222-modda. Birinchi instansiya sudining qarori ustidan apellatsiya shikoyati (protesti)
Birinchi instansiya sudining qarori ustidan ushbu Kodeksda belgilangan qoidalar bo‘yicha berilgan apellatsiya shikoyati (protesti) ushbu bobda sudning hal qiluv qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rib chiqish uchun nazarda tutilgan tartibda apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan ko‘riladi.
223-modda. Birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan apellatsiya shikoyati (protesti)
Birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan ushbu Kodeksda belgilangan qoidalar bo‘yicha berilgan apellatsiya shikoyati (protesti) ushbu bobda sudning hal qiluv qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rish uchun nazarda tutilgan tartibda apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan ko‘riladi.
Apellatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan berilgan shikoyatni (protestni) ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha quyidagilarga haqli:
1) ajrimni o‘zgarishsiz qoldirishga;
2) ajrimni o‘zgartirishga yoki bekor qilishga;
3) arizani (shikoyatni) qabul qilishni rad etish haqidagi, arizani (shikoyatni) qaytarish, ish yuritishni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi ajrimni bekor qilishga va arizani (shikoyatni) birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqish uchun yuborishga haqli.
Do'stlaringiz bilan baham: |