J. R. Zaynalov, S. S. Aliyeva, Z. O


O‘zbekistonda to‘g‘ri va egri soliqlar tarkibi


Download 3.38 Mb.
bet9/122
Sana03.06.2024
Hajmi3.38 Mb.
#1842083
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   122
Bog'liq
2222. Солиқ дарслиги 364 bet

O‘zbekistonda to‘g‘ri va egri soliqlar tarkibi

To‘g‘ri soliqlar

Egri soliqlar

  1.  Foyda solig‘i

  2.  Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i

  3.  Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq

  4.  Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq

  5.  Mol-mulk solig‘i

  6.  Yer solig‘i

  7.  Ijtimoiy soliq

        1. Qo‘shilgan qiymat solig‘i

        2. Aksiz solig‘i

        3. Bojxona boji

Yagona davlat byudjeti daromadlari tarkibida ularning salmog‘i yuqoridagi ma’lumotlar bilan ifodalanadi.


1.3-jadval
Bevosita soliqlar hajmi tendensiyasi va tarkibi15, mlrd. so‘m

t/r

Ko‘rsatkichlar

2016- yil

2017- yil

2018- yil

2019- yil

2020-yil (prognoz)




Bevosita soliqlar

9852,8

11539,4

15656,2

31676,8

40719,0

1



Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i

1215,1

1475,5

3502,2

16360,6

22051,1

2



Savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari uchun yagona soliq to‘lovidan Davlat byudjetiga ajratmalar

1515,3

1707,5

2108,5

-

-

3



Yagona soliq to‘lovidan Davlat byudjetiga ajratmalar, shu jumladan, mikrofirmalar va kichik korxonalardan ajratmalar

1440,8

1751,7

2597,9

1988,7

2599,9

4

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i

4137,4

4876,4

6422,7

12668,5

16068,0

5

Tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bo‘yicha qat’iy belgilangan soliq

822,3

1042,8

1024,8

658,9

-

6

Obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i

721,9

685,5

-

-

-

Ko‘pgina olimlar tadqiqotlarida to‘g‘ri va egri soliqlarning ijobiy va salbiy jihatlarini keltirib o‘tishgan. Xususan, I.S. Ilovayskiy to‘g‘ri soliqlar rivojlangan davlatlarda iqtisodiy jarayonlarni tartibga solishdagi asosiy moliyaviy dastagi, deya ta’kidlaydi16. G.D. Chernik egri soliqlarning yashirin xususiyatini ijobiy jihat sifatida ta’riflab, “xarajatlarga solinadigan soliqlar doimiy va sezilmasdan undurilganligi sababli eng kam malol keltiradi”, deb ta’kidlaydi.17 V.Samofalov esa faqatgina qoloq va qaram davlatlar holatida egri soliqlarning yashirin xususiyatidagi ijobiy jihatni ko‘rish mumkinligini aytadi.18 Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish kerakki, to‘g‘ri va egri soliqlarning ijobiy yoki salbiy jihatlarini tasniflash bizningcha ancha munozarali masala.
1.4-jadval
Bilvosita soliqlar hajmi tendensiyasi va tarkibi,19 (mlrd. so‘m)

t/r

Ko‘rsatkichlar

2017-yil

2018- yil

2019- yil

2020-yil (prognoz)




Bilvosita soliqlar

26133,2

41280,4

46428,5

58244,2

1

Qo‘shilgan qiymat solig‘i

14685,8

27876,5

33809,8

44193,2

2

Aksiz solig‘i

7449,2

9702,2

10316,0

11339,0

3

Bojxona boji

1707,4

1826,4

2302,7

2712,0

4

Transport vositalariga benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq

1784,5

1543,9

-

-

5

Abonent raqamlaridan foydalanganlik uchun soliq

506,4

331,3

-

-

Yuqoridagi ma’lumotlar tahlil qilinganda yuridik shaxslar soliqlari va boshqa to‘lovlari byudjet daromadlarining asosiy qismini tashkil etishi ko‘rinadi. Bu soliqlar davlat byudjeti xarajatlarini moliyalashtirishda mustahkamlikni, uzviylikni ta’minlaydi. Bu soliqlarsiz byudjetni rejali moliyalashtirishning iloji yo‘qdir. Shuning uchun ularning ahamiyati byudjet daromadlarini shakllantirishda beqiyosdir.


Agar bir davlatda ayrim soliqlar harakati jarayoni: ma’lum bir respublika va mahalliy byudjetga biriktirilgan bo‘lsa, ayrimlari esa, byudjetlarni tartibga solib turadigan soliqlarga bo‘linadi.
Respublikamizda asosan soliqlar byudjet tizimi daromadlarini shakllantiradi. Davlat byudjeti tizimi mamlakatning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy hamda ma’naviy hayotini moliyaviy mablag‘ bilan ta’minlaydi va bu O‘zbekiston Respublikasining byudjet tizimida umumrespublika byudjetining yetakchi bo‘g‘inidir. U umumdavlat resurslarining bir qismi bevosita davlat hokimiyatining ijro etuvchi va farmoyish beruvchi oliy organi – O‘zbekiston Respublikasi hukumatida markazlashuvni ta’minlaydi. Markazlashgan resurslar umumdavlat ahamiyatiga molik bo‘lgan, umuman olganda jamiyat manfaatlarini ifodalaydigan tadbirlarni (xalq xo‘jaligi ahamiyatidagi qurilishlarni, eng muhim ijtimoiy tadbirlarni, mudofaa, boshqaruv, davlatning tashqi iqtisodiy aloqalari, davlatning moddiy va moliyaviy zaxiralarini) mablag‘ bilan ta’minlashga ishlatiladi. Umumrespublika byudjeti orqali milliy daromadni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahriga taqsimlash va qayta taqsimlash jarayoni izga solib turiladi. Davlat umumrespublika byudjetidan davlat byudjetining bu bo‘g‘ini ijrosi yuzasidan respublikadagi hamma ishlarni muvofiqlashtirish uchun foydalanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining byudjeti pul mablag‘larini respublikaning tegishli davlat hokimiyati va boshqaruv organlari amalga oshiradigan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish tadbirlarini moliyalashtirish uchun markazlashtiradi.
Mahalliy byudjetlar O‘zbekiston Respublikasi byudjet tizimining muhim tarkibiy qismini tashkil etadi. Ular davlat hokimiyatining har bir mahalliy organi o‘z faoliyatini amalga oshirishi uchun uning ixtiyorida aniq moliyaviy baza yaratadi. Mahalliy byudjetlar tizimi mahalliy talab-ehtiyojlarni to‘laroq hisobga olish hamda davlat tomonidan markazlashgan tartibda amalga oshiriladigan tadbirlar bilan to‘g‘ri olib borish imkonini beradi, mahalliy hokimiyat organlari mahalliy byudjet daromadlarining ko‘payishi va resurslarning tejamkorlik bilan sarflanishi to‘g‘risida tinmay g‘amxo‘rlik qiladi, chunki joylarda iqtisodiyot va madaniyatning yuksalish sur’atlari to‘g‘ridan to‘g‘ri mahalliy xo‘jalik zaxiralarini safarbar qilish, mablag‘larni tejab ishlatish borasidagi ishlarni tashkil etish bilan bog‘liq bo‘ladi, bu esa o‘z navbatida umuman O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjetining muvaffaqiyatli bajarilishiga yordam beradi. Mahalliy byudjetlardan uy-joy-kommunal xo‘jaligi va obodonlashtirish, maorif va sog‘liqni saqlash muassasalari (maktablar, kasalxonalar, maktabgacha tarbiya muassasalari va boshqalar), ijtimoiy ta’minot sohasidagi tadbirlar mablag‘ bilan ta’minlanadi.
Respublikamizda soliqlar byudjet tizimi daromadlarini shakllantirilishiga qarab asosan ikki guruhga bo‘linadi:
O‘zbekiston Respublikasi Byudjet Kodeksining 51-moddasiga muvofiq umumdavlat soliqlariga quyidagilar kiradi:

  • yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i;

  • yagona soliq to‘lovi;

  • jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;

  • qo‘shilgan qiymat solig‘i;

  • aksiz solig‘i;

  • yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq.

Umumdavlat soliqlari har yili qonuniy tartibda belgilanadigan normativlar bo‘yicha tegishli byudjetlar o‘rtasida taqsimlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Byudjet Kodeksining 52-moddasiga muvofiq mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarga quyidagilar kiradi:

  • mol-mulk solig‘i;

  • yer solig‘i;

  • ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish huquqi va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish uchun yig‘im.

Umumdavlat soliqlari asosan respublika byudjeti daromadlarini shakllantirishga qaratilgan bo‘lsa, mahalliy soliqlar va yig‘imlar mahalliy byudjetlar daromadlarini shakllantiradi.
Soliqlarning respublika va mahalliy byudjetlar o‘rtasida taqsimlanishi ular daromad manbaini shakllantirishdagi bir qator muammolarni vujudga keltiradi. Bularning asosiylaridan biri byudjetlarni moliyalashtirish yuzasidan soliqlarning byudjetlararo taqsimlanish tartibi mezonlarini belgilash muammosidir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida mahalliy soliqlar va yig‘imlar soliq Kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
Soliq munosabatlari mavjud bo‘lishining asosiy shartlaridan biri davlatning mavjudligi bo‘lsa, ikkinchi sharti bo‘lib soliqlarni to‘lashga qobil bo‘lgan soliq to‘lovchilarning mavjudligidir. O‘zbekiston soliqlar tizimi manbaiga qarab soliqlar yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan soliqlarga ajratiladi.
Soliq solish maqsadida yuridik shaxslar deganda mulkida, xo‘jalik yuritishi yoki tezkor boshqaruvida mol-mulki bo‘lgan va o‘z majburiyatlari bo‘yicha ushbu mol-mulk bilan javob beradigan, shuningdek, mustaqil balansga va hisob-kitob varag‘iga ega bo‘lgan alohida bo‘linmalar ham tushuniladi.
Yuridik shaxslardan olinadigan soliqlarga hamma egri soliqlar, korxona daromadiga soliq, yerosti boyliklaridan foydalanganlik uchun, suv resurslaridan foydalanganlik uchun, savdo tashkilotlarini yalpi daromad solig‘i, yer solig‘i, mol-mulk solig‘i, kichik biznes uchun yagona soliq va boshqalar kiradi. Ba’zi soliqlarni (QQS, aksiz) yuridik shaxslar ham jismoniy shaxslar ham to‘laydilar. Jismoniy shaxslar to‘laydigan soliqlarga daromad soligʻi, yer va mol-mulk soliqlari kiradi. Huquqiy shaxslardan olinadigan soliqlar davlat byudjeti daromadlarining hal qiluvchi qismini tashkil etadi. Bu soliqlarning muhim xususiyati naqd pulsiz shaklda korxonalar hisob (joriy) hisobraqamlaridan byudjet hisobraqamlariga ko‘chirib qo‘yiladi. Uni undirish oson va arzonga tushadi. Jismoniy shaxslardan olinadigan ba’zi soliqlar naqd pulda undirilganligi uchun uni to‘lash qiyin kechadi. Bunday soliqlarga yer, mol-mulk soliqlari va qator yig‘imlar kiradi. Soliq yig‘ish xarajati ko‘payib ketadi. Chunki bu ish bilan maxsus tajribaga ega bo‘lgan inspektorlar shug‘ullanadi, hujjatlar (deklaratsiya, xabarnomalar, chaqiriqlar va boshqalar) ko‘p yoziladi.
Jismoniy shaxslar soliqlari ichida eng yirigi fuqarolarning jami daromadiga solinadigan soliqdir. Bu soliq orqali fuqarolarning guruhlari daromadlarini boshqarib borish imkoniyati yaratiladi.
Ilgari aytganimizdek, yuridik shaxslarning byudjetlarga to‘laydigan soliqlari to‘g‘ri va egri soliqlarga bo‘linadi.
To‘g‘ri soliqlar daromad (foyda) soliqlari va resurslar soliqlaridan tashkil topadi. Egri soliqlar esa qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i, bojxona bojidan iboratdir. Yuridik shaxslarning bu soliqlari byudjet daromadlarini asosiy qismini tashkil etishi quyidagi 1.3-1.4-jadvallar ma’lumotlarida ko‘rinadi.
Yuridik shaxslar soliqlari pul muomalasini mustahkamlashda ham katta ahamiyatga ega. To‘g‘ri soliqlar yuridik shaxslarning xarajatlarga mo‘ljallangan mablag‘larini qisqartirib muomalaga oz pullarni chiqarishga olib keladi. Egri soliqlar esa tovarlar (ishlar, xizmatlar) tarkibida bo‘lib, baho hisobiga muomaladagi ortiqcha pullarni muomaladan oladi. Shunday qilib soliqlar pul muomalasini mustahkamlashda katta ahamiyatga ega bo‘ladi.
Soliqlarning oshishi tovar (xizmat, ish) taklifini oshiradi, talabni kamaytiradi. Bu esa pul emissiyasini kamaytiradi. Ammo taklifda real qiymati past bo‘lganligi bois inflyatsiyani paydo qilishi mumkin.
Yuridik shaxslar o‘zlariga yuklatilgan soliqlarni hisoblash va byudjetga o‘z vaqtida, to‘liq to‘lash javobgarligini olganlar. Ularning to‘laydigan soliqlari asosan naqd pulsiz, ya’ni korxona, tashkilot, birlashmaning bankdagi hisob schyotlaridan mablag‘ni ko‘chirib, respublika yoki mahalliy byudjet schyotlariga o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Qoida bo‘yicha har qanday yuridik shaxs o‘zi toʻlaydigan soligʻi va boshqa majburiy to‘lovlarini belgilangan vaqtda byudjetga to‘liq o‘tkazishga majburdir. Buning uchun ular soliq va boshqa to‘lovlarning muddati kelgan kungacha pullarni o‘tkazish hujjatlari bo‘lmish to‘lov topshirig‘i, cheklarni yozib banklarga topshirgan bo‘lishlari kerak.
Agar to‘lov topshiriqlari o‘z muddatida yozilib banklarga topshirilmagan bo‘lsa soliq idoralari o‘zlarining inkasso-to‘lov talabnomalari orqali undirib oladilar. Har bir o‘z vaqtida byudjetga o‘tkazilmagan kun uchun o‘tkazilishi kerak bo‘lgan soliq summasi hisobidan 0,05% penya hisoblanib soliqqa qo‘shimcha ravishda byudjetga majburiy undiriladi. Albatta penya summasining ko‘payishi korxonaning moliyaviy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shuning uchun har qanday xo‘jalik subyektlari hisobchilari soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni ularda belgilangan to‘lov muddatigacha o‘z vaqtida to‘lab borishlari shart. Bunda ayniqsa bo‘nak (avans) to‘lovlarga ko‘proq e’tibor qaratilishi lozim, chunki QQS, daromadga (foydaga) soliq va boshqalarda bo‘nak to‘lovlar soni ko‘p bo‘lganligidan boqimandaning ko‘payishiga olib keladi. Hozirgi kunda bu boqimanda bilan kurash iqtisodiyotni barqarorlashtirishda muhim davlat tadbirlariga aylanmoqda.
Yuridik shaxslarning hamma soliqlari naqd pulsiz to‘lanadi. Biroq, ayrim yig‘imlar (davlat va bojxona bojlari) naqd pulli bo‘lishi mumkin. Yuridik shaxslar soliqlarini naqd pulsiz to‘lanishi juda katta iqtisodiy ahamiyatga ega. Pul o‘tkazishlar tezlashadi, ijtimoiy xarajatlar tejaladi.
Jismoniy shaxslar deganda O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tushuniladi. Moliya yilida soliq solinadigan daromad, mol-mulk, yer, maydoni, transport vositalari va shu kabi boshqa predmetlarga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar ularga belgilangan soliqlarni to‘laydilar.
O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan yoki moliya yilida boshlanadigan yoxud tugaydigan o‘n ikki oygacha bo‘lgan istalgan davr mobaynida 183 kun yoki undan ko‘proq muddatda O‘zbekistonda turgan jismoniy shaxs O‘zbekiston Respublikasining rezidenti deb qaraladi. O‘zbekiston Respublikasining rezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslarga ularning O‘zbekiston Respublikasidagi, shuningdek, undan tashqaridagi faoliyati manbalaridan olingan daromadlari bo‘yicha soliq solinsa, O‘zbekiston Respublikasining rezidenti bo‘lmagan jismoniy shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi hududidagi faoliyatdan olingan daromadlar bo‘yicha soliq solinadi.
Umuman olganda mamlakatimiz soliq qonunchiligidan kelib chiqib soliqqa tortish nuqtayi nazaridan yuridik shaxslarni shartli ravishda quyidagicha guruhlashimiz mumkin:

  • umumiy tartibda soliq to‘lovchi yuridik shaxslar;

  • mikrofirmalar va kichik korxonalar;

  • qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari;

  • savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari;

  • lotoreyalar, totalizatorlar va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar o‘tkazishga ixtisoslashgan yuridik shaxslar;

  • tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar.

Umuman soliq to‘lovchi yuridik shaxslar quyidagi soliqlarni to‘laydi:

    • Foyda solig‘i;

    • Qo‘shilgan qiymat solig‘i;

    • Aksiz solig‘i;

    • Mol-mulk solig‘i;

    • Yer solig‘i;

    • Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq;

    • Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;

    • Ijtimoiy soliq.

Soliq to‘lovchilarning ayrim toifalari uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida quyidagi maxsus soliq rejimlari belgilanadi:
1) aylanmadan olinadigan soliq;
2) mahsulot taqsimotiga oid bitimlar ishtirokchilariga soliq solishning alohida tartibi;
3) maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga va ayrim toifadagi soliq to‘lovchilarga soliq solishning alohida tartibi. Shuningdek, yuqoridagi barcha yuridik shaxslar quyidagi yig‘imlar, bojlar va boshqa majburiy to‘lovlarni ham to‘laydilar:

  • Bojxona to‘lovlari (bojxona bojlari va yig‘imlari, aksiz solig‘i va tovarlarni import qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘i);

  • Davlat bojlari;

  • Tovarlarning ayrim turlari bilan savdo qilish huquqi uchun yig‘imlar;

  • Ro‘yxatga olganlik uchun yig‘im.

Jismoniy shaxslar to‘laydigan soliqlar va yig‘imlar tarkibi quyidagilardan iborat:

  • Jismoniy shaxslarning daromadiga solinadigan soliq;

  • Mol-mulk solig‘i;

  • Yer solig‘i;

  • Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;

  • Yerosti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliq;

  • Yagona bojxona to‘lovi (import boji, qo‘shilgan qiymat solig‘i va yig‘im o‘rniga joriy etilgan);

  • Import uchun aksiz solig‘i;

  • Davlat boji;

  • Tovarlarning ayrim turlari bilan savdo qilish huquqi uchun yig‘imlar;

  • Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslarni ro‘yxatga olganlik uchun yig‘im.

Yuqorida qayd etilganlardan xulosa qilib aytishimiz mumkinki, mamlakatimiz soliq qonunchiligiga muvofiq soliq to‘lovchilar ikki katta guruhga, ya’ni yuridik va jismoniy shaxslar guruhiga bo‘linadi va ularning faoliyat ko‘rsatish xususiyatidan kelib chiqib yana tarkibiy qismlarga ajratish mumkin. Respublikamiz davlat byudjeti daromadlarini shakllantirishda yuridik shaxslar to‘laydigan soliqlar katta ahamiyatga egaligini yuqoridagi ma’lumotlardan bevosita ko‘rishimiz mumkin.



Download 3.38 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   122




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling