Iqtisodiyot tuzilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]
Istalgan iqtisodiyot bozor va iqtisodiy agentlardan tashkil topgan. Nazariy jihatdan, iqtisodiyot tarkibida toʻrtta makroiqtisodiy agent va uch xil bozor mavjud. Iqtisodiyotning barcha qismlarida daromad va xarajatlar mavjuddir[108].
Makroiqtisodiy bozorlar[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ishlab chiqarish omillari bozori
Iqtisodiy resurslar (yoki ishlab chiqarish omillari) tarkibiga yer, mehnat, kapital va tadbirkorlik qobiliyati kiradi[109].
Tovar va xizmatlar bozori
Aynan shu bozorda yalpi talab va yalpi taklif shakllanadi. Tovarlarga boʻlgan talab barcha makroiqtisodiy agentlar tomonidan taqdim etiladi, taklif esa tovar va xizmatlarning asosiy ishlab chiqaruvchilari boʻlgan firmalar tomonidan yaratiladi. Bu bozorda real qiymat ayirboshlanganligi sababli uni „real bozor“ deb ham atashadi[110].
Moliya bozori
Moliya bozori — oldi-sotdi obyekti pul yoki pulga tenglashtirilgan qimmatli qogʻoz bilan bogʻliq boʻlgan bozor. Moliya bozorining oʻzi ham ikki asosiy bozordan iborat. Birinchi bozor bu pul bozori boʻlib, u yerda pulga boʻlgan talab va taklif muvozanati shakllanadi, hamda pul massasi uchun optimal foiz stavkasi miqdori oʻrganiladi. Ikkinchi bozor fond bozori hisoblanib, u yerda aksiya va obligatsiya singari qimmatli qogʻozlar sotuvi amalga oshiriladi[111].
Makroiqtisodiy agentlar[tahrir | manbasini tahrirlash]
Makroiqtisodiyot fanida 4 xil iqtisodiy agentlar oʻrganiladi[112]:
Uy xoʻjaliklari — iqtisodiy resurslar egasi, tovar va xizmatlarning asosiy isteʼmolchilari[113]. Firmalarga ishchi kuchini sotishgani uchun, daromad tarzida ish haqi olishadi. Uy xoʻjaliklari davlatga soliq toʻlashadi va javob tariqasida nafaqa, pensiya va stipendiya koʻrinishida transfert toʻlovlarini olishadi[114].
Firmalar — maqsadi foydani maksimallashtirish boʻlgan, tovar va xizmatlarning asosiy ishlab chiqaruvchilari[115]. Moliya bozorida asosan debitor sifatida ishtirok etishadi. Firma xarajatlari investitsion toʻlovlar, soliqlar va ish haqidan tashkil topadi[116].
Uy xoʻjaliklari va firmalar iqtisodiyotning xususiy sektorini tashkil etadi.
Davlat — jamiyatning iqtisodiy neʼmatlarini ishlab chiqaruvchi iqtisodiy agent. Milliy daromadni qayta taqsimlash, iqtisodiy agentlar va bozorlar faoliyatini nazorat qilish davlatning asosiy vazifalari hisoblanadi. Asosiy daromad manbai soliqlar, xarajatlari esa uy xoʻjaliklariga transfert toʻlovlari va firmalarga subsidiyalar hisoblanadi. Kerak boʻlganida tovarlar bozoridan xaridlar amalga oshiradi. Davlat moliya bozori bilan doimiy oldi-sotdi operatsiyalariga ega[117].
Xususiy sektor va davlat yopiq iqtisodiyotni tashkil etadi[118].
Xorijiy sektor — kapital, tovar va xizmatlarning xalqaro savdosini oʻz ichiga oladi[119].
Do'stlaringiz bilan baham: |