Isxakov S. A. Musulmon huquqi: IIV oliy ta’lim muassasalari uchun darslik / S. A. Isxakov, A. R. Raxmanov


Download 4.5 Mb.
Pdf ko'rish
bet55/70
Sana10.11.2023
Hajmi4.5 Mb.
#1761199
1   ...   51   52   53   54   55   56   57   58   ...   70
Bog'liq
Musulmon huquqi. Isxakov S.A., Raxmanov A.R. Darslik . – Toshkent ...

9.3. «Ta’zir» tushunchasi va turlari 
Musulmon olimlarining asarlarida ushbu jinoyatlarning turlari 
to‘g‘risidagi qaydlar uchramaydi. Ular, asosan, jinoyatlarning hudud, 
qasos va diya turlari haqida fikr bildirganlar. Chunki bunday jinoyatlar 
sobit bo‘lib, ularning tamoyillari o‘zgarmagan, ularga beriladigan jazolar 
ham muqarrar bo‘lib, ular ham o‘zgartirilmagan. Ushbu jinoyatlarning 
hammasi muaqqat jinoyatlar, deyilgan. 
Ammo ta’zir jinoyatlari ichida muaqqat va muaqqat bo‘lmagan 
jinoyatlar mavjud bo‘lib, ularni qozilarning o‘zlari farqlab, belgilab 
borganlar. Bu borada ularga katta huquqlar berilgan. Hukm chiqaruvchi 
mahkamalarning hukmlari davlatlarning urf-odatlariga binoan turlicha 
bo‘lgan. Biror davlatda ruxsat etilgan amallar boshqa davlatda man 
etilgan. Shu bois fiqh olimlari ushbu masala xususida mufassal bahs olib 
borishni zarur, deb topmaganlar. 


139
Muaqqat jinoyatlar birorta man etilgan amalni bajarishdan yoki 
buyurilgan amalni bajarmaslikdan kelib chiqadi. Bunday jinoyatlar 
chegaralangan vaqt ichida sodir bo‘ladi. Ushbu jinoyatlarga o‘g‘rilik, 
mast qiluvchi ichimlik iste’mol qilish yoki yolg‘on guvohlik berish, 
guvohlik berishdan bosh tortish kabilar kiradi. 
Muaqqat bo‘lmagan jinoyatlar yangilanib yoki to‘xtamasdan davom 
etib turadi. Ushbu jinoyatlarning bajarilishi vaqtlari tugagandan so‘ng, 
ular jinoyat, deb yuritiladi. Bunday jinoyatlarga biror shaxsni nohaq 
hibsda ushlab turish, zakot berishdan bosh tortish kabilar kiradi. 
Musulmon huquqining qoidalarida bayon etilishicha, muaqqat 
jinoyatlar u boshlangan vaqtdan jinoyat, deb hisoblanadi. G‘ayrimuaqqat 
jinoyatlar esa albatta nihoyasiga yetgan bo‘lishi shart. Ammo, bu o‘rinda 
jinoyatning natijasi bilan jinoyatning davom etishini chalkashtirmaslik 
lozim bo‘ladi. Bunga o‘g‘rilik jinoyatini misol qilsak, o‘g‘rilik sodir 
bo‘lgandan so‘ng, o‘g‘irlangan mollarning jinoyatchi qo‘lida qolishi bu 
jinoyatning davom etishi emas, balki jinoyatning natijasi, hisoblanadi. 
G‘ayrimuaqqat jinoyatlar yangilanib turadigan va davom etuvchi 
jinoyatlarga bo‘linadi.
Yangilanib turadigan jinoyatlar jinoyat davom etishi bilan yangilanib 
turadi. Masalan, yil mobaynida zakot majburiyatini bajarmaslik vaqt 
o‘tishi bilan jinoyatning ortishiga olib keladi. Bu holda jinoyat yangilanib 
turaveradi. 
Bunday taqsimlanishda bir qancha jinoyatlar inobatga olingan, ya’ni:
– muaqqat jinoyatni sodir etgan jinoyatchi uchun maxsus hukmlar 
mavjud. G‘ayrimuaqqat jinoyatlarning hukmlari maxsus bo‘lmay, zamon 
va makonga qarab o‘zgarib turadi. Shu nuqtai nazardan ushbu 
jinoyatlarning har biri bitta emas, balki bir necha hukmlarga ega bo‘ladi, 
deyish mumkin; 
– muaqqat jinoyat ustidan jinoyat ishi jinoyat boshlanishi bilan 
qo‘zg‘atiladi, ammo g‘ayrimuaqqat jinoyatda jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi 
uchun albatta jinoyat nihoyasiga yetishi talab qilinadi; 
– yangi chiqarilgan qonunlar muaqqat jinoyatlar uchun ahamiyatga 
ega emas. Ular faqat muaqqat jinoyatlarga ta’sir etib, eski qonunlar 
bunday sharoitda bekor qilinadi; 
– muaqqat jinoyatda hukm voqea sodir etilib, mahkamaga xabar 
qilinganda chiqariladi. Agar bu holda mahkamaga ma’lum qilinmagan 
jinoiy voqealar sodir bo‘lgan bo‘lsa va hatto hududda o‘sha hukmga ega 
jinoyatlar bo‘lgan taqdirda ham. ular hukmga ta’sir etmaydi. Hukmdan 
keyin sodir bo‘lgan jinoiy voqealar tufayli ham unga o‘zgartish 
kiritilmaydi.


140
Hukmdan keyin sodir bo‘lgan jinoyat uchun yangidan jinoyat ishi 
qo‘zg‘atilib, muqaddam chiqarilgan hukmning jazosi ijro etilgandan 
so‘ng, yangi hukm ijro etiladi. Ammo g‘ayrimuaqqat jinoyatlarda hukm 
o‘tgan hamma jinoyatlarga tegishli bo‘ladi. Hatto ba’zi jinoyatlar 
mahkamaga ma’lum bo‘lmagan taqdirda ham, ularning voqelikda sodir 
etilganligi e’tirof qilinadi. Chunki o‘sha jinoyatga yaqin amallarning 
barchasi birlashtirilib, bitta jinoyatning hisobiga kiradi. 
Jinoyatlar tabiatiga ko‘ra, jamiyatga yoki shaxsga qarshi qaratilgan 
jinoyatlarga bo‘linadi.
Jamiyatga qarshi qaratilgan jinoyat uchun jazo jamiyatdagi tartibni 
himoya qilish maqsadida belgilanadi. Bunday jinoyatlar shaxsga yoki 
jamoaga qarshi qaratilgan bo‘ladi. Shaxsga qaratilgan bo‘lsa ham, lekin 
jamiyatga qarshi, deb yuritilishining boisi, ba’zi (zino, o‘g‘rilik) jinoyatlar 
shaxsdan ko‘ra jamiyatga ko‘proq zarar yetkazadi va mazkur jinoyatlarda 
jabrlangan shaxsga jinoyatchini afv etish huquqi berilmaydi. 
Bunday jinoyatlar uchun jazo shaxs huquqini himoya qilish 
maqsadida belgilanadi. Jinoyatlar bir vaqtning o‘zida ham shaxsga, ham 
jamiyat hayotiga qarshi bo‘lishi mumkin. Masalan, qasos va diya shaxs 
huquqini buzadigan jinoyatlar hisoblanadi, lekin bunday jinoyatlar 
jamiyat huquqiga ham taalluqli bo‘ladi. Ammo ko‘proq shaxs huquqiga 
tegishli bo‘lgani bois, jazo shaxs huquqi uchun beriladi. 
Agar jabrlanuvchi shaxs o‘z haqidan kechib, jinoyatchini afv etsa, 
unda jinoyatchiga jamiyat haqi uchun jazo beriladi, ya’ni unga ta’zir 
uqubati belgilanadi. Ta’zir jinoyatlari ba’zi vaqtda jamiyatga va ba’zan 
shaxsga qarshi sodir etilgan bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, jazolar jamiyat 
haqi uchun og‘irroq, shaxs haqi uchun yengilroq belgilanadi. 
Musulmon huquqida jinoyatlar oddiy va siyosiy jinoyatlarga 
bo‘linadi. Garchi siyosiy tus olgan bo‘lsa-da, hamma jinoyatlar ham 
siyosiy jinoyatlarga kirmaydi. Ba’zan oddiy jinoyatlar siyosiy keskinlik 
vaqtida sodir etilsa, ularga siyosiy jinoyatlar sifatida qaraladi. Bu ikki xil 
jinoyat xususiyatiga ko‘ra, bir-biridan farq qilmaydi. Ularning bajarilish 
holatlari va usullari bir-biriga muvofiq keladi. Bunday holatlarda 
jinoyatlarni bir-biridan ajratib ko‘rsatish qiyin kechadi. 
Oddiy holatlarda, ya’ni urush yoki qo‘zg‘olon vaqtlaridan boshqa 
vaqtlarda ro‘y bergan har qanday jinoyat oddiy jinoyat, deb yuritiladi. 
Masalan, kimdir davlat hokimini o‘z siyosiy qarashlari bois qatl etgan 
bo‘lsa, uning maqsadidan qat’i nazar, u oddiy jinoyatni sodir etganlikda 
ayblanadi. Chunki qatl oddiy sharoitda amalga oshirilgan bo‘ladi. Bunga 
xalifa Aliga xorijiylar qasd qilganlarida, qotilga uning o‘zi bergan jazosi 


141
misol qilinadi. Xalifa Ali o‘g‘li Hasanga: «Madomiki, men tirik kelsam, 
uni o‘zim jazolayman, agar o‘lsam, uni menga urgan zarbi kabi uringlar», 
– deb buyurgan. Islom olimlari Ali o‘z qotilini oddiy jinoyatchi deb qabul 
etgan, degan fikrni bildirganlar. 
Siyosiy jinoyatlar g‘ayrioddiy holatlarda yuzaga keladi. Ular 
qo‘zg‘olon va urush holatlarida, bir davlat ikkinchi davlatning ustiga 
bosqinchilik bilan kelayotgan vaqtda, mamlakatda tinchlik va barqarorlik 
ketib, notinchlik hukm surayotgan bir sharoitda ro‘y beradi. 
Fiqh olimlari siyosiy jinoyatchilarni qo‘zg‘olonchilar, deb ataydilar. 
Qo‘zg‘olonchilar – davlatdan norozi bo‘lib, unga qarshi harakatlarni olib 
boruvchi ma’lum bir shaxslardir.
Siyosiy jinoyatchilarning qo‘zg‘olon vaqtida va undan keyingi 
huquqlari quyidagicha: qo‘zg‘olon boshlanib ketgan vaqtda, davlat 
hokimi siyosiy jinoyatchilarni qatl qilmaslikka harakat qiladi. Urushda 
eng ashaddiy qo‘zg‘olonchilarni o‘ldirish buyuriladi. Qo‘zg‘olonchi-
lardan biri qurolini tashlasa, unga zarar yetkazilmaydi. Uning mol-mulki, 
ayollari saqlab qolinadi va urush tugagach, qaytarib beriladi. Agarda mol-
mulklar tinchlik vaqtida talon-toroj qilingan bo‘lsa ham, davlat ularni o‘z 
egalariga qaytarishga mas’uldir. Siyosiy jinoyatchilarning mol-mulklari 
urush ta’sirida yo‘q bo‘lib ketgan bo‘lsa, bu holda davlat ularning mol-
mulklariga mas’ullikni zimmasiga olmaydi. 
Siyosiy jinoyatchilar urush holatida odam o‘ldirish, mol-mulkni 
talon-toroj qilish kabi jinoyatlarni sodir qilgan bo‘lsalar, davlat hokimi 
ularni jazolashi ham, jazodan ozod etishi ham mumkin. Jazo ta’zir 
uqubatidan iborat bo‘lib, bu to‘g‘rida to‘rt buyuk imom o‘z fikrlarini 
bildirganlar. Imomlar Molik, Shofi’iy va Ahmad siyosiy jinoyatchilarga 
o‘lim jazosi berilmasligini yoqlab chiqqanlar. Ular islomda asirlar va 
jarohatlangan kishilarni qatl etish harom qilinganligini e’tirof etganlar. 
Abu Hanifa esa qatlni yoqlab chiqib, agarda jamiyat maslahati buni talab 
etadigan bo‘lsa, asirlarni qatl qilsa bo‘ladi, degan fikrni bildirgan. Har 
qanday holatda ham bu borada davlat qozisiga katta huquq berilgan 
bo‘lib, uning hukmi bilan jinoyatchi qilmishi uchun jazo oladi yoki 
jazodan umuman ozod etiladi.
Siyosiy jinoyatchilarga beriladigan jazolar vaziyatga ko‘ra bir-biridan 
farq qiladi. Yuqorida aytib o‘tilganidek, agarda jinoyat qo‘zg‘olondan 
oldin yoki keyin sodir etilgan bo‘lsa, ularga oddiy jinoyatlar nisbatidagi 
jazo beriladi. Qo‘zg‘olon vaqtida sodir etiladigan siyosiy jinoyatlarga 
davlat rahbarlarini qatl etish, shaharlarni egallab olish va umuman urush 
holatiga mansub jinoyatlar kiradi.


142
Yuqorida ta’kidlanganidek, siyosiy jinoyatchilarning muayyan 
talablari va maqsadlari bo‘ladi. Ular davlat boshlig‘i yoki ijro 
hokimiyatining iste’foga chiqishini talab qilish yoki itoat qilishdan bosh 
tortish kabi harakatlarni sodir etadilar. Mana shu holatlarda ular siyosiy 
jinoyatchilar, deyiladi. Agar jinoiy harakat musulmon huquqiga 
o‘zgartirish kiritish yoki qo‘shni davlatning qonunlarini o‘z davlatida 
qo‘llab, bu orqali davlat siyosatini o‘zgartirishga olib kelsa, bunday 
harakat siyosiy jinoyat hisoblanmay, balki oddiy jinoyat sifatida baho-
lanadi. Ular mamlakatga fasod tarqatuvilar, deb ayblanadilar va tegishli 
jazoga hukm qilinadilar. 
Siyosiy jinoyatchilar qo‘ygan talablarining bajarilishini talab 
qilishadi. Agarda ularning keltirgan dalillari haqiqatga to‘g‘ri keladigan 
bo‘lsa, u qabul qilinadi va o‘zlari siyosiy jinoyatchilar deb tan olinadilar. 
Agar qo‘yilgan talablarning vaji haqiqatga yaqin bo‘lmasa, unda ular 
siyosiy jinoyatchilar, deb tan olinmaydilar.

Download 4.5 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   51   52   53   54   55   56   57   58   ...   70




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling