Jinoyatchi shaxsi tushunchasi
Download 41.61 Kb.
|
Jinoyatchi shaxsining ajratib turuvchi omillar.
- Bu sahifa navigatsiya:
- Jinoyatchi shaxsi
«Jinoyatchi» tushunchasi kriminologiya nuqtai nazaridan bir muncha keng mazmunga egaligiga e’tibor qaratish lozim. Kriminologiya nuqtai nazaridan «jinoyatchi» tushunchasi o‘z ichiga mahkum (qonunan kuchga kirgan sud hukmi asosida jazoni o‘tayotgan shaxs)ni ham, jinoiy qilmish sodir etgan shaxsni ham, jinoiy qilmish sodir etib, qonun asosida javobgarlikdan ozod qilingan shaxsni ham qamrab oladi.
Jinoyatchi o‘ziga xos xususiyatlarga ega shaxs bo‘lib, qonunga itoat etuvchi fuqarolardan farq qiladi. Kriminologik tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, jinoyat qonunchiligini buzuvchi shaxslarga xos bo‘lgan hayotiy ehtiyoj, qiziqish, ma’naviy va huquqiy dunyoqarash oddiy odamlarnikidan farq qiladi. Jinoyatchi shaxs – jamiyatda yashash jarayonida belgilangan me’yoriy tizim talablariga mos bo‘lmagan ong va xatti-harakatlarni o‘zida mujassamlashtirgan odam. Umuman olganda, jinoyatchi jamiyat a’zosiga xos bo‘lgan odamiylik belgilariga mos kelmagan xatti-harakatlari bilan ajralib turadi. Jinoyatchi shaxsi – bu shaxsning ijtimoiy xavfli mohiyatini namoyon qiluvchi rivojlanishda va u yoki bu darajada jinoyat sodir qilishini belgilovchi ijtimoiy, shaxsiy, hayotiy sharoitlari bilan uzviy bog‘liqlikda olingan, uning murakkab kompleks belgilarini, aloqalari, munosabatlari, ma’naviy va ruhiy dunyosini ta’riflovchi keng va katta hajmli tushuncha. Inson qanday salbiy xususiyatlar xos bo‘lishidan qat’i nazar, u jinoyat sodir etmagunicha uni jinoyatchi shaxs deb hisoblash mumkin emas. Shuning uchun jinoyatchi shaxsi haqida qaysi davrdan boshlab, qaysi davrgacha gapirish mumkinligini aniqlash talab etiladi. Shaxsning jinoyat sodir etishini belgilab beruvchi shaxsiy xususiyati va sifatlari jinoyat sodir etish vaqtida birdaniga paydo bo‘lmasdan, balki individning o‘tgan hayoti va ijtimoiy amaliyoti jarayonida asta-sekin shakllanadi. Shaxsning jinoyat sodir etishini taqozo qiluvchi shaxsiy xususiyati va sifatlari, ijtimoiy xavfliligi jinoyat sodir etishi bilan birdaniga yo‘qolmay, shaxs hayotidagi jinoyat sodir etgandan keyingi voqea va holatlar, asosan jinoyatni tergov qilish, sudda ko‘rib chiqish, jazo belgilash, jazoni o‘tash jinoyatchi shaxsiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi, uning xulqini u yoki bu darajada o‘zgartiradi. Jinoiy-huquqiy nuqtai nazardan, jinoyatchi shaxsi haqida shaxs sud tomonidan jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilgan vaqtdan boshlab, uning sudlanganlik holati tugallangan (olib tashlangan) vaqtgacha gapirish mumkin. Kriminologiya nuqtai nazaridan yondashganda shuni ta’kidlash joizki, g‘ayriijtimoiylik shaxsda jinoyat sodir etishgacha shakllanadi va ayrim hollarda shaxsning sudlanganlik holati tugallangan (olib tashlangan) vaqtdan keyin ham saqlanib qoladi, hatto mustahkamlanib boradi. Shuning uchun ham jinoyatchi shaxsi tushunchasi kriminologiyada faqatgina shaxsning jinoyatni sodir etish holati bilan bog‘liq bo‘lgan xususiyatlarini ko‘rsatib berish bilan cheklanmaydi, balki jinoyat sodir etishgacha unda mavjud bo‘lgan va sodir etgandan so‘ng saqlanib qolgan g‘ayriijtimoiy xususiyatlari va belgilarini ham o‘z ichiga oladi. Chunki, kriminologiya nafaqat jinoyat sodir etgan shaxslarni, balki turmush yuritish tarzi, qarashlari, ijtimoiy xavfliligi va yo‘nalishlari jinoiy yo‘lga kirishini ko‘rsatib turuvchi shaxslar toifasini ham o‘rganadi. Bundan tashqari, kriminologiya mavzusiga surunkali ichkilikbozlik, giyohvandlik kasaliga mubtalo bo‘lgan, darbadarlikni, tekinxo‘rlikni kasb qilib olgan jinoyat hisoblanmaydigan huquqbuzarliklarni muntazam sodir qiluvchilar toifasidagi shaxslar ham kiradi. Demak, kriminologik izlanishlar sohasiga jinoyat sodir qilgan shaxslar toifasi bilan bir vaqtda jinoyat sodir etishi mumkin bo‘lgan shaxslar toifasi ham kiradi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: jinoyatchi shaxsi tushunchasi jinoyat sodir qilgan muayyan shaxs xususiyati va belgilarini ifodalaydimi yoki jinoyat sodir qilgan barcha shaxslarga xos xususiyat va belgilarni o‘zida aks ettiradimi? Jinoyatchi shaxs tushunchasi jinoyat sodir qilgan barcha shaxslarga xos xususiyat va belgilarni o‘zida mujassamlashtiradi. Biroq, shuni qayd etish joizki, kriminologiya muayyan jinoyatni sodir qilgan shaxslarning xususiyat va belgilarini o‘rganish asosidagina jinoyatchi shaxsi tushunchasining ta’rifini ishlab chiqadi. Jinoyatchi shaxsini kriminologik o‘rganish dialektikaning umumiylik, xususiylik va alohidalik kategoriyalariga mos holda uchta asosiy darajada amalga oshiriladi. Birinchi darajada jinoyatchi shaxsining umumiy tushunchasi, uning asosiy belgilari va xususiyatlari; ikkinchi darajada alohida toifadagi jinoyatchilar; uchinchi darajada muayyan jinoyatchi o‘rganiladi. Jinoyatchi shaxsi uchinchi darajada o‘rganilganda birinchi va ikkinchi darajada o‘rganilganiga qaraganda juda boy ma’lumotlar olinadi, ya’ni muayyan jinoyatni sodir etgan shaxsga xos bo‘lgan barcha xususiyat va belgilar batafsil aniqlanadi. Muayyan jinoyatni sodir qilgan shaxsni o‘rganish bevosita surishtiruv, tergov, sud tergovi va jazoni ijro etish jarayonida amalga oshiriladi. Ikkinchi darajada jinoyatchi shaxslarni o‘rganishda esa uchinchi darajadagiga o‘xshab har bir jinoyatchiga xos bo‘lgan barcha individual xususiyat va belgilar aniqlanmasdan, balki ularning ma’lum toifalariga yoki ma’lum bir turdagi jinoyatni sodir qilgan shaxslarga xos bo‘lgan tipik belgi va xususiyatlar o‘rganiladi va uning asosida ta’rif beriladi. Birinchi darajada esa umuman barcha jinoyat sodir etgan shaxslarga xos bo‘lgan umumiy belgi va xususiyatlar o‘rganiladi va ular asosida jinoyatchi shaxsi tushunchasiga ta’rif beriladi. Jinoyatchi shaxsini kriminologik o‘rganishning uchta darajasi ham muhim ahamiyatga ega. Agar jinoyatchi shaxsini birinchi darajada o‘rganish umuman jinoyatchilikning oldini olish vazifalarini hal qilishga xizmat qilsa, ikkinchi darajada o‘rganish esa alohida turdagi jinoyatlarning, ma’lum bir toifadagi shaxslar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olishga, uchinchi darajada o‘rganish esa muayyan shaxs tomonidan jinoyat sodir qilishning oldini olish chora-tadbirlarini ishlab chiqishga yordam beradi. Jinoyatchi shaxsini kriminologiyadan tashqari, kriminalistika, jinoyat huquqi, jinoyat protsessi, jinoyat-ijroiya huquqi, yuridik psixologiya, sud psixiatriyasi va boshqa fanlar ham turli nuqtai nazardan o‘rganadi. Kriminologiya jinoyatchilikka qarshi kurashda bu fanlarning yutuqlaridan foydalangan holda jinoyatchi shaxsini o‘rgansa ham, lekin uni faqat o‘z predmeti doirasidagina amalga oshiradi. Jinoyatchi shaxsini tergov qilish, jazo tayinlash, jazoning ijrosini ta’minlash bilan bog‘liq masalalarni kriminologiya o‘rganmaydi. Lekin kriminologik izlanishlar natijasida olingan jinoyatchi shaxsi haqidagi ma’lumotlar jinoyat huquqi, jinoyat protsessi, kriminalistika, jinoyat-ijroiya huquqi va boshqa maxsus fanlar uchun ham muhim ahamiyatga egadir. Kriminologiya esa o‘z vaqtida tergov, sud va jazoni o‘tash jarayonida jinoyatchi shaxsi haqida yig‘ilgan ma’lumotlar asosida uni o‘rganadi. Jinoyatchi shaxsini o‘rganishda kriminologiya uchun eng muhimi muhit yoki muayyan kriminogen vaziyat bilan aloqada jinoyat sodir etishni taqozo qilgan jinoyatchi shaxsida mavjud bo‘lgan g‘ayriijtimoiy xususiyatlar, o‘ziga xos xislatlarning kelib chiqishi va mohiyati, shakllanish manbai, yo‘li, shakli va jarayonidir. Jinoyatchi shaxsini shunday yo‘nalishda va darajada o‘rganish asosidagina jinoyatchilikning sabab va sharoitlarini aniqlash, ularni bartaraf etish, kuchsizlantirish, harakatiga to‘sqinlik qilish uchun profilaktik choratadbirlarni ishlab chiqish mumkin. Shaxsda jinoiy xatti-harakatlarni yuzaga keltiruvchi, jamiyat manfaatlariga yot bo‘lgan qarashlar, ko‘nikmalar, odatlar va moyilliklar, o‘z mohiyatiga ko‘ra o‘zgacha tus olgan salbiy ehtiyojlar, ularning qasdi va maqsadlarini atroflicha tahlil etish katta ahamiyatga egadir. Shu orqali jinoyatchining shaxsida mavjud bo‘lgan salbiy ijtimoiy munosabatlarni aniqlash imkoniyati yuzaga kelishi mumkin. Jinoyatchi shaxsining tuzilishi nafaqat uni tashkil qiluvchi belgilarning turli ekanligini, balki ularning xususiyatlarini, jinoiy xatti-harakatlar kelib chiqishida tutgan o‘rnini, o‘zaro aloqasi va uzviy bog‘liqligini ko‘rsatadi. Jinoyatchi shaxsi – jinoyat sodir qilgan shaxsni ta’riflovchi, jinoyat sodir qilishini taqozo qilgan, ijtimoiy ahamiyatga ega xususiyatlari, xislatlari, belgilari, aloqalari va munosabatlarining yig‘indisi. Download 41.61 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling