Yangi klassik makroiqtisodiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]
Yangi klassik makroiqtisodiyot maktabi 1970-yillarda paydo boʻlgan. Maktab asoschisi Robert Lucas Jr. tomonidan yaratilgan „Ratsional kutilmalar“ nazariyasi oʻz davridagi iqtisodiy qarashlarni oʻzgartirib yubordi[63]. Maktabning yana bir taniqli vakillaridan biri Thomas J. Sargent hisoblanadi. Aynan Sargent giperinflyatsiya vaqtida Fillips egri chizigʻi, daromadlilik egri chizigʻi va pul bozori modellaridagi ratsional kutilmalar holatini tushuntirib bergan edi[64][65][66][67]. „Yangi klassiklar“ning gʻoyalari axborot asimmetriyasi va makroiqtisodiy agentlar chiqargan qarorlarning ratsionallik darajasiga asoslanadi. Shu sababli, ushbu maktab vakillari fikriga koʻra, barcha iqtisodiy agentlar ixtiyorlarida ideal axborot boʻlganida shu axborotdan ratsional foydalana olsalar, iqtisodiyot barqaror rivojlanadi. Shuningdek, yangi klassik maktab vakillari fikriga koʻra, odam bir xatoni ikki marta takrorlamaydi va iqtisodiy sharoitlarga tez moslasha oladi. Natijada, davlat avval sodir boʻlgan makroiqtisodiy siyosatni qayta amalga oshirgan paytda, barcha agentlar kelajakdagi holatni prognozlay olishadi[68][69].
XX asr oxiri: yangi keynschilik[tahrir | manbasini tahrirlash]
Yangi keynschilik yangi gʻoyalar asosida shakllangan keynschilik taʼlimoti hisoblanadi. U 1991-yilda Greg Mankiw, David Romer, Olivier Blanchard va Stanley Fischer kabi iqtisodchilar mehnatlari natijasida tashkil topgan. Shu yilning oʻzidayoq Mankiw va David Romer tahriri ostida „New Keynesian Economics“ kitobi chop ettirildi[70]. Yangi keynschilik va asosiy keynschilik orasidagi farq katta emas: bu yoʻnalishda ham narxlar qisqa muddatli oraliqda pasaymaydi, „laissez-faire“ nazariyasi tanqidlari davom etaveradi. Lekin, neokeynschilik oʻz nazariyalarini ifoda etishda axborot asimmetriyasidan foydalanishadi[71].
Do'stlaringiz bilan baham: |