, ko‘rish va sezgi qobiliyatlari bosh miya qismidagi o‘rta miyaning tepasida joylashgan oraliq miya funksiyasi orqali boshqariladi. Oraliq miya bosh miya yarimsharlari bilan qoplangan, u yerda ko‘rish do‘mboqlari joylashgan. Ko‘rish do‘mbog‘i – tuxumsimon shakldagi bir juft kulrang modda(nerv hujayralari to‘plami), unda barcha sezgi a’zolari orqali seziladigan ta’sirlar oldin ko‘rish do‘mbog‘i orqali qabul qilinib, keyin bosh miya yarimsharlari markazlariga o‘tkaziladi”.7 Bu jarayon haqida ko‘plab xorij va o‘zbek olimlari tajribalar o‘tkazgan va tahlillar asosida natijalar taqdim qilgan. O‘qishning yakuniy maqsadi dastlabki egallangan bilimdan tashqari yozma axborot sifatida bog‘langan matnni tushunishdir. Matn kommunikativ funksiya bajaruvchi muloqot va ta’lim turi bo‘lib, uning yordamida o‘quvchi yangi ma’lumotni idrok qiladi, ya’ni dekodlaydi (grafemalar yoki tovush bilan ifodalangan ma’lumotlarni idrok qilish). “Dekodlash jarayoni psixologiyada nutqiy persepsiya deb ataladi. Persepsiya – bu insonning borliqni idrok qilish jarayoni. Nutqiy persepsiya esa bu verbal va vizual birliklar yordamida borliqdagi hodisalarni idrok qilish, talqin qilish va tushunish jarayonidir. Idrok qilish tinglab tushunish yoki o‘qib tushunish tarzida amalga oshadi. Tinglab tushunish og‘zaki nutqda ifodalangan ma’lumotlarni anglash, fahmlash, idrok qilish demaktir. O‘qib tushunish esa grafemalarda, tasvirlarda, chizmalarda, rasmlarda ifodalangan ma’lumotlarni anglash, idrok qilish, fahmlashdir”.8 “Olima I.Azimova o‘zining “O‘zbek tilidagi gazeta matnlarining mazmuniy persepsiyasining psixolingvistik tadqiqoti” nomli monografiyasida matnni qabul qilishni “mazmuniy persepsiya” termini bilan nomlaydi va uning mohiyati haqida gapirilar ekan, qabul qilishning ikki xil turini aytib o‘tadi. Bular: qabul qilishning o‘zi va tushunish darajasi mavjudligi, qabul qilishning mohiyati sifatida matn mazmuniy proyeksiyasi (obrazi)ning o‘quvchi ongida hosil bo‘lishidir. Olima tushunishda har bir qabul qiluvchining ongi prizma vazifasini bajarishini aytadi. Har bir odam individual shaxs bo‘lganligi uchun bu jarayon hammada har xil sodir bo‘ladi, ya’ni bitta matnni 10 ta o‘quvchi o‘n xil tushunishi mumkin. Demakki, yozma matndagi so‘zni turli belgilar tizimi – grafemalar yig‘indisi sifatida qabul qilamiz va uni mazmun parchasi sifatida turlicha idrok qila boshlaymiz.”9 Matnni o‘qib tushunish murakkab psixolingvistik jarayon bo‘lib, uni tushunish olimlar tomonidan bir qancha bosqichlarga ajratiladi. Jahon tilshunosligida T.A.Apollonskaya, Y.V.Gleybman, I.Z.Manoli kabi olimlar matnni idrok qilish, qabul qilishning 3 ta asosiy darajasini belgilaydi: Verbal-sintagmatik daraja; Designativ daraja; Dinatativ daraja. O‘zbek tilshunosligida esa olima I.Azimova matnni tushunishning 5 ta darajasini keltiradi: Assotsiativ daraja; Leksik-morfologik daraja; Kontekstual daraja; Struktural daraja; Matn darajasi. Sh.Abdurahim o‘zining “Ona tili ta’limida o‘qib tushunish malakasini baholash” monografiyasida esa matnni o‘qib tushunish, uni idrok qilish, o‘zlashtirishni quyidagi bosqichlarga bo‘ladi: 1-bosqich: grafik tasvirni tanish va so‘zni o‘qish; 2-bosqich: so‘zning matndagi ma’nolarini anglash; 3-bosqich: rasmlarda, chizmalarda, diagrammalarda ifodalangan ma’lumotni tushunish va so‘zlarning o‘zaro mazmuniy bog‘lanishini, birliklarning matndagi vazifasini idrok qilish; 4-bosqich: matnning qismlarini anglash va ular o‘rtasidagi mazmuniy bog‘liklarni idrok qilish; 5-bosqich: matndagi umumiy va yashirin ma’nolarni tushunish, matn maqsadini anglash, matndagi ma’lumotdan real hayotiy vaziyatda foydalana olish; 6-bosqich: matnga aynan shu mavzuda yozilgan boshqa matnlar bilan qiyoslab baho bera olish. Albatta, matnni o‘qigan barchada ham bu bosqichlar amalga oshavermaydi. Shuning uchun ham muayyan matnni bir xil o‘qib chiqqan o‘quvchilar tushunishining har xil bo‘lishiga guvoh bo‘lamiz. Bu uning fiziologik va psixologik jihatlariga bog‘liq, ya’ni qabul qilish qobiliyati yoki ruhiy-psixik, jismoniy holatlariga bog‘liq bo‘lishi mumkin. 5-sinf o‘quvchilarining ham fiziologik, ham psixologik vaziyatidan kelib chiqib bu bosqichlarning hammasini ham ularga mos deya olmaymiz. Ya’ni o‘qib tushunishda yosh xususiyati muhim omil bo‘lib, bola o‘z yoshidan kelib chiqib matndagi axborotlarni tafakkur eta oladi. O‘qib tushunish ko‘nikmasini rivojlantirish uchun 5-sinf o‘quvchilari uchun tanlangan matnlar va shu asosida tuzilgan topshiriqlar, asosan rasm, chizma ko‘rinishida berilsa va mazmuni aniq, lo‘nda ifodalansa, tanlangan mavzular boshqa sinflarnikiga nisbatan qiziq, to‘qima voqealardan iborat bo‘lsa, ushbu yoshdagi o‘quvchilarda kutilgan natijaga erishish mumkin deb hisoblaymiz. Chunki bu yoshdagi o‘quvchilarning idrok qilishi asosan tasavvur olami bilan bevosita bog‘liq bo‘ladi va bola hayotiy voqealardan ko‘ra hayoliy olamdagi voqealarga qiziqadi. Agar o‘qib tushunuvchining fiziologik, psixologik holati, kognitiv darajasiga ko‘ra matn uslubi va mavzusi to‘g‘ri tanlansa, o‘quvchilarda o‘qib tushunish malakasi ijobiy tarafga o‘zgaradi. 5-sinf o‘quvchilarining o‘qib tushunish ko‘nikmasini rivojlantirishda yana nimalarga e’tibor qaratish lozim? Avvalo, bola nutqining shakllanish jarayonini o‘rganish lozim. Chunki psixolingvistikada bola yoshligidan tilni o‘zlashtirishi va keyinchalik foydalanishini belgilovchi bilimlar muhim ahamiyat kasb etadi. Ana shu sharoitdan kelib chiqqan holda o‘qib tushunishga oid matn va topshiriqlar tuzilishi kerak. 10-11 yoshli bolaga berilgan topshiriq birinchi navbatda grammatik jihatdan to‘g‘ri va sodda, shuningdek bir ma’noli so‘zlardan iborat bo‘lsa, o‘quvchining idrok qilishi va tushunishi osonlashadi. Zotan 5-sinf o‘quvchilari uchun o‘qib tushunish ko‘nikmasining bosh maqsadi faqatgina grammatik bilimni emas, so‘zlarni, matndagi umumiy ma’noni anglab yetish darajasini rivojlantirish va shakllantirishdan iborat. Demak, o‘qituvchi 5-sinf o‘quvchilarda o‘qib tushunish jarayonini samarali olib borishi uchun quyidagi jihatlarga e’tibor qaratishi lozim: 1. O‘quvchini darsga tayyorlash; 2. O‘quvchining fiziologik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda dars jarayonini olib borish; 3. O‘qish uchun tanlangan matn va topshiriqlarni o‘quvchining imkoniyatlaridan kelib chiqib tanlash va tatbiq etish; 4. O‘quvchini tafakkur qilish va matnni tushunib yetish jarayoniga moslashtirib borish va ko‘maklashish; 5. O‘rgangan bilimlarini esda saqlab qolishi uchun xotira mashqlarini o‘tkazish; 6. O‘quvchi uchun qulay muhit yaratish; 7. O‘qigan matnini tushunish bilan bir qatorda og‘zaki ravishda to‘g‘ri va ravon ifoda eta olish ko‘nikmasini shakllantirib borish; 8. Aynan mana shu yoshdagi o‘quvchilar bilan ishlashda ularning psixologik xususiyatlarini birinchi navbatda hisobga olish lozim. Xulosa qilib aytganda, o‘quvchilarda birgina ko‘nikmani rivojlantirish bilan chegaralanib qolmay, o‘z fikrlarini ham yozma, ham og‘zaki ravishda mustaqil va ravon ifodalay oladigan, matndagi axborotlarni idrok eta oladigan hamda o‘rgangan bilimlarini muammoli vaziyatlarda qo‘llay oladigan o‘quvchilarni tarbiyalash lozim. Bunda esa ularning ham ruhiy, ham jismoniy holatlarini tengma-teng hisobga olgan holda savol va topshiriqlar tuzish, o‘rgangan bilimini tekshirishning samarali usullarini yaratish va o‘quvchilarni har tomonlama rivojlantiruvchi darsliklar yaratilishi lozim. Download 0.66 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling