J. R. Zaynalov, S. S. Aliyeva, Z. O


Iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar ustidan soliq organlarining nazorati


Download 3.38 Mb.
bet11/122
Sana03.06.2024
Hajmi3.38 Mb.
#1842083
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   122
Bog'liq
2222. Солиқ дарслиги 364 bet

1.7. Iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar ustidan soliq organlarining nazorati

O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjeti daromadlarini shakllanishida Davlat soliq xizmati organlari muhim ahamiyat kasb etadi.


Davlat soliq xizmati organlarining asosiy vazifalaridan biri soliq to‘lovchilar va soliq obyektlarini nazorat qilish bo‘lsa, yana bir vazifasi – bu davlat byudjetiga hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq hajmda tushushini ta’minlashdir.
Hozirgi kunda mamlakatimizda soliq to‘lovchilarning byudjet oldidagi majburiyatlarini to‘liq bajarilishini nazorat qilish hamda ular faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining muhim vazifalaridan hisoblanadi. Soliq nazorati yildan-yilga takomillashib, tartibga solinib borilmoqda.
Soliq kodeksiga muvofiq, soliq nazorati – vakolatli organlarning soliq to‘lovchilar va soliq agentlari tomonidan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazorat qilishga doir faoliyatidir.
Soliq, bojxona organlari va boshqa vakolatli organlar, prokuratura organlari hamda tergov organlari soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishlari, o‘zlari olib borayotgan soliq tekshiruvlari haqidagi o‘zida mavjud materiallar to‘g‘risida bir-birini xabardor qiladi. Shuningdek, mazkur organlar o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida boshqa zarur axborot bilan almashishni amalga oshiradi. Bunday xabardor qilish tartibi mazkur organlar o‘rtasidagi kelishuvlar bilan belgilanadi.
Bundan tashqari, auditorlik tashkilotlari, soliq maslahatchilari tashkilotlari, moliyaviy xizmat ko‘rsatuvchi konsalting firmalari ham soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘g‘ri va to‘liq hisoblanishi bo‘yicha yuridik shaxslarga xulosa, maslahat, ko‘rsatma berib boradilar.
Soliq tizimining asosiy va ajralmas qismlaridan biri bu – soliq nazorati bo‘lgani uchun so‘nggi yillarda respublikamizda soliq nazoratiga jiddiy e’tibor berilmoqda.
Soliq kodeksining 136-moddasiga muvofiq, soliq organlari soliq nazoratini:
1) soliq tekshiruvlari;
2) soliq monitoringi shaklida amalga oshiradi.
Soliq organlari soliq tekshiruvlarining quyidagi turlarini o‘tkazadi:
1) kameral soliq tekshiruvi;
2) sayyor soliq tekshiruvi;
3) soliq auditi.
Tekshirishlar sonining qisqartirilishi natijasida soliq to‘lovchilarning soliq qonunchiligiga to‘liq rioya qilishda soliq nazoratining saralash shakllaridan biri – kameral nazoratning ahamiyati yanada oshib boradi.
Kameral soliq tekshiruvi soliq to‘lovchi (soliq agenti) tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotini, moliyaviy hisobotni, shuningdek, soliq to‘lovchining faoliyati to‘g‘risida soliq organida mavjud bo‘lgan boshqa hujjatlar hamda ma’lumotlarni tahlil qilish asosida soliq organi tomonidan o‘tkaziladi.
Soliq to‘lovchilarning soliqlar va yig‘imlarni hisoblab chiqarish hamda to‘lash sohasidagi ayrim majburiyatlarini, shuningdek, soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa majburiyatlarini bajarilishini tekshirish sayyor soliq tekshiruvidir.
Sayyor soliq tekshiruvi chog‘ida hisobga olish hujjatlarining, tovar-moddiy qimmatliklar va pul mablag‘lari harakatining, shuningdek, soliq to‘lovchining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa axborotning tahlili o‘tkaziladi. Sayyor soliq tekshiruvi o‘n kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda o‘tkaziladi.
Muayyan davr uchun soliqlar va yig‘imlarni hisoblab chiqarish hamda to‘lashning to‘g‘riligini tekshirish soliq auditidir.
Soliq auditi soliq to‘lovchilarning (soliq agentlarining) yuqori darajadagi tavakkalchilik toifasiga mansub soliq to‘lovchiga (soliq agentiga) nisbatan o‘tkaziladi.
Soliq organlari soliq auditi o‘tkazilishi boshlanishidan kamida o‘ttiz kalendar kun oldin soliq to‘lovchiga soliq auditi o‘tkazilishi to‘g‘risida xabarnoma yuboradi.
Rivojlangan davlatlar tajribasidan ma’lumki, tegishli organlar soliq to‘lovchilarni kameral nazorat orqali yoki soliq auditi orqali nazorat qilib boradilar, jiddiy qoidabuzarliklar yoki tafovutlar aniqlangan holatlardagina soliq hujjatli tekshiruvlari o‘tkaziladi. Bu esa soliq to‘lovchilarning faoliyatiga noqonuniy aralashuvlar va turli to‘sqinliklarni oldini oladi.
Samarali soliq tekshiruvlarini amalga oshirishda kameral nazorat katta o‘rin tutadi. Birinchidan, soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan moliyaviy va soliq hisoboti, shuningdek, soliq to‘lovchining faoliyati to‘g‘risida davlat soliq xizmati organidagi mavjud boshqa hujjatlar o‘rganiladi hamda tahlil qilinadi, ma’lumotlarning ishonchliligiga baho beriladi, ikkinchidan, kameral tekshiruv natijasida soliq to‘lovchilarning soliq qonunchiligiga rioya etmasliklari hamda taqdim etilgan ma’lumotlarning ishonchsizligi aniqlangan holatlardagina hujjatli tekshiruv o‘tkaziladigan soliq to‘lovchilar aniqlanadi. Bu esa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyatiga ortiqcha aralashmaslikka zamin yaratadi.
Quyidagilar soliq monitoringining predmetidir: soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etish, o‘ziga nisbatan soliq monitoringi o‘tkazilayotgan yuridik shaxs tomonidan soliqlar va yig‘imlarni hisoblashning to‘g‘riligi, to‘liq va o‘z vaqtida to‘langanligi (o‘tkazib berilganligi).
Soliq to‘lovchilar uchun soliq monitoringi ixtiyoriydir.
Yuridik shaxs, agar uning oldingi yil uchun daromadlari yillik moliyaviy hisobot ma’lumotlariga ko‘ra kamida o‘n milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza bilan soliq organiga murojaat qilishga haqli.
Soliq monitoringini o‘tkazish soliq monitoringi o‘tkaziladigan yilning
1 yanvaridan boshlanadi va soliq monitoringi o‘tkazilgan davrdan keyingi yilning 1 iyulida tugallanadi.
Hozirgi kunda soliq to‘lovchi tomonidan internet tarmog‘i orqali taqdim etilayotgan hisobotlar kameral tekshiruv o‘tkazish uchun birmuncha qulayliklarni keltirib chiqaradi, birinchidan, soliq to‘lovchi ma’lum rekvizitlarni to‘ldirmasa, hisobot yuborilmaydi, ikkinchidan, ma’lumotlar kiritilsa, arifmetik hisob mustaqil bajariladi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, kameral nazoratning ahamiyati shundaki, u soliq to‘lovchilarning faoliyatiga asossiz aralashish holatlarini oldini oladi, byudjet va davlat maqsadli jamg‘armalariga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni qo‘shimcha tushirishga hamda samarali soliq tekshiruvlarini tashkil etishga xizmat qiladi. Shundan kelib chiqqan holda kameral tekshiruv o‘tkazish metodologiyasi takomillashtirilib, yangilanib borilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.



Download 3.38 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   122




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling