1-§. Xarajatlar va ularning turlari
Bozor iqtisodiyoti erkin raqobatga asoslangan iqtisodiyot bo’lib, u o’z navbatida
to’kinchilikni yuzaga keltiradi. To’kinchilik tufayli ishlab chiqarish xaridorning izmiga
bo’ysunadi. Xaridor esa o’z manfaatidan kelib chiqib, tovarlar va xizmat ko’rsatishni yaxshi
sifatli bo’lishini hamda ularni narxi uni qoniqtiradigan darajada bo’lishini istaydi.
Narx bozor iqtisodiyoti sharoitida talab va taklif darajasiga qarab shakllanadi. Taklifni
qanday hajmda, miqdor va tarkibda bo’lishi ishlab chiqarishga bog’liq. U yoki bu turdagi tovarni
ishlab chiqarish, xizmat ko’rsatishga undaydigan, uning hajmini belgilaydigan omil bir
tomondan bozordagi narx bo’lsa, ikkinchi tomondan shu tovarni ishlab chiqarish va xizmat
ko’rsatishga ketgan xarajatlardir. Chunki, ular asosida ana shu tovarni ishlab chiqarish yoki
xizmat ko’rsatishdan qo’yilgan maqsad, foyda olish amalga oshadi.
Tovar ishlab chiqarish (xizmat ko’rsatish) ma’lum iqtisodiy resurslar xarajatini talab
etadi. Iqtisodiy xarajatlar tushunchasi eng avvalo resurslar cheklanganligi hamda ularni muqobil
(alternativ) ishlatish imkoni bilan bog’liq. Masalan, er resurs sifatida cheklangan. Undan turli
maqsadda foydalanish mumkin. Uy qurish, korxona qurish, paxta, bug’doy ekish va hokazolar
kabi. Agarda paxta ekilsa, bug’doy ekib bo’lmaydi. Ya’ni bir maqsadda foydalanilayotgan erdan,
xuddi shu vaqtda boshqa maqsadda foydalanib bo’lmaydi.
Xar bir korxona, firma, tadbirkor u yoki bu resursni sotib olib ishlatar ekan, demak, bu
resursni boshqalar ishlata olmaydi. Resurslarni sotib olgach, uni samarali ishlatish uchun harakat
qiladilar.
Tanlangan resurslarni eng maqbul ishlatish, o’zgalar ishlatishiga yo’l bermay,
o’ziga jalb etish uchun qilgan sarf, resurslar egasiga to’langan pul iqtisodiy xarajat yoki
zimmadagi xarajatlar deb ataladi.
Iqtisodiy xarajatlar mikromiqyos darajadagi iqtisodiy ko’rsatkichlar bo’lib, firma,
korxona miqyosida biron turdagi tovar ishlab chiqarish yoki xizmat ko’rsatishni qanchalik
samarali ekanligini ko’rsatadi. Xarajatlar korxona, firma faoliyatiga baho berishda asosiy,
etakchi ko’rsatkich hisoblanadi. Xarajatlar turli-tuman. Odatda, xarajatlar tarkibiga qay jihatdan
yondashishga qarab, turli guruhlarga bo’linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |