218-modda. Apellatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rish muddati
Apellatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyatini (protestini) apellatsiya shikoyati (protesti) ish yuritishga qabul qilingan kundan e’tiboran bir oydan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqadi.
Alohida hollarda apellatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rib chiqish muddati sud raisi tomonidan ko‘pi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin.
219-modda. Apellatsiya instansiyasi sudining vakolatlari
Apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rish natijalari bo‘yicha:
1) sudning hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirishga;
2) hal qiluv qarorini to‘liq yoki qisman bekor qilishga va yangi qaror qabul qilishga;
3) hal qiluv qarorini o‘zgartirishga;
4) hal qiluv qarorini to‘liq yoki qisman bekor qilishga va ish yuritishni tugatishga yoxud arizani (shikoyatni) to‘liq yoki qisman ko‘rmasdan qoldirishga;
5) ushbu Kodeks 220-moddasi to‘rtinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan asos mavjud bo‘lgan taqdirda hal qiluv qarorini bekor qilishga va ishni yangidan ko‘rish uchun yuborishga haqli.
Do'stlaringiz bilan baham: |