Iii kurs, II guruh talabasi ravshanova mafuza ismatillayevnaning
Download 51.68 Kb.
|
kurs ishi 2
Tushgʻali ishqing sani qildim hama birla nizoʼ,
Bir yoʻli qildim jahonni mulku molidin vidoʼ. *** Ishq keldi, ketti aqlim, qochti mandin jumla el, Yoʻqturur dard aytgudek bir yori ahbobim mening. *** Sani ishqingda, ey dilbar, ajab afsonalar boʻldum, Xaloyiqqa boʻlib kulgu, base afsonalar boʻldum. Qilur taʼna koʻrib har kim mani holimga, ey mohim, Bu elni ogʻzida har goʻshada afsonalar boʻldum. Hama qavmu qarindoshim mani koʻrsa qilur nomus, Baridin yuz oʻgirdim, bir yoʻli begonalar boʻldum, – deb yozdi. Huvaydo diniy-tasavvufiy qarashlarining shakllanishi jamiyatda zulm, adolatsizlik, ilmsizlik va jaholat avj olgan, tasavvuf gʻoyalari oʻz taʼsirini yoʻqota boshlagan, buning oqibatida, odamlar oʻrtasida mehr-oqibat, qadr-qimmat, insof-diyonat yoʻqolgan gʻoyat murakkab davrga toʻgʻri keldi. U xuddi hoziq tabib singari ish koʻrdi: zamondoshlarini Ollohning yoʻliga, yaʼni tasavvuf yoʻliga kirishga daʼvat etishdan oldin oʻzining bu yoʻlga kirishdagi iztirob, ikkilanish, mashaqqat va uqubatlarini roʻy-rost bayon etdi. Chunki ishq dardini oʻzidan ilgari oʻtgan barcha buyuk soʻfiylar singari butun dardlarning (ijtimoiy muammolarning) davosi deb bildi. Shoir ilohiy yoʻlga kirishning uqubatlari haqida shunday deb yozdi: Xudoni yoʻliga kirmak demanglar kori osondur, Aziz jondin kechib, bosh oʻynamogʻliq kori mardondur. Ajab poyoni yoʻq yoʻldur, aroda koʻp xatarlar bor, Aning uchun hama solik bu yoʻl ustida qolgʻondur. Olloh oshiqlarining mislsiz balolar, uqubatlarga giriftor boʻlishlari tabiiy holdir. Huvaydo ishq oʻtida oʻrtanishni sharafli qismat deb bildi: Nigoro, ikki olamda saningdek dilrabo yoʻqtur, Firoqing oʻtida mandek asiri mubtalo yoʻqtur. Balolarga duchor oʻldim visoling izlabon tun-kun, Maningdek el arosida giriftori balo yoʻqtur. Tasavvuf tarixida soʻfiylarning uzlatga chekinish orqali ilohiy ruhdan fayz, ilhom va ragʻbat olish hollari koʻp boʻlgan. Biroq bunday uzlatnishinlik shuhratparastlikni keltirib chiqara boshlagach, Abduxoliq Gʻijduvoniy oʻz tariqatida “xilvat dar anjuman ba zohir ba xalq ba botin ba Haq” (anjumanda zohiran xalq bilan, ammo botinan Haq bilan birga boʻlish) gʻoyasini ilgari surdi. Biroq Huvaydo yashagan davrga kelib, tasavvufning qatʼiy talab va qoidalari ancha kuchsizlandi. Huvaydoning taʼkidlashicha, zamonaning pok kishilari, mardlarining choʻpcha qadri qolmagach, oʻtkinchi va aldamchi molu dunyoga mehr qoʻygan kishilar qadr topa boshlagach, shoir uzlatnishinlikni, yaʼni odamlar yoʻq joylarga bosh olib chiqib ketishni orzu qildi: Bu zamona mardlarini choʻpcha qadri boʻlmadi, Boʻldilar moli palid joʻyoni nomard eʼtibor. Moldin oʻtmak, jondin oʻtmak kori har nomard emas, Dunyoni tark aylagʻon ishq yoʻlida mard eʼtibor. Yoki Ichim toʻldi gʻamu ishqqa, boʻlibman turfa dilgiri, Gahi himmat qilurman, bosh olib Rumu Yaman ketsam. Malomat bir sari, gʻam bir sari jonimni oʻrtaydur, Ketibdur toqatim emdi oʻzimni gʻamga oʻrgatsam. Huvaydo asarlarida Hizr alayhissalomning nomi koʻp uchraydi. Boisi uning Hizr alayhissalomdan tasavvuf ilmini oʻrganganligi, uning ruhidan ilohiy fayz va tarbiya olganligida edi. Huvaydoning taʼkidlashicha, nafs, orzu-havas, bola-chaqa va dunyoga mehr bor ekan, inson gunohsiz yashay olmaydi. Gunohlarning ajri esa nadomat va tavba qilishdir. Ilmi qol (shariat ilmi) va ilmi hol (tasavvuf ilmi)ni chuqur egallagan Huvaydoning Olloh rizoligi yoʻlida sidqidildan qiladigan toat va ibodatlaridan qoniqmasligining boisi ham shunda edi. Huvaydo yerdagi hayotdan uzilib, samoviy xayolot olamida, mistik olamda yashamadi, dunyoviylik va ilohiylikni bir-biriga qarshi qoʻymadi, balki zamondoshlarini bu dunyoning nozu neʼmatlaridan yuz oʻgirmaslikka, koʻz ochib yumguncha oʻtib ketadigan aziz umrni qadrlashga, ana shu neʼmatlar uchun Yaratganga shukrona aytishga, faqat savobli va xayrli ishlar qilishga, Ollohning nomini hamisha xushnudlik bilan tilda va qalbda zikr qilishga daʼvat etdi. 50-60 yosh – inson hayotiy tajribalarini sarhisob qilib, oʻtgan umrni taftish etish, hayotda yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklardan tavba qilib, maʼnaviy komillik mezonlarini belgilash davri hisoblanadi. Insoniyat tarixida oʻchmas iz qoldirgan ulugʻ mutafakkirlarning aksariyati ana shu yoshda oʻz hayotiga tanqidiy baho berganlar, maʼnaviy ganj izlash, oʻzlaridan yaxshi nom qoldirish uchun ezgu va savobli ishlar qilishga ahd qilganlar. Ana shu ibratli qismat Huvaydoni ham chetlab oʻtmagan: Ellik-oltmish yashadim, bir yaxshi toat qilmadim, Qilgʻonim boʻldi gunah, bir dam ibodat qilmadim. *** …Ellik yashab, oltmishga yetib, zarra amal yoʻq, Oʻlmak xush erur mangaki, dunyoga toʻyibman… *** Yashab ellik, Huvaydo, kelmasa yaxshi amal sandin, Bu yangligʻ yurgʻaningdin oʻlgʻaningdur xoʻbtar emdi… *** Huvaydo, san yashab ellik, netay, bir qilmading toat, Safar zodini qilgʻil, emdi ayyomi tarab ketti. Donishmandlar keksalikni inson umrining qish fasliga oʻxshatadilar. Tabiatdagi har bir faslning oʻz ziynati va fayzi boʻlgani singari keksalik ham, Huvaydoning tavsificha, ezgu va xayrli ishlarni nihoyasiga yetkazish uchun Olloh tomonidan beriladigan imkoniyatdir. Huvaydo oʻz zamondoshlarini gʻaflatdan xalos boʻlishga va savobli ishlar qilishga undadi: Qarilikdan asar qildi, miyonim yerga xam boʻldi, Iligimga aso tegdi, qulogʻim ham asam boʻldi. XULOSA Milliy istiqlol sharofati bilan Huvaydo merosini chuqur oʻrganish, uning asarlarini koʻp nusxada chop etish, xalqimizni ulugʻ mutasavvif merosidan bahramand etish, shoirning maqbarasini barpo etish imkoniyati vujudga keldi. Mamlakatimiz olimlari Huvaydo merosini oʻrganishga bagʻishlangan qator asarlarini eʼlon qilyaptilar. Jumladan, 2013 yili Toshkentning “Navroʻz” nashriyotida professor Haydar Aliqulov tahriri ostida Huvaydoning “Rohati dil”, Ibrohim Adham” dostoni chop etildi. Huvaydo tasavvufiy, axloqiy, badiiy-estetik gʻoyalari, komil inson shaxsini shakllantirish konsepsiyasiga doir turkum maqolalar chop etildi. Bu yil respublikamiz adabiyot va ilm ahli Huvaydo tavalludining 310 yilligini munosib nishonlashga qizgʻin tayyorgarlik koʻrmoqda. Zero, ulugʻ ajdodlarimiz maʼnaviyatining azim va tuganmas sarchashmalaridan xalqimizni bahramand etish orqaligina maʼnaviy hayotimizda duch kelgan muammolarni oqilona hal etishimiz va taraqqiyotning keng yoʻliga chiqishimiz shubhasizdir. Download 51.68 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling