Ijtimoiy ishga kirish fan majmuasi
- mavzu. Ijtimoiy ish globalizatsiyasi
Download 1.59 Mb.
|
b9475ad9c0a2d5f6856ab9d8845e178a Ijtimoiy ishga kirish
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tayanch iboralar
- Qochoqning yuridik ta’rifiga keladigan bo‘lsak
11 - mavzu. Ijtimoiy ish globalizatsiyasi
Reja: 1. Ijtimoiy ish – globalizatsiyaga nisbatan javob. Jahonda bolalarning holati (kambag‘allik, qurolli nizolar). 2. Qochoqlar global muammo sifatida. Xorij davlatlarining immigratsion siyosati. 3. Ijtimoiy ishda professionalizm: mohiyat, shakllanish omillari. 4. Xalqaro ijtimoiy ish: tashkilotlar va xizmatlar, Ijtimoiy ishchilarning milliy assotsiatsiyalari. Tayanch iboralar: Global olam. Ijtimoiy ish – globalizatsiyaga nisbatan javob. Jahonda bolalarning holati (kambag‘allik, qurolli nizolar). Qochoqlar global muammo sifatida. Xorij davlatlarining immigratsion siyosati. Ijtimoiy ishda professionalizm: mohiyat, shakllanish omillari. Xalqaro ijtimoiy ish: tashkilotlar va xizmatlar, Ijtimoiy ishchilarning milliy assotsiatsiyalari. Qochoqning yuridik ta’rifiga keladigan bo‘lsak, u 1951 yilda Jenevada qabul qilingan xalqaro konvensiya doirasida qabul qilingan. Mazkur konvensiyaga binoan «Qochoq - irqi, dini, millati, biron-bir ijtimoiy guruhga tegishliligi yoki siyosiy qarashlari uchun ta’qib qilinayotgan insondir». Ya’ni insonga qochoq maqomi berilishi uchun yuqorida sanab o‘tilgan ta’qiblar mavjud bo‘lishi kerak. Lekin hozir yana bir holat yuzaga kelganki, uning o‘ziga xosligi rasmiylarni va olimlarni o‘ylantirmoqda. Olimlar «iqlim qochoqlari» degan, kimlardir esa «iqlim migrantlari» va boshqa iboralarni ishlatmoqda. Hozir har yili taxminan 20 million kishi ekologik sabablarga ko‘ra yashash joyini o‘zgartirayotgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2050 yilga borib 200 million kishidan ortib ketishi mumkin deyilmoqda. Qadimdan ekologik o‘zgarishlar tabiiy ravishda yuz berib kelgan va bu insonlarning o‘z yurtini tashlab ketishiga, ba’zan butun boshli davlatlar va hatto sivilizatsiyalarning (shumerlar) yo‘qolib ketishiga sabab bo‘lgani kuzatilgan. Davlatlarga o‘zimizdan qadim Xorazm davlatining afrig‘iylar sulolasi davrini misol qilib keltirish mumkin. Amudaryo o‘z o‘zanini o‘zgartirib, suv bormay qolishi natijasida afrig‘iy xorazmshohlar davlatidagi (hozir Turkmaniston va Qoraqalpog‘iston hududida) yuzlab qal’alar tashlandiq holga kelib qolgan. Sanoat inqilobidan hozirga qadar zavod va fabrikalarning, transport (avtomobil, samolyot va h.) va boshqalarning atmosferaga zararli gazlar chiqarishi oqibatida dunyoda notabiiy ravishda iqlim o‘zgarishlari yuz bermoqda. Masalan, bir tarafdan Grenlandiyadagi muzlarning erishi okeanlarning sathi ko‘tarilishiga olib kelishi, natijada insonlar yashayotgan hududlar — orollar, viloyatlar va ba’zan davlatlar (Bangladesh) suv ostida qolib ketishi hech gap emas. Boshqa tomondan esa Pomir tog‘idagi muzliklarning me’yoridan tez erishi Markaziy Osiyoda qurg‘oqchilikka sabab bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri, suv sathi ko‘tarilishi tufayli o‘z hududini tashlab ketadigan insonlar yuqoridagi qochoq degan ta’rifga to‘g‘ri kelmaydi. Lekin tabiat ta’qib qilayotgan insonlarning ham qochishdan boshqa iloji bo‘lmasligi mumkin. Masalan, taxminan Tojikistonday maydondagi (143998 km²) Bangladeshda hozir salkam 165 million aholi yashaydi. Taxminan 2050 — 2100-yillarga borib Bangladesh qisman (va hatto butunlay) suv ostida qolishi mumkin ekan. Dunyodagi minglab orollarning qismati ham shunday bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Endi tasavvur qiling, shunday paytda bangladeshliklar Hindiston, Xitoy yoki O‘zbekistonga qochib kelsa, ularning maqomi qanday bo‘ladi? Xuddi mana shunday holat Afrika qit’asining bir nechta joyida ham kuzatilishi mumkin. O‘zi shundog‘am irqchilik, qashshoqlik, savodsizlik, urushlardan aziyat chekadigan afrikaliklar Yevropaga borsa qabul qilinmaydi, Afrikaning boshqa davlatlarida qulga aylantiriladi, Osiyo esa uzoqda. Xullas, «iqlim qochqinlari» muammosi kelajakda global muammoga aylanishi mumkin. Dunyoning boy davlatlari, jumladan Xitoy, AQSh va Yevropa mamlakatlari o‘z kelajagini o‘ylab geostrategik loyihalarni amalga oshirmoqdalar. Ayrimlar yashirincha 100 yillardan keyin yuz beradigan yangi geosiyosiy urushlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ayrimlar boshqalarning hududiga ko‘z tikkan holatlar ham kuzatilmokda. Bu jarayonlar shunchalik ko‘rinmas, shunchalik shafqatsizki, «aqli bor davlatlar» faqat bugunning g‘ami bilan o‘ralashib qolmasdan kelajak haqida ham o‘ylashni boshlaganlar. Urushlarga tortilgan 19 mamlakat va hududda ayollar hamda bolalarga qarshi og‘ir jinoyatlar sodir etilmoqda. Jumladan, 2014 yilda “IShID” yezid millatiga mansub ayollar va qizlarni asirga olib, ularni sotish orqali 45 million dollar daromad topdi. “Biz bugun bu yerda majlis qurayotgan paytda Rakka shahridagi qullar bozorida ayollar sotilmoqda, – deydi BMTning mojarolar sharoitlarida jinsiy zo‘ravonlik masalasi bo‘yicha maxsus vakili Zaynab Bangur. – Fermerlar bozorda uy hayvonlarini sotgani kabi ayollar va qizlarning narxi ko‘rsatilgan prays-listlar mavjud. Terrorchilar va ekstremistlar bu kabi oldi-sotdilarda ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanmoqda”. 2014 yil bolalar uchun dahshatlar, qo‘rqinchlar va azob-uqubatlarga to‘la yil bo‘ldi. Ularning ko‘plari o‘ldirildi, aksariyati mayib-majruh qilindi yoki qator qurolli guruhlar tomonidan harbiy ishlar uchun yollandi. Norasida o‘g‘il va qizlarning ota-onalari vayron qilingan uylarini tashlab, harbiy mojarolar davom etayotgan hududlardan chiqib ketdi, – deya qayd etadi YuNISYeF rahbari Entoni Leyk. – Bolalar maktab binolarida yoki o‘z to‘shaklarida qurbon bo‘lmoqda. Ular qiynoqlarga solinmoqda, zo‘rlanmoqda, qul sifatida sotib yuborilmoqda. Avvallari keng ko‘lamli bunday vahshiyliklar haqida hatto tasavvur ham qilib bo‘lmas edi. Afg‘oniston, Kongo Demokratik Respublikasi, Nigeriya, Pokiston, Somali, Sudan va Yamanda o‘n milliondan ortiq bola gumanitar yordamga muhtoj. 2015 yilda Markaziy Afrika Respublikasi, Iroq, Janubiy Sudan, Falastin, Suriya va Ukrainada 15 million bola qurolli to‘qnashuvlar markazida qolib ketdi. Qonli mojarolarga tortilgan mintaqa va mamlakatlarda 230 million bola yashamoqda. Bola huquqlari to‘g‘risidagi konventsiya qabul qilinganidan buyon o‘tgan yillar ichida sezilarli yutuqlarga erishilganiga qaramay, hali oldinda qilinajak ishlar juda ko‘p. Ikkinchi jahon urushidan buyon ilk bora 2015 yili o‘z yashash joyini o‘zgartirayotganlar soni 50 millionlik chegaradan o‘tdi. Ularning 16,7 millioni qochoqlar, 33,3 millioni mamlakat ichida yashash joyini o‘zgartirgan shaxslardir. Qochoq bolalarning 45 foizi Suriya va Afg‘oniston hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. “2015 yili xalqaro muhojirlar va qochoqlarning umumiy soni 244 million kishiga yetdi. 2050 yilga borib bu raqamlar 321 milliondan ortadi”, – deya bong urmoqda BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun. “Sayyoramizda tinchlik ne’mati juda taqchil bo‘lib bormoqda, – deydi BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Antoniu Guterresh. – Bu, asosan, ikki omilga bog‘liq. Birinchidan, yangi inqirozlar, jumladan, Markaziy Afrika Respublikasi, Janubiy Sudan, Ukraina va Iroqda urushlar yuzaga keldi. Ikkinchidan, avvalgi qarama-qarshiliklarga barham berilmayapti. Suriya, Somali, Kongo, Bangladesh, Falastin hamon insoniyatning og‘riqli nuqtalari bo‘lib qolayotir”. Millionlab qochoqlar Pokiston, Eron, Livan, Iordaniya, Turkiya hududlarida to‘planib qoldi. Oxirgi uch davlat Suriyada fuqarolar urushi boshlanganidan keyin bu ro‘yxatdan joy oldi. 4 million suriyalik, 2,56 million afg‘onistonlik, 1,12 million somalilik xorijiy davlatlar hududida qochoq maqomida yashamoqda. Ular o‘zlari tug‘ilgan maskanlarga qaytishni sira istamayapti. 2015 yili 414,6 ming qochoq vataniga qaytgan bo‘lib, ularning ham aksariyati o‘zi qo‘nim topgan davlatdan majburiy tarzda chiqarib yuborilgan. 2015 yili Yevropaga kelgan bir milliondan ortiq qochoqning 253700 nafari bolalardir. Ayozli qishda ular kattalar qatori azob-uqubatlarga chidashga, ochlik-nochorlikka dosh berishga majbur bo‘lmoqda. Binobarin, qochoqlarga hatto oddiy yashash sharoitlari ham yaratilmagan va issiq kiyimlar bilan ta’minlanmagan. Bolalar xorijga ota-onalar yoki boshqa yoshi katta yaqin hamrohlarsiz ketishmoqda. 2015 yilda 100 ming yolg‘iz bola 78 mamlakatdan boshpana so‘radi. Bu 2014 yildagi ko‘rsatkichdan uch barobar ko‘pdir. Ulug‘lar himoyasidan mosuvo bunday bolalar odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi guruhlarning yengil o‘ljasiga aylanib qolishyapti. Ayrim hukumatlar ularni rag‘batlantirish borasida muayyan ishlar qilmoqda. Masalan, Germaniya hukumati qochoqlar lagerlarida ayollar va bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonliklarga qarshi kurash uchun 200 million dollar ajratdi. “Bugun XX asrdagi kabi global boshqaruv tizimi mavjud emas. Munosabatlar jadvali noaniq. Biz na ko‘p qutbli va na bir qutbli dunyoda yashayapmiz, boshboshdoqliklar tobora avj olmoqda. Oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan vaziyat tobora kuchliroq rol o‘ynamoqda”, – deydi BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari A. Guterresh vaziyatni yaqqol tasvirlar ekan. Qochoqlarning yarmi bolalardan iborat. Yoshlarning eng muhim davrda ta’lim olishdan mosuvo bo‘lib qolishi ular taqdiriga salbiy ta’sir etishi muqarrar. Maktab ta’limini ololmayotgan jahondagi 57 million bolaning yarmi mojarolarga tortilgan mamlakatlarda yashamoqda, ularning 54 foizi qizlardir. Shuningdek, 20 million nafar bola boshlang‘ich ta’lim olish yoshida. Nizolar hududida istiqomat qilayotgan va maktabga bormayotgan 28,5 million bolaning ta’limdan foydalanishi bo‘yicha tezkor choralar qabul qilish zarur. BMT Bosh kotibining maxsus maslahatchisi Karen Abuzeyd xonimning ta’kidlashicha, BMTga a’zo 193 davlat 2018 yilda bu borada Global bitimni imzolashga kelishib oldi. Unda qochoqlar va muhojirlar taqdiriga teng mas’uldorlik tamoyillari ifoda etilgan. Dunyo bo‘ylab bolalarning urushlarda qatnashishi tobora ko‘paymoqda va 250 ming bola hukumat kuchlari hamda qator isyonchi guruhlar tarkibida kurash olib bormoqda. Ular o‘rtacha 10–12 yoshda. “Askar bolalar”ning 40 foizi qizlar. BMTning Bolalar va o‘smirlar bo‘yicha konventsiyasiga 2002 yili ulardan askar sifatida foydalanishni taqiqlovchi qo‘shimcha protokol imzolandi va uni 153 mamlakat ratifikatsiya qildi. BMT Bosh kotibining 1-o‘rinbosari Yan Eliassonning ma’lum qilishicha, jahon aholisining 46 foizi 25 yoshgacha bo‘lgan fuqarolardir. Yaqin Sharq va Afrika qit’asida ular ulushi qariyb 60 foizga yetadi. 2015 yilda 73,4 million yoshlar ishga joylasha olmadi. Ishsizlik darajasi o‘sayotgani maosh to‘lashni taklif etayotgan harbiylashgan ekstremistlar safiga yoshlarni qo‘shilib ketish xavfini oshirmoqda. Download 1.59 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling