6-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining innovatsion faoliyat sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
innovatsion faoliyat sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;
innovatsion rivojlantirish strategiyalarini amalga oshirish bo‘yicha faoliyatning shakllantirilishi va muvofiqlashtirilishini ta’minlaydi;
iqtisodiyot tarmoqlarini va ijtimoiy sohani innovatsion rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini tasdiqlaydi;
innovatsion rivojlanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;
innovatsion rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishilishini baholash mezonlarini tasdiqlaydi;
yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish va texnologiyalar transferi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;
innovatsion faoliyat sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishni ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
7-modda. Innovatsion faoliyat sohasidagi vakolatli davlat organining vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi innovatsion faoliyat sohasidagi vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Vakolatli davlat organi:
innovatsion faoliyat sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining innovatsion faoliyat sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
innovatsion rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
innovatsion faoliyat sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi;
innovatsion faoliyat xavflarini baholash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi;
mamlakatning innovatsion rivojlanish holati tahlilini amalga oshiradi;
innovatsion faoliyat subyektlari o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlashga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
innovatsion loyihalarning davlat ekspertizasi tashkil etilishini ta’minlaydi;
yagona davlat buyurtmachisi sifatida innovatsion loyihalarni shakllantiradi, tasdiqlaydi va moliyalashtiradi;
innovatsiyalar yaratish uchun davlat buyurtmasi doirasida innovatsion loyihalarning bajarilishini monitoring qiladi va bajarilish samaradorligini baholashni amalga oshiradi;
O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan xarid qilinadigan texnologiyalar transferiga oid shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazadi;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga va boshqa tashkilotlarga moliyalashtirish uchun yangi ishlanmalarni tavsiya qiladi;
yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishni moliyalashtiradi va texnologiyalar transferiga ko‘maklashadi;
innovatsion faoliyat subyektlarini tashkil etish va rivojlantirishga ko‘maklashadi, innovatsion faoliyat natijalarini joriy etishga doir samarali mexanizmlarni shakllantiradi;
innovatsion faoliyat subyektlari uchun kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tashkil qilishda ishtirok etadi;
innovatsion faoliyat sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Vakolatli davlat organi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |