I bob. Tijorat banklari likvidliligining nazariy asoslari
Tijorat banklari likvidligini takomillashtirishdagi muammolarni bartaraf etish
Download 1.24 Mb.
|
3.2.Tijorat banklari likvidligini takomillashtirishdagi muammolarni bartaraf etish.
Dissertatsion tadqiqotni bajarish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklari faoliyatidagi likvidlilik riskini boshqarish amaliyotini takomillashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan bir qator muammolar aniqlandi. Dissertatsion tadqiqotning ikkinchi bobida amalga oshirilgan tahlillarning natijalari ko‘rsatdiki, AT «Asakabank»da joriy likvidlilik koeffitsientining darajasi 2016-2018 yillarda pasayish tendensiyasiga ega bo‘ldi va mazkur pasayish tahlil qilingan davr mobaynida talab qilib olinadigan depozitlar miqdorining o‘sish sur’atini likvidli aktivlarning o‘sish sur’atidan yuqori bo‘lganligi bilan izohlanadi. Joriy likvidlilik koeffitsienti tijorat banklari faoliyatidagi likvidlilik riskining darajasini tavsiflovchi muhim ko‘rsatkich bo‘lganligi sababli, uning pasayishi likvidlilik riski darajasining oshayotganligidan dalolat beradi. Talab qilib olinadigan depozitlarning banklarning brutto depozitlari hajmidagi salmog‘ining yuqori bo‘lishi banklarning joriy likvidliligiga nisbatan kuchli bosimni yuzaga keltiradi. Taraqqiy etgan mamlakatlarda tijorat banklari depozit bazasining yetarliligini ta’minlanganligi sababli, ushbu mamlakatlar banklarida talab qilib olinadigan depozitlar tomonidan ularning joriy likvidliligiga nisbatan bosim yuzaga kelmaydi. Tijorat banklari brutto depozitlar hajmida talab qilib olinadigan depozitlarning salmog‘ini pasaytirish uchun muddatli va jamg‘arma depozitlariga to‘lanadigan foiz stavkalarini oshirishlari lozim. Buning uchun ular sof foizli spred va sof foizli marja ko‘rsatkichlarining me’yoriy darajalarini ta’minlagan holda faoliyat yuritishlari kerak. O‘z navbatida, tijorat banklari sof foizli spred ko‘rsatkichini me’yoriy darajasini ta’minlashlari uchun kreditlardan olinadigan foizli daromadlar bilan depozitlarga to‘lanadigan foizli xarajatlar o‘rtasidagi mutanosiblikni ta’minlashlari kerak. Sof foizli marja ko‘rsatkichinng me’yoriy darajasini ta’minlashlari uchun esa, ular foizli daromadlar bilan foizli xarajatlar o‘rtasidagi mutanosiblikni ta’minlashlari zarur bo‘ladi. Bundan tashqari, brutto depozitlar hajmida talab qilib olinadigan depozitlarning salmog‘ini pasaytirish inflyatsiya darajasi mo‘tadil bo‘lishi kerak. Respublikamizda esa, inflyatsiya darajasi yuqoridir (2020 yilda inflyatsiyaning yillik darajasi 11,1 foizni tashkil etdi). Shu sababli, mamlakatda inflyatsiya darajasini pasaytirishga qaratilgan davlat siyosati amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 18 noyabrdagi PF-5877-son «Inflyatsion targetlash rejimiga bosqichma- bosqich o‘tish orqali pul-kredit siyosatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmonida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga inflyatsiya darajasini 2021 yilda 10 foizgacha pasaytirish hamda 2023 yilda 5 foiz darajadagi doimiy inflyatsion maqsadni (target) o‘rnatish yo‘li bilan 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab pul-kredit siyosati mexanizmlarini bosqichma-bosqich inflyatsion targetlash rejimiga o‘tkazishni ta’minlash vazifasi yuklandi17. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan inflyatsiyaning yillik darajasini 5 foizdan oshmasligini ta’minlash, shubahsiz, tijorat banklarining depozitlar jalb qilish amaliyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Muhimi, Markaziy bankni o‘ziga yuklatilgan ushbu vazifani muvaffaqiyatli bajara olishi. Tadqiqotning ikkinchi bobida amalga oshirilgan tahlillar ko‘rsatdiki, respublikamizning bir qator banklarida 2016-2020 yillarda likvidlilik darajasini pasatsishi kuzatilgan. Taraqqiy etgan mamlakatlarda va bir qator rivojlanayotgan mamlakatlarda tijorat banklarining joriy likvidliligini ta’minlashda asosiy o‘rinni banklar tomonidan Hukumatning qimmatli qog‘ozlariga qilingan investitsiyalar egallaydi. Chunki, birinchidan Hukumatning qimmatli qog‘ozlariga qilingan investitsiyalar yuqori likvidli aktiv hisoblanadi; ikkinchidan Hukumatning qimmatli qog‘ozlarining investitsion jozibadorligi yuqori bo‘lganligi sababli har doim fond bozorida ularga nisbatan barqaror talab mavjud. Bu esa, tijorat banklarida yuzaga kelgan balanslashmagan likvidlilik muammosini Hukumatning qimmatli qog‘ozlarini sotish yo‘li bilan hal etish imkonini beradi. Dissertatsion tadqiqotning ikkinchi bobini amalga oshirish jarayonida o‘tkazilgan tahlillar ko‘rsatdiki, respublikamizning bir qator tijorat banklarida regulyativ kapitalning yetarlilik koeffitsienti 2016-2020 yillarda pasayishi kuzatildi. Bu esa, banklarning likvidliligini ta’minlash nuqtai-nazaridan salbiy holat hisoblanadi. Regulyativ kapital tijorat banklarining likvidliligi va to‘lovga qobilligini ta’minlashning zaruriy sharti hisoblanadi. Shu sababli, Bazel qo‘mitasi regulyativ kapitalning yetarliligiga alohida, birinchi darajali kapitalning yetarliliga alohida talab o‘rnatgan. Ayniqsa, birinchi darajali kapitalning yetarliligiga va uning tarkibiga nisbatan qat’iy talablar o‘rnatilgan. Chunki, tijorat banklari faoliyatida yuzaga keladigan zararlar birinchi navbatda birinchi darajali kapital hisobidan qoplanadi. Ta’kidlash joizki, respublikamiz tijorat banklarida devalvatsiya zaxirasi birinchi darajali kapital tarkibiga kiritilgan. Bu esa, banklar kapitalining barqarorlik darajasini pasaytirishga xizmat qiladi. Chunki, devalvatsiya zaxirasi milliy valyutani qadrsizlanishi natijasida paydo bo‘ladi va banklar faoliyatini moliyalashtirishning barqaror bo‘lmagan manbai hisoblanadi. Regulyativ kapitalning yetarlilik darajasining pasayishi regulyativ kapitalning o‘sish sur’atini bank aktivlarining riskka tortilgan summasini o‘sishidan ortda qolishi natijasida yuz beradi. Bu esa, pirovard natijada tijorat banki balansining nolikvid bo‘lishiga olib keladi. Dissertatsion tadqiqotning ikkinchi bobida amalga oshirilgan tahlillarning natijalari ko‘rsatdiki, respublikamiz tijorat banklarida aktivlar va majburiyatlar o‘rtasida kuchli nomutanosiblik mavjud. Bu esa, banklar faoliyatidagi transformatsiya riskining chuqurlashishiga olib kelgan. O‘z navbatida, transformatsiya riskining chuqurlashishi banklarda balanslashmagan likvidlilik muammosining chuqurlashishiga olib kelgan. Tadqiqotning ikkinchi bobida amalga oshirilgan tahlillarning natijasi ko‘rsatdiki, 2016 yil va 2018 yilda AT «Asakabank» sof barqaror moliyalashtirish me’yori bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan me’yoriy talabni bajara olmagan. Bu esa, mazkur davrda AT «Asakabank»da uzoq muddatli majburiyatlarning uzoq muddatli aktivlarga nisbatan sezilarli darajada kam ekanligi bilan izohlanadi. Sof barqaror moliyalashtirish me’yori bo‘yicha Markaziy bank tomonidan belgilangan prudensial talabni bajarilmaslik banklar faoliyatidagi likvidlilik riskini boshqarish amaliyotini takomillashtirish borasidagi dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Banklar tomonidan sof barqaror moliyalashtirish bo‘yicha me’yoriy talabni bajarilmasligi barqaror moliyalashtirishning mavjud summasi bilan barqaror moliyalashtirishning zarur summasi o‘rtasidagi mutanosiblikni ta’minlanmaganligi oqibatidir. O‘z navbatida, barqaror moliyalashtirishning mavjud summasi bilan barqaror moliyalashtirishning zarur summasi o‘rtasidagi mutanosiblikni ta’minlanmaganligi tijorat banklarida uzoq muddatli resurslarning yetishmasligi bilan izohlanadi. Tadqiqotning ikkinchi bobini yozish jarayonida amalga oshirilgan tahlillar ko‘rsatdiki, 2017-2020 yillarda milliy valyutaning AQSh dollariga nisbatan devalvatsiya sur’atini yuqori bo‘lganligi tijorat banklarining likvidliligiga nisbatan salbiy ta’sirni yuzaga keltirdi. Chunki, milliy valyutaning devalvatsiya sur’atini yuqori bo‘lganligi xorijiy valyutalarda berilgan kreditlarning qaytmaslik ehtimolini oshirdi. Devalvatsiya eksportni rag‘batlantiradi, ammo uning yuqori darajada bo‘lishi importning qimmatlashishiga, eksport va importning elastikligini pasayishiga olib keladi. Z.Berdinazarovning ilmiy-tadqiqotlari natijalari ko‘rsatdiki, «amalga oshirilgan uzluksiz devalvatsiyasiyosati eksport tovar tarkiblari bo‘yicha ham noelastik holatlarini yuzaga keltirib chiqardi. Xususan, paxta tolasi, xizmatlar, kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan buyumlar, qora va rangli metallar eksportining elastikligi uzoq yillar davomida 0,5 koeffitsientdan past darajada bo‘lgan. 2014-2015 yillarda esa deyarli barcha tovar tarkibi noelastiklik ahamiyat kasb etgan»18. Shuningdek, mamlakat iqtisodiyotining pul mablag‘lari bilan ta’minlanganlik darajasining past ekanligi tijorat banklari faoliyatidagi likvidlilik riski darajasini oshishiga xizmat qilmoqda. Muammoning mohiyati shundaki, iqtisodiyotning pul mablag‘lari bilan ta’minlanganlik darajasining past ekanligi iqtisodiyotdagi to‘lovsizlik muammosini hal qilishga imkon bermayotir. Bu esa, tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlarni o‘z vaqtida qaytmaslik ehtimolini oshirmoqda. Taraqqiy etgan mamlakatlarda to‘lovlarning kalendar ketma-ketligi qo‘llanilmoqda, respublikamizda esa, to‘lovlarning maqsadli ketma-ketligi qo‘llanilayotir. Bunday sharoitda tijorat banklari kreditlarini o‘z vaqtida qaytarish imkoniyati yanada pasayadi. Chunki, to‘lovlarning maqsadli ketma- ketligida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning davlat byudjeti oldidagi majburiyatlari bo‘yicha yuzaga keladigan to‘lovlarni amalga oshirishga ustuvorlik beriladi. Buning ustiga, davlat soliq xizmati organlariga solishtirish dalolatnomasisiz inkasso qo‘yish huquqi berilgan. Tahlil natijalari ko‘rsatdiki, 2015-2018 yillarda respublikamizning bir qator banklarida brutto aktivlarning hajmida yuqori likvidli aktivlarning salmog‘ini pasayish tendensiyasi kuzatildi. Mazkur tendensiyaning mavjudligi tijorat banklari faoliyatidagi likvidlilik riskini boshqarish amaliyotini takomillashtirish nuqtai-nazaridan salbiy holat hisoblanadi. Respublikamiz banklari, xorijiy banklardan farqli o‘laroq, Hukumatning qimmatli qog‘ozlarini sotib olish yo‘li bilan o‘zlarining joriy likvidliligini ta’minlash imkoniyatiga ega emaslar. Chunki, Hukumatning qimmatli qog‘ozlarini muomalaga chiqarish respublikamizda 2013 yilning 1 yanvaridan boshlab to‘liq to‘xtatildi va 2019 yilga qadar qayta tiklanmadi. Tadqiqotni amalga oshirish jarayonida amalga oshirilgan tahlillarning natijalari ko‘rsatdiki, respublikamizning bir qator tijorat banklarida regulyativ kapitalning passivlar hajmidagi salmog‘ini 2016-2020 yillarda pasayish tendensiyasi kuzatildi. Bu esa, likvidlilik riskini boshqarish amaliyotini takomillashtirish nuqtai-nazaridan salbiy holat hisoblanadi. Buning sababi shundaki, tijorat bankining passivlari hajmida regulyativ kapitalning salmog‘ini pasayishi majburiyatlarning passivlar hajmidagi salmog‘ining oshishi hisobiga yuz beradi. O‘z navbatida, majburiyatlarning passivlar hajmidagi salmog‘ini oshishi pul mablag‘lari chiqimi miqdorining oshishiga olib keladi. Pul mablag‘lari chiqimining oshishi esa, shubhasiz tijorat bankining likvidlilikni qoplash me’yori koeffitsientini pasayishiga olib keladi. E’tirof etish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining majburiy zaxira talabnomalarini yuqori ekanligi sababli, ularni tijorat banklarining likvidliligiga nisbatan salbiy ta’siri mavjud. Muammoning mohiyati shundaki, respublika Markaziy banki tijorat banklarining xorijiy valyutalardagi depozitlarining 14 foizini majburiy zaxira ajratmasi sifatida banklarning milliy valyutadagi «Nostro» vakillik hisobraqamidan olib qo‘ymoqda. Ushbu zaxira stavkasi juda yuqori bo‘lganligi sababli, Markaziy bankning majburiy zaxira siyosati tijorat banklarining likvidliligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Tijorat banklarida transformatsiya riskining chuqurlashib ketganligi banklar faoliyatidagi likvidlilik riskini boshqarish amaliyotini takomillashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Tijorat banklari aktivlarining muddatlarini ular tomonidan jalb qilingan majburiyatlarning muddatlaridan katta bo‘lishi transformatsiya riskini yuzaga keltiradi va ushbu risk banklarning likvidliligiga nisbatan kuchli salbiy ta’sirni yuzaga keltiradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 26 noyabrdagi PQ- 1438-son «2011-2015 yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida»gi qarorida tijorat banklari tomonidan beriladigan uzoq muddatli kreditlar miqdorini 2015 yilga borib 2011 yilga nisbatan 2,8 martaga oshirish talabining qo‘yilganligi banklarda transformatsiya riskining chuqurlashib ketishida muhim rol o‘ynadi19. Chunki, respublikamizning tijorat banklarida ushbu investitsion kreditlar uchun resurs ta’minoti vazifasini o‘taydigan uzoq muddatli resurslar mavjud emas edi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, 2020 yilning yakuni bo‘yicha tijorat banklarining kredit portfelida uzoq muddatli kreditlarning ulushi 89,7 foizni tashkil etgani holda, tijorat banklari depozitlarining umumiy hajmida 1 yildan ortiq muddatga jalb qilingan depozitlarning salmog‘i atigi 8,2 foizni tashkil etdi20. O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi likvidlilik riskini boshqarish amaliyotini takomillashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan dolzarb muammolardan yana biri – bu banklarida kreditlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlar zaxirasi darajasining nisbatan yuqori ekanligidir. Ushbu muammo tijorat banklarining likvidliligiga nisbatan quyidagi yo‘nalishlarda ta’sir qiladi: kreditlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlar zaxirasi darajasining oshishi bankning sof foydasini kamayishiga olib keladi, chukni zaxira ajratmalari to‘liq bankning xarajatiga olib boriladi; zaxira ajratmalari darajasining oshishi tasniflangan kreditlar tarkibini yomonlashganligidan dalolat beradi. Tasniflangan kreditlar tarkibining yomonlashishi esa, balanslashmagan likvidlilik muammosini chuqurlashtiradi. Shu sababli, xalqaro bank amaliyotida kreditlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlar zaxirasining darajasiga nisbatan me’yoriy talab o‘rnatilgan. Ushbu me’yoriy talab tijorat banki aktivlarining o‘rtacha summasiga nisbatan o‘rnatilgan va uning yuqori me’yoriy darajasi 1,0% qilib belgilangan. Tijorat banklari tomonidan davlat dasturlari doirasida berilgan kreditlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik miqdorining katta ekanligi banklarda likvidlilik riskini chuqurlashishiga olib keldi. Respublikamizning yirik tijorat banklarida talab qilib olinadigan depozitlarning brutto depozitlar hajmidagi salmog‘ining yuqori ekanligi ularning likvidliligiga nisbatan salbiy ta’sirni yuzaga keltirmoqda. Download 1.24 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling